Arxiv hujjatlarini fondlashtirish arxivlarni arxiv hujjatlari bilan jamlash va hisobini yuritishning eng muhim bosqichi hisoblanadi. Maqolada fondlashtirish ishlarining to‘g‘ri tashkil etilishi arxivlarda saqlanadigan hujjatlarning kelgusida mukammal qidiruv tizimiga ega bo‘lishiga va ushbu jarayon inson omiliga bog‘lanib qolmasligiga xizmat qilishi haqida so‘z yuritilgan. Xususan, Yangi O‘zbekistonda davom ettirilayotgan jadal islohotlar natijasida vazirlik, idoralar va tashkilotlarning bo‘ysinuvi, mavqei va mulkchilik shakllari o‘zgarishi natijasida arxiv hujjatlarini fondlashtirish ishlarini takomillashtirilgan va soddalashtirilgan uslublari haqida to‘xtalib o‘tilgan. Ushbu borada arxiv mutaxassislarining asosiy vazifalaridan biri bo‘lgan barcha davlat arxivlarida arxiv hujjatlarini fondlashtirishni yagona uslubiyat asosida olib borilishiga xizmat qiladigan namunaviy ko‘rsatma berilgan.
Kalit so‘zlar: arxiv hujjatlari, fondlashtirish, hisobini yuritish, islohotlar, qidiruv tizimi, soddalashtirish, takomillashtirish, uslublar.
The funding of archival documents is an essential step in the formation and maintenance of records with archival documents. The article discusses how the foundation’s efforts will ensure that in the future, archives will have an excellent search system that is not dependent on human factors. The main objective was to streamline and improve methods of document archiving due to changes in the subordination, status, and ownership of ministries, departments, and organizations due to accelerated reforms in the new Uzbekistan. The Model Instruction was created to ensure that archivists use a common methodology to compile archival documents in government archives, which is one of their primary responsibilities.
Keywords: archival documents, funding, maintenance, reforms, search system, streamline, improve, methods
Hozirgi zamonning dolzarb masalalaridan biri axborot resurslarini, ma’lumotlarni tezkor va sifatli olish bo‘lib, respublikamizdagi barcha sohalarda ushbu yo‘nalishda ishlar faollashtirilib kelinmoqda. Arxiv sohasida olib borilayotgan islohotlar ham aynan arxiv hujjatlari asosidagi ma’lumotlarni foydalanuvchilarga tezkor yetkazib berishga xizmat qilmoqda.
Yangi O‘zbekistonda davom ettirilayotgan jadal islohotlar natijasida vazirlik, idoralar va tashkilotlarning bo‘ysinuvi, mavqei va mulkchilik shakllari o‘zgarishi arxiv hujjatlarini fondlashtirish ishlariga alohida yondoshuvni talab etadi. Ushbu borada yuzaga kelayotgan ayrim dolzarb masalalar arxiv hujjatlarini fondlashtirish uslublarini amaliyotga moslashtirish va soddalashtirishni talab etmoqda.
Arxiv hujjatlarini fondlashtirish arxivlarni arxiv hujjatlari bilan jamlash va hisobini yuritishning eng muhim bosqichi hisoblanganligi bois, fondlashtirish ishlarining to‘g‘ri tashkil etilishi arxivlarda saqlanadigan hujjatlarning kelgusida mukammal qidiruv tizimiga ega bo‘lishiga va ushbu jarayon inson omiliga bog‘lanib qolmasligiga xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu jarayonlar arxiv hujjatlarini fondlashtirish ishlarini avtomatlashtirishda ham ahamiyat kasb etadi.
Arxivlar doimiy to‘ldirib boriluvchi manba hisoblanganligi bois, hozirda davlat arxivlari oldida turgan muhim vazifalardan biri fondlashtirish ishlarini yagona uslubiyatda tashkil etishdir.
Amaliyotga ko‘ra arxivlarda fondlarning soni cheklanmaydi. Tashkilotlarning arxiv hujjatlariga fond raqami va ayniqsa nomi berilishi sifatli olib borilsa, arxiv fondlari tarkibi to‘g‘risida to‘liq va keng ma’lumot olish imkoni bo‘ladi. Va ushbu ma’lumotlar nafaqat arxiv mutaxassislariga balki foydalanuvchilarga ham qulayliklar yaratadi. Shuningdek, bunda arxiv fondlarining axborotdorligi oshirilib, arxivlardagi kadrlar almashinuvi holatida ham ijobiy natijaga erishiladi.
