Mazkur maqolada O‘zbekiston Milliy kutubxonasi Ilmiy-metodik xizmati faoliyatining 70 yillik tarixi davomidagi rivojlanish bosqichlari va uning metodik markaz sifatida tutgan o‘rni har tomonlama tahlil etilgan. Maqolada Ilmiy-metodik xizmatning kutubxonalarga metodik ko‘mak ko‘rsatish hamda kutubxona jarayonlarini tashkil etish va boshqarishdagi samarali faoliyati keng yoritiladi. Xususan, xizmat tomonidan tayyorlangan metodik qo‘llanmalar, kutubxona xodimlari uchun tashkil etilgan malaka oshirish kurslari va seminarlar, metodik toʻgaraklar, shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, har bir Ilmiy-metodik xizmati rahbari va mutaxassislarning o‘z davrida kutubxona tizimining takomillashuviga qo‘shgan shaxsiy hissasi va xizmatning innovatsion o‘zgarishlar yo‘lidagi sa’y-harakatlari tahliliy yondoshuv asosida yoritib berilgan.
THE SCIENTIFIC AND METHODOLOGICAL SERVICE OF THE NATIONAL LIBRARY OF UZBEKISTAN IS 70 YEARS OLD!
Kamilova Saodat, Head of the Scientific and Methodological Service National Library of Uzbekistan
This article comprehensively analyzes the stages of development of the Scientific and Methodological Service of the National Library of Uzbekistan over its 70-year history and its role as a methodological center. The article extensively covers the effective activities of the Scientific and Methodological Service in providing methodological support to libraries and organizing and managing library processes. In particular, the methodological manuals prepared by the service, advanced training courses and seminars organized for library staff, methodological clubs, as well as the work carried out on the implementation of modern information technologies, are of particular importance. At the same time, based on an analytical approach, the personal contribution of each head of the Scientific and Methodological Service and specialists to the improvement of the library system in their time and the efforts of the service on the path of innovative changes are highlighted.
Kalit soʻzlar: Axborot texnologiyalari, Ilmiy-metodik xizmati rahbari, ilmiy tadqiqotlar, metodologiya, kutubxonachilik metodikasi, malaka oshirish, metodik qo‘llanma, rahbar-mutaxassis, metodik yo‘riqnoma, nizom, hujjat, trening, boʻlim, “Kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni, ilg‘or metodlar va texnologiyalar.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi yurtimizning eng yirik va qadimiy axborot-ma’rifat maskanlaridan biri sifatida 155 yildan buyon xalqimizga xizmat qilib kelmoqda. U faqat kitoblarni saqlash va kitobxonlarga xizmat ko‘rsatibgina qolmasdan, balki ilmiy-tadqiqot markazi, axborot resurslarini jamlovchi va tarqatuvchi innovatsion muassasa sifatida ham rivojlanib kelmoqda.
XIX asrning oxirida, 1870-yilda Toshkent ommaviy kutubxonasi sifatida tashkil etilgan ushbu muassasa bugungi kunda Oʻzbekistonning eng yirik ilmiy va axborot markazlaridan biri hisoblanadi. U kutubxonashunoslik, bibliografiya hamda axborot jarayonlari sohasida respublika miqyosidagi barcha kutubxonalar faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasini bajaradi. Dastlabki faoliyati davomida kutubxona fondi bor-yo‘g‘i 2200 tomdan (1200 nomdagi) ortiq adabiyotlar iborat bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda u millionlab bosma va elektron nashrlarni, jumladan, noyob qo‘lyozmalar, qadimiy kitoblar, ilmiy asarlar, zamonaviy akademik nashrlar, audiovizual materiallar hamda raqamli axborot resurslarini o‘z ichiga oladi [1]. Ushbu nodir bilim maskani nafaqat kitoblar jamlanmasi, balki ilmiy izlanishlar, ta’lim va madaniyat rivojiga xizmat qiluvchi zamonaviy axborot muhitini yaratishda ham muhim o‘rin tutadi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi o‘zining boy tarixiy merosi, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish va ilmiy-metodik xizmatning samarali faoliyati orqali mamlakatimiz kutubxonachilik sohasini rivojlantirishda yetakchi o‘rin egallab kelmoqda. Ayniqsa, kutubxonachilik sohasidagi ilg‘or metodlar va texnologiyalarni joriy etish, kutubxonachilarning malakasini oshirish hamda ularning ish faoliyatini yanada samarali tashkil qilishga yordam berishni asosiy maqsad qilib olgan ilmiy-metodik xizmatning o‘rni beqiyosdir. Shuningdek, bu xizmat nafaqat kutubxonalar orasidagi hamkorlikni rivojlantirish, balki mamlakatimizda kutubxona tizimini takomillashtirishda asosiy omilga aylangan.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi Ilmiy-metodik xizmati faoliyati tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu xizmatning tarixi, kutubxonachilik sohasining rivojlanishida alohida o‘rin tutadi. Ushbu xizmatning shakllanishi va takomillashuvi, avvalo, axborot resurslari va kutubxonachilik metodlarining o‘zgarishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Ilmiy-metodik xizmat o‘zining boshlang‘ich bosqichlarida kutubxonachilarga oddiy metodik ko‘mak bergan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan uning faoliyati ancha kengayib, kutubxonalarning rivojlanishida muhim yo‘naltiruvchi rol o‘ynay boshladi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tarkibida faoliyat yuritayotgan Ilmiy-metodik xizmat 1955-yil 25-aprelda o‘z ish faoliyatini boshladi. Ushbu xizmat 70 yildan beri mamlakatimizda kutubxona ishlarini rivojlantirish, metodik qo‘llanma va tavsiyalar ishlab chiqish hamda mutaxassislar tayyorlash borasida ulkan ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Ushbu davr mobaynida ilmiy-metodik xizmati tomonidan jami 377 ta metodik qoʻllanmalar ishlab chiqildi. Jumladan: 98 ta metodik tavsiya, 63 ta metodik qoʻllanma, 193 ta metodik-bibliografik qoʻllanma, 11 ta axborot byulleteni hamda 12 ta yillik hisobotlar (sharh)dan ibrorat. Ushbu qoʻllanmalar ilmiy-amaliy faoliyatni rivojlantirish va kutubxona axborot xizmatini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu qo‘llanmalarni yaratishda ilmiy-metodik xizmat rahbarlarining o‘rni beqiyos. Har bir rahbarning faoliyati, o‘z davrida kutubxonachilikka oid yangi yondashuvlar va innovatsiyalarni joriy etishda, shu jumladan ilmiy-metodik xizmatning samarali ishlashini ta’minlashda muhim o‘rin tutgan.
1955-yildan 2025-yilgacha mazkur xizmatda 16 nafar rahbar-mutaxassislar o‘z ish faoliyatini olib borgan. Har biri o‘zining tajribasi va bilimlari bilan ilmiy-metodik xizmatning rivojlanishiga va yillar davomida takomillashib borishiga oʻz hissasini qoