Axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi jamiyatning barcha sohalarida tub o‘zgarishlarni yuzaga keltirmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalarining qo‘llanilishi insoniyatning bilimlarga ega bo‘lishi va ulardan foydalanish usullarini qayta shakllantirmoqda. Boshqa sohalar kabi kutubxonalar ham ushbu jarayonlarda ishtirok etmay qolmaydi. Zamonaviy kutubxonachilar an’anaviy vazifalardan tashqari, raqamli axborot muhitini boshqarish, foydalanuvchilar ehtiyojlarini tahlil qilish va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida axborot xizmatlarini ko‘rsatish kabi yangi xizmatlarni ko‘rsatishga tayyor bo‘lishlarini zamonning o‘zi taqozo etmoqda. Kutubxonachilar bilan o‘tkazilgan bir necha uchrashuvlar, malaka oshirish kurslari va seminarlarda muallif “Sun’iy intellekt kutubxonachi o‘rnini egallay oladimi? Kutubxonachi kasbi qisqarib ketishi mumkinmi?” kabi savollarga duch keladi. Va bu haqli savol deb hisoblash mumkin. Shu sababli ushbu maqolada sun’iy intellektning kutubxonachi kasbiga ta’siri, uning imkoniyatlari, mavjud muammolarini tahlil qilish asosiy maqsad qilib olindi.

Kalit so‘zlar: Kutubxonachi kasbi, sun’iy intellekt, kutubxona xizmatlari, axborot ehtiyoji, kutubxonalar.

 

IMPACT OF ARTIFICIAL INTELLIGENCE ON THE LIBRARIAN PROFESSION:
OPPORTUNITIES AND CHALLENGES

 

 

Sherbek Normatov, Head of Information and Library Systems Department of Tashkent University of Information Technologies named after Muhammad al-Khwarizmi, Doctor of Philosophy in Technical Sciences (PhD), docent

 

Juraeva Dildora, Assistant teacher of Computer Systems Department, Tashkent University of Information Technologies named after Muhammad al-Khwarizmi

 

The rapid development of information technologies is bringing about fundamental changes in all spheres of society. In particular, the application of artificial intelligence technologies is reshaping the ways in which humanity acquires and uses knowledge. Libraries, like other sectors, cannot remain without participating in these processes. The time itself demands that modern librarians, in addition to traditional tasks, be ready to provide new services, such as managing the digital information environment, analyzing user needs, and providing information services based on artificial intelligence technologies. During several meetings, training courses, and seminars with librarians, the author encounters questions such as “Can artificial intelligence replace librarians? Can the profession of librarian be reduced?”. And this can be considered a legitimate question. Therefore, the main goal of this article was to analyze the impact of artificial intelligence on the librarian profession, its opportunities, and existing problems.

Keywords: librarians, artificial intelligence, library services, information needs, libraries.

 

Kirish. So‘nggi o‘n yilliklar davomida axborot texnologiyalari jadal sur’atlarda rivojlanmoqda va bu jarayon jamiyatning turli sohalaridagi ish uslubini tubdan o‘zgartirmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalarining tadbiq etilishi insoniyat hayotida yangi bosqichni boshlab berdi. Ilgari faqat insonlar amalga oshirgan vazifalarni endilikda intellektual dasturlar, mashinalar va algoritmlar orqali bajarish mumkinligi allaqachon isbotlandi. Bu jarayon kutubxonachi kasbiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Zamonaviy kutubxonachilar an’anaviy vazifalardan tashqari, raqamli axborot muhitini boshqarish, foydalanuvchilar ehtiyojlarini aniqlash va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida axborot xizmatlarini taqdim etish kabi yangi vazifalarni o‘z zimmasiga olishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu maqolada sun’iy intellekt texnologiyalarining kutubxonachi kasbini qanday o‘zgartishi mumkinligi, qanday imkoniyatlar yaratayotgani va qanday xavflar keltirib chiqarishi haqida so‘z boradi.

Sun’iy intelektning kutubxonalar uchun imkoniyatlari. Kutubxona sohasida sun’iy intellekt texnologiyalari turli yo‘nalishlarda joriy etilib, kutubxona xizmatlarining samaradorligi va sifatini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda. Jumladan, katta hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlash jarayonida sun’iy intellekt algoritmlari tezkorlik va aniqlikni ta’minlab, an’anaviy usullarga nisbatan afzalliklar yaratadi. Soddaroq qilib aytganda, sun’iy intellekt ilovalari minglab foydalanuvchisi mavjub bo‘lgan kutubxonalarda katta ma’lumotlarni tahlil qilishda, ya’ni eng ko‘p o‘qilayotgan kitoblar ro‘yxatini tuzishda, eng faol bo‘lgan kitobxonlarni aniqlashda, kutubxonaga tashrif buyuruvchilarning kunlik, xaftalik yoki oylik oqimini kuzatishda, qaysi sohadagi adabiyotlarga ko‘proq so‘rovlar bo‘layotganligini aniqlashda, kutubxona va xodimlar ish samaradorligini aniqlashda katta tezlik va aniqlikni ta’minlashi mumkin. Bundan tashqari, biror mavzu bo‘yicha bibliografik ma’lumotlarni avtomatik tuzish, tabiiy tilda berilgan so‘rovlarni qayta ishlash orqali izlash tizimlarini takomillashtirish, foydalanuvchining qiziqilashlari va so‘rovlar tarixini tahlil qilish orqali, zarur bo‘lgan adabiyotlarni tavsiya etish xizmatlarini yaratishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish mumkin [1].

 Bundan tashqari sun’iy intellekt asosida ishlovchi dasturlar foydalanuvchilar bilan muloqot olib borish, ularning fikr-mulohazalarini tahlil qilish va kutubxona xizmatlari hamda resurslarini yaxshilash bo‘yicha takliflar berish imkonini yaratishi mumkin. Shuningdek, foydalanuvchilarga shaxsiylashtirilgan tavsiyalar taqdim etishi orqali, ularni yangi mualliflar, kitoblar, jurnallar, veb-saytlar va boshqa axborot manbalari bilan tanishishga yordam beradi. Ayniqsa, sun’iy intellektning tarjima xizmatlarini taqdim etish imkoniyati turli tillarda yozilgan manbalarni tezroq tushunish uchun imkon bermoqda.

Sun’iy intelektning kutubxonachi kasbiga ta’siri. Sun’iy intelektning kutubxonalarda joriy etilishi kutubxonachilar uchun ham ma’lum talablarni qo‘yadi. Ilgari ma’lumotni topish, saralash va foydalanuvchiga taqdim etish kutubxonachining asosiy vazifalari bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda ushbu jarayonlarning katta qismi avtomatlashtirilmoqda. Bunday sharoitda kutubxonachi faqat axborot yetkazuvchi emas, balki ma’lumotlar tahlilchisi, axborot texnologiyalari mutaxassisiga kabi vazifalarni ham bajarishi kerak. Odatda kutubxonachilarda media savodxonlik va raqamli savodxonlikni oshirish haqida gapirilar edi. Biroq bugungi kunda sun’iy intellekt savodxonligi ham shunchalik muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Sun’iy intellekt algoritmlari tobora murakkab va intellektual tus olayotgani sari, etik masalalar ham shunchalik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa kutubxonachilarda sun’iy intellekt savodxonligini rivojlantirish dolzarbligini yanada oshiradi. Kelgusida sun’iy intellekt savodxonligi yanada muhim ko‘nikmaga aylanishi shubhasiz. Bu texnologiyalarning imkoniyatlari ancha yuqori bo‘lib, ulardan foydalanishdagi barcha etik ta’sirlarni chuqur o‘rganish zarur.

Bugungi kunda kutubxonachi sun’iy intellekt tizimlarini to‘g‘ri boshqarish, ular bilan foydalanuvchilar o‘rtasida samarali aloqa o‘rnatish, axborot xavfsizligini ta’minlash, hamda axborot resurslarini tahlil qilish va baholash kabi vazifalarni ham bajarishi talab etiladi [2]. Shu sababli, kutubxonachilarni kasbiy qayta tayyorlash va malakasini oshirish orqali yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirishlarini ta’minlash zamonaviy kutubxonachilar oldida turgan asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

Kutubxonalarda sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha tahon tajribalari.

IFLA tavsiyalari. Kutubxonalarda sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha kutubxona sohasidagi bir qancha xalqaro tashkilotlar va olimlar o‘z tavsiyalarini beishni boshlashdi. Jumladan, IFLA (International Federation of Library Associations and Institutions) sun’iy intellekt texnologiyalarining kutubxona sohasiga ta’sirini e’tirof etib, 2020-yilda “Kutubxonalar va sun’iy intellekt” nomli bayonotni e’lon qildi. Ushbu hujjatda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda kutubxonalar uchun asosiy mulohazalar va tavsiyalar bayon etilgan [3].​

IFLAning asosiy tavsiyalari quyidagilardan iborat:

Sun’iy intellekt savodxonligini oshirish. Kutubxonalar jamoatchilikka sun’iy intellekt texnologiyalarining im-koniyatlari va cheklovlari haqida ta’lim berish orqali sun’iy intellekt savodxonligini oshirishda muhim rol o‘ynashlari kerak. ​

Etik meyorlarga rioya qilish. Kutubxonalar sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etganda, shaffoflik, hisobdorlik va xolislik kabi etik tamoyillarga amal qilishlari lozim. ​

Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish. Sun’iy intellekt tizimlari bilan ishlashda foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish va maxfiylikni ta’minlash kutubxonalarning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lishi kerak. ​

Sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish. Kutubxonalar sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib, axborotdan foydalanishni osonlashtirish, kontentni tasniflash va foydalanuvchilarga shaxsiylashtirilgan xizmatlar ko‘rsatishlari kerak.

Kutubxonalar sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda ushbu tavsiyalarga amal qilish orqali o‘z xizmatlarini takomillashtirishlari va foydalanuvchilarga zamonaviy talablarga javob beradigan xizmatlarni taqdim etishlari mumkin.

ALA tavsiyalari. ALA (American Library Association) sun’iy intellekt texnologiyalarining kutubxonalardagi ahamiyatini e’tirof etib, kutubxonachilarga bu sohadagi bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishni tavsiya etadi. ALAning “Kelajak kutubxonalari markazi” sun’iy intellektni muhim tendensiya sifatida ta’kidlab, kutubxonachilarni bu texnologiyalarning imkoniyatlari va ta’sirini o‘rganishga chorlaydi. ​

Shuningdek, ALAning Akademik kutubxonalar assotsiatsiyasi 2024-yilda “Kutubxonachilar uchun sun’iy intellekt rivojlanishlari va resurslari” mavzusida tavsiyalar va yo‘riqnomalarni e’lon qilgan. Bu hujjatda akademik kutubxonachilarga sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy maslahatlar va resurslar taqdim etilgan.

Bundan tashqari, ALA kutubxonachilar uchun sun’iy intellekt bo‘yicha vebinarlar va tadbirlar tashkil etib keladi. Masalan, “Sun’iy intellekt va kutubxonalar: texnologik o‘zgarishlarga yetakchilik qilish” mavzusidagi vebinarda kutubxonachilarga sun’iy intellekt savodxonligini oshirish va bu texnologiyalarni kutubxona faoliyatiga joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berilgan [4]. Shu bilan birga, ALA kutubxonachilarni sun’iy intellektning axloqiy va huquqiy jihatlarini o‘rganishga chorlaydi.

2025-йилнинг март ойида ALAning Akademik kutubxonalar assotsiatsiyasi sun’iy intellekt bo‘yicha kutubxona xodimlari uchun kompetensiyalarни ishlab chiqди. Унда кутубхоначилар sun’iy intellekt bo‘yicha bir nechta pog‘onalarda ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari kerak. Eng pastki pog‘ona quyidagilardan iborat [4]:

Sun’iy intellektga oid asosiy atamalarni tushunish va ta’riflash: masalan, mashinali o‘qitish, multimodellar, promt (yo‘riq) berish va semantik qidiruv kabi tushunchalar.

Generativ sun’iy intellekt modellari ma’lumotlarni saqlovchi baza emas, balki ehtimoliy matematik hisob-kitoblarga asoslanganini tushunish.

Sun’iy intellekt 1950-yillarda birinchi marta ta’riflanganidan buyon juda katta rivojlanish bosqichlarini bosib o‘tganini va hozirda kundalik hayotimizdagi ko‘plab texnologiyalarda tatbiq etilganini anglash.

Generativ sun’iy intellekt yangi kontent yaratadi, diskriminativ sun’iy intellekt obyektlarni toifalaydi yoki saralaydi, prediktiv sun’iy intellekt esa ma’lumotlardagi namuna asosida bashorat beradi, degan farqni bilish.

Matndan tashqari, sun’iy intellekt orqali rasmlar, videolar, musiqa, nutq va dastur kodlari kabi boshqa turdagi kontentni ham yaratish mumkinligini bilish.

Eng muhim generativ sun’iy intellekt modellarining nomlari va ular yarata oladigan mahsulot turlari bilan tanish bo‘lish (masalan: ChatGPT – matn, DALL·E – rasm, Sora – video, va h.k.).

Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan matnlarni aniqlaydi, deb da’vo qiluvchi vositalar 100% aniq emasligini va ularni osonlikcha aylanib o‘tish mumkinligini tushunish.

Sun’iy intellekt bilan bog‘liq muammolar va xavflar. Har qanday texnologik rivojning ijobiy tomonlari bilan bir qatorda, salbiy oqibatlari ham mavjud. Sun’iy intellekt texnologiyalari ham bundan mustasno emas. Avvalo, sun’iy intellekt tizimlarining xolisligi masalasi ko‘p muhokama qilinmoqda. Agar algoritmlar noto‘g‘ri ma’lumotlar asosida tuzilgan bo‘lsa, ularning chiqargan xulosalari ham xolis bo‘lmaydi. Bu esa axborot manbalarining sifati va ishonchliligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shuningdek, avtomatlashtirish jarayoni ba’zi kasbiy vazifalarning kamayishiga, natijada ish o‘rinlarining qisqarishiga sabab bo‘lishi mumkin. Kutubxonachilarning ayrim an’anaviy faoliyat turlari, masalan, qo‘l bilan kataloglash, bibliografik tavsiya tayyorlash kabi vazifalar avtomatik amalga oshirila boshlagani bunda yaqqol misoldir.

Yana bir muhim jihat – shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish masalasidir. Sun’iy intellekt texnologiyalari ko‘p hollarda foydalanuvchining tarmoqdagi harakatlarini kuzatish, ularning axborot iste’molini tahlil qilish orqali samarali tavsiyalar beradi. Biroq bu jarayonda shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligiga rioya etish murakkab vazifaga aylanadi.

Bundan tashqari sun’iy intellekt kutubxonachi kasbiga quyidagi salbiy ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin:

Insoniy aloqaning yo‘qolishi. Sun’iy intellekt vositalari samarali bo‘lishiga qaramay, ular inson empatiyasi, individual yondashuv va madaniy-konseptual tushunishni to‘liq ta’minlay olmaydi.

Texnologiyaga bog‘liqlikning ortishi. Kutubxona faoliyati sun’iy intellekt texnologiyalariga ortiqcha bog‘liq bo‘lib qolsa, texnik muammolar yoki xakerlik hujumlari butun tizimning ishlamasligiga sabab bo‘lishi mumkin.

Sun’iy intellekt savodxonligining yetishmasligi. Aksariyat kutubxonachilarda Sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganish va ulardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha yetarli bilim va ko‘nikmalar mavjud emas.

Xulosa. Sun’iy intellekt texnologiyalari kutubxona sohasini innovatsion rivojlanish yo‘liga olib chiqmoqda. Kutubxonachi kasbi esa yangi talab va функцияlar asosida qayta shakllanmoqda. Sun’iy intellekt imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish uchun etik, huquqiy va amaliy masalalarga jiddiy yondashish zarur. O‘zbekistonda bu jarayonning samarali kechishi uchun kadrlar salohiyati, ilmiy tadqiqotlar va zamonaviy infratuzilma asosiy omillardan sanaladi

 

Adabiyotlar ro‘yxati

Mojjada, Harihararao & Krishna, S.Siva. (2024). ARTIFICIAL INTELLIGENCE BASED ACADEMIC LIBRARIES: A REVIEW ARTIFICIAL INTELLIGENCE BASED ACADEMIC LIBRARIES: A REVIEW.

Lo, Leo S.. “Evaluating AI Literacy in Academic Libraries: A Survey Study with a Focus on U.S. Employees.” (2024). doi:10.5860/crl.85.5.635.

IFLA Statement on Libraries and Artificial Intelligence. 2020. https://repository.ifla.org/handle/20.500.14598/1646

AI Competencies for Academic Library Workers Draft Review – Plus More ATG News & Announcements for 3/7/25. https://www.ala.org/sites/default/files/2025-03/AI_Competencies_Draft.pdf