So‘zsiz fondlashtirish ishlari amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga to‘liq mos ravishda va xalqaro tajribaga tayangan holda olib borilishi muhimdir.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, fond va fondlashtirish atamalari va jarayonlari haqida ma’lumot bergan holda arxiv hujjatlarini fondlashtirishda yagona uslubiyatga to‘xtalamiz.
Arxiv fondi — yuridik yoki jismoniy shaxslar faoliyati natijasida yaratilgan, tarixiy yoki mantiqiy jihatdan o‘zaro aloqador arxiv hujjatlari majmuidir.
Hujjatlarni fondlashtirish – hujjatlarni arxiv fondi va arxiv kolleksiyalari bo‘yicha taqsimlash. Fondlashtirish bevosita arxivda amalga oshiriladi. Fondlashtirish jarayonida hujjatlarning fondga tegishliligi aniqlashtiriladi, fond shakllantiriladi, fond va fond hujjatlarining davriy chegaralari aniqlandi.
Fondlashtirishning asosini hujjatlarni o‘rganish tashkil etadi.
Aniq bir fondning chegara sanalarini aniqlashda avvalo fond tashkil etuvchining yuridik mustaqilligini hisobga olish zarur.
Boshqacha qilib aytganda, muayyan arxiv hujjatlari majmui boshqa bir fondga qo‘shib yuborilmasligi yoki alohida arxiv fondi bo‘lishini hal etish uchun fond tashkil etuvchini alohida mustaqil tashkilot hisoblanishiga amin bo‘lish muhim hisoblanadi.
Yuridik mustaqillikning belgilari tarkibiga tashkilotning tashkil etilganligi to‘g‘risidagi huquqiy hujjatlarning (ustav, nizom, qonun va boshqalar) mavjudligini, mustaqil budjetning mavjudligini (bank hisob raqami, smeta balans), shuningdek alohida ish yurituv (rekvizitlari bilan blanklar, yig‘majildlar nomenklaturasi, muhr va boshqalar) va shtatlar jadvali kiradi.
Fondlashtirish bo‘yicha ishlar quyidagilardan iborat bo‘ladi:
arxivlarning arxiv hujjatlarini jamlash manbalarida (tashkilotlarda) — yig‘majildlar nomenklaturasi asosida yig‘majildlarni shakllantirish va hujjatlarni arxivga topshirish uchun tanlab olish;
arxivlarda — tartibga keltirilmagan holda topshirilgan arxiv hujjatlarini ro‘yxatlash (xatlash), qoniqarsiz tuzilgan ro‘yxatlarni qayta ishlash, birlashgan arxiv fondlari va arxiv kolleksiyalari tuzish, fondlashtirishdagi xatolarni tuzatish.
Arxiv hujjatlarining fondga mansubligini aniqlash ularni tegishli fond tashkil etuvchining (tashkilotning) arxiv fondiga kiritishdan iborat.
Tashkilot qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda uning vazifalari yangi tashkil etilgan tashkilotga berilganda ish yuritishda tugallangan yig‘majildlar tugatilgan tashkilot fondi tarkibiga kiritiladi, tugatilmagan yig‘majildlar esa uning vorisi bo‘lgan tashkilot fondiga kiritiladi.
Tashkilotning arxiv hujjatlaridan iborat yagona arxiv fondini quyidagilar tashkil qiladi:
vakolatxonalar va filiallarning arxiv hujjatlari;
tashkilot tarkibida tuzilgan maslahat organlarining arxiv hujjatlari (masalan: ekspert komissiyalari va boshqalar);
boshlang‘ich jamoat tashkilotlarini tuzishda yaratilgan arxiv hujjatlari (masalan: tashkilotning kasaba uyushmasi hujjatlari);
tugatuvchi tashkilotning arxiv hujjatlari (masalan: tugatish komissiyalari hujjatlari).
davlat boshqaruvi va davlat hokimiyati organlarining joylardagi tarmoq boshqarmalari va bo‘limlarining arxiv hujjatlari;
sud hokimiyati va prokuratura organlarining arxiv hujjatlari.
Tugatilish natijasida, shu jumladan, favqulodda holatlar va tabiiy ofatlar natijasida o‘z faoliyatini to‘xtatgan tashkilotlarning arxiv hujjatlari, keyinchalik ular oldingi функцияlari bilan qayta tashkil etilganda, yagona arxiv fondini tashkil etadi.
Birlashgan arxiv fondi quyidagi arxiv hujjatlaridan shakllanadi:
muayyan hududda faoliyat yuritayotgan maqsad va vazifalari bir turdagi tashkilotlar (masalan: mahalla fuqarolik yig‘inlari, notariuslar);
muayyan hududda faoliyat yuritayotgan rahbarlik organi va unga bo‘ysunuvchi tashkilotlar (masalan: boshqarmalar va ularga bo‘ysinuvchi tashkilotlar);
faoliyat ob’ekti bo‘yicha birlashgan tashkilotlar (masalan: O‘zbekiston temir yo‘llari tizimidagi tashkilotlar);
bir-birini ketma-ket almashtirgan tashkilotlar, agar avvalgi tashkilotning функцияlari vorislariga to‘liq yoki qisman o‘tkazilgan va o‘tkazilayotgan bo‘lsa (masalan: “O‘zarxiv” agentligi - islohotlar natijasida nomi va bo‘ysinuvi o‘zgargan davrda);
Mulkchilik shakli o‘zgargan tashkilotlarning mulki va yangi tashkil etilgan tashkilot(lar) – huquqiy voris(lar)ning arxiv hujjatlaridan, huquqiy voris sanalgan tashkilot(lar) arxiv hujjatlarini davlat mulkiga topshirgan holatlarda, birlashgan arxiv fondlarini shakllantirishga yo‘l qo‘yiladi.
Tashkilot huzurida faoliyat yurituvchi jamoat tashkilotlari (kasaba uyushmalari va boshqalar)ning arxiv hujjatlari ushbu jamoat tashkilotining ro‘yxatdan o‘tkazilgan davridan boshlab arxivga topshirilgan hujjatlari mustaqil arxiv fondini tashkil etadi yoki tegishli tashkilotning arxiv fondi tarkibiga birlashgan arxiv fondini tashkil etgan holda kiritiladi.
Fuqarolar yig‘ini raisi yoki uning maslahatchilari, saylov komissiyalarining arxiv hujjatlaridan birlashgan arxiv fondlarini shakllantirishga yo‘l qo‘yiladi.
Tashkilotlar qayta tashkil etilganda yangi arxiv fondlari tashkil qilish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
tashkilotlarning maqsadli yo‘nalishlari, faoliyat ixtisosligi va vazifalari o‘zgarganda;
tashkilotlar ularning mulkchilik shaklini o‘zgartirgan holda qayta tashkil etilganda (xususiylashtirish, aksiyadorlashtirish, davlat mulkiga aylantirish va h.k.);
turli sohalarga mansub tashkilotlar birlashtirilganda.
Ma’muriy tuzilmalarning o‘zgarishi (ularning birlashtirilishi, ajratilishi, shuningdek shahar joylashuvi mavqeining o‘zgarishi) munosabati bilan tashkil etilgan davlat hokimiyatining arxiv hujjatlari yangi arxiv fondini tashkil etadi.
Quyidagi holatlarda yangi arxiv fondini tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi:
tashkilot faoliyati yoki функцияlarining hududiy chegarasi kengayganda yoki qisqarganda;
tashkilotdan bir nechta yangi tashkilot ajralib chiqganda va ularga birinchi tashkilotning alohida функцияlari berilganda;
tashkilotning bo‘ysunishi, uning tuzilishi, qayta nomlanishi yoki nomiga o‘zgartirish kiritilishi birlamchi функцияlarining o‘zgarishiga olib kelmaganda;
tashkilotning mulkchilik shakli o‘zgarmasdan uning muassisi (muassislari) o‘zgarganda.
Hududiy tashkilotlar chegaralarining o‘zgarishi tegishli davlat hokimiyati organlarining arxiv hujjatlari tarkibidan yangi arxiv fondini tashkil etishga asos bo‘lmaydi.
Arxiv hujjatlari jamlash manbaining tashkil topish davri va huquqiy mavqeidan kelib chiqqan holda arxivlarga mavjud arxiv fondining to‘ldiruvchi qismi yoki yangi arxiv fondi sifatida qabul qilinadi.
Arxiv fondi, birlashgan arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari qayta fondlashtirilmaydi. Fondlashtirish jarayonida xatoga yo‘l qo‘yilganda, arxiv hujjatlarini qidirib topish ishlarini murakkablashtiruvchi alohida hollarda arxiv hujjatlarini qayta fondlashtirishga istisno tariqasida yo‘l qo‘yiladi.
Quyidagilar arxiv fondining davriy chegaralari hisoblanadi:
davlat boshqaruv organi, davlat hokimiyati organi, tashkilotlar tashkil etilishi (ro‘yxatdan o‘tkazilishi) va tugatilishining normativ-huquqiy hujjatlar asosida belgilangan rasmiy sanalari. Davlat organi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, tashkilotning tashkil etilishiga oid rasmiy sanalar belgilangan bir nechta normativ hujjatlar mavjud bo‘lganda tashkil etilganlik sanasi sifatida eng avval qabul qilingan hujjatda ko‘rsatilgan sana qabul qilinadi;
birlashgan arxiv fondi — birlashgan arxiv fondi tarkibiga hujjatlari kiritilgan tashkilotlarning eng ilgari tuzilgan (ro‘yxatdan o‘tkazilgan) va eng oxirgi tugatilgan faoliyat davri sanasi;
shaxsiy kelib chiqish arxiv fondlari — fuqaro, oila yoki urug‘ a’zolarining tug‘ilgan va vafot etgan sanalari (birlashgan arxiv fondiga o‘xshash);
arxiv kolleksiyasi — eng qadimgi va eng oxirgi hujjat sanalari.
Arxiv fondi doirasida arxiv hujjatlarini tashkil etish:
Arxiv fondi doirasida arxiv hujjatlari saqlov birliklari bo‘yicha tashkil etiladi.
Arxiv fondida saqlov birliklari arxiv hujjatlarini tizimlashtirish sxemasiga muvofiq tizimlashtiriladi.
Arxiv fondidagi arxiv hujjatlarini tizimlashtirish sxemasi arxiv fondida saqlov birliklarini ichki tashkil etish uchun asos bo‘ladi va yig‘majildlar (hujjatlar) ro‘yxat(lar)i bilan mustahkamlanadi.
Arxiv fondi doirasida saqlov birliklarini tizimlashtirish tizimlashtirish sxemasining bo‘lim (bo‘linma)lari bo‘yicha quyidagi bir yoki bir nechta xususiyatlarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi:
tuzilmaviy (saqlov birliklarini tuzilmaviy bo‘linmalarga tegishligiga ko‘ra);
davriy (saqlov birliklari mansub bo‘lgan davrlar yoki sanalar bo‘yicha);
funksional, sohaviy, mavzuli, mavzuli-masalali (tashkilotning функцияlarini, saqlov birligi mavzusiga oid bo‘lgan mavzu yoki masalalarni hisobga olgan holda);
nominal (ish yuritish shakliga ko‘ra — hujjatlarning xili va turi bo‘yicha);
korrespondentlik (tashkilot va shaxslar o‘rtasidagi yozishmalar natijasida shakllangan yig‘majildlar bo‘yicha);
geografik (hujjatlarning mazmuni, ularning muallifi, sharhlovchilari bilan bog‘liq bo‘lgan muayyan hududlar, aholi punktlari va boshqa geografik ob’ektlar);
mualliflik (tashkilotlar nomlari yoki shaxslarning familiyalari bo‘yicha).
Shaxsiy tarkib hujjatlari, shuningdek ilmiy-tadqiqot tashkilotlari arxiv fondlari tarkibidagi ilmiy-texnika hujjatlari, nashriyotlardagi qo‘lyozmalar, tibbiyot muassasalaridagi kasallik varaqalari, nazorat функцияlari yuklangan tegishli vakolatli organlarning fondlaridagi tekshirish dalolatnomalari alohida guruhlarga ajratiladi va ajratib tizimlashtiriladi.
Birlashgan arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari fond tashkil etuvchining ahamiyatiga ko‘ra ularning yaratilish davri va alfavit bo‘yicha joylashtiriladi. Bir xil turdagi tashkilotlar arxiv fondi uchun tizimlashtirishning umumiy sxemasi qo‘llaniladi.
Tasniflash sxemasi bo‘yicha saqlov birliklari quyidagi tartibda guruhlanadi:
saqlov birliklari ishlab chiqarishda boshlangan yoki tashkilot (uning tarkibiy qismi)ga boshqa tashkilotdan uning tarkibiy qismidan ishlab chiqarishni davom ettirish uchun kelib tushgan davriga taalluqli deb hisoblanadi;
rejalar, hisobotlar, smetalar va ularga doir materiallardan iborat bo‘lgan saqlov birliklari, ular tuzilgan sanadan qat’i nazar, qaysi yil uchun mo‘ljallangan bo‘lsa — o‘sha davrga tegishli bo‘ladi, uzoq muddatli rejalar ular amal qilayotgan yilga, ushbu davrga tegishli hisobotlar esa — hisobotning oxirgi yiliga taalluqli bo‘ladi;
ishlab chiqarishda bir bo‘linmada boshlangan va davom ettirish uchun boshqa bo‘linmaga berilgan saqlov birliklari ular yakunlangan bo‘linmaga tegishli bo‘ladi;
yil yoki xronologik davr doirasida saqlov birliklari tashkilot функцияsining ahamiyati (yoki hujjatlarining ahamiyati, turi va xilma-xilligining mantiqiy o‘zaro bog‘liqligi) bo‘yicha joylashtiriladi;
shaxsiy yig‘majild hisoblangan saqlov birliklari ishdan bo‘shagan yillar bo‘yicha va familiyalar alfaviti bo‘yicha tizimlashtiriladi.
Tizimlashtirishning oxirgi (tugallovchi) bosqichida saqlov birliklari guruhi ahamiyati yoki davri bo‘yicha taqsimlanadi.
Elektron hujjatlar axborot manbalari (magnit tasmalar, lazer va qattiq disklar, kompakt-disklar, disketalar) bo‘yicha tizimlashtiriladi; fond ichida – taqdim etilgan axborot formati bo‘yicha va yozib olingan axborot xususiyatiga ko‘ra tizimlashtiriladi.
Ushbulardan kelib chiqib, quyidagi namunaviy ko‘rsatma asosida respublikamizda olib borilayotgan islohotlar natijasida vazirlik va idorlardagi o‘zgarishlarning fondlashtirishdagi uslublarini ko‘rib chiqish mumkin.
Namunaviy ko‘rsatma
|
Tashkilot nomi* |
O‘zgarish holati |
Fondlashtirish turi |
|
Sport vazirligi |
Alohida mustaqil vazirlik |
Alohida fond |
|
Madaniyat va sport vazirligi |
Birlashtirilgan vazirlik |
Yangi alohida fond |
|
Turizm va sport vazirligi |
Boshqa vazirlik bilan birlashtirilgan vazirlik |
Yangi alohida fond |
|
Sport vazirligi |
Alohida mustaqil vazirlik |
Alohida fond (davri ko‘rsatilgan holda) |
|
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi |
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi boshqarma |
Bitta arxiv fondi |
|
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi |
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agentlik |
|
|
O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi
|
Alohida mustaqil Agentlik |
|
|
Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi |
Vazirlik tarkibidagi Agentlik |
|
|
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi |
Alohida mustaqil vazirlik |
Alohida fond |
|
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vazirligi |
Alohida mustaqil vazirlik |
Alohida fond |
|
O‘zbekiston Respublikasi Moliya va iqtisodiyot vazirligi |
Birlashtirilgan vazirlik |
Yangi alohida fond |
*)- ushbu vazirlik va idoralarning quyi tuzilmalari ham ushbu tartibda fondlashtiriladi
Foydalanilgan manba va adabiyotlar ro‘yxati adabiyotlar:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “ O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini takomillashtirish to‘g‘risida” 5 aprel 2012 yildagi 101-son qarori;
O‘zbekiston Respublikasi davlat arxivlarining asosiy ish qoidalari (Toshkent-2006y.);
[https://normativ.kontur.ru/document?moduleId=1&documentId=57882];
[https://online.zakon.kz/Document/?doc_id=38188112&pos=221;-50#pos=221;-50];
[https://zaochnik-com.com/spravochnik/istorija/arhivovedenie/fondirovanie-arhivov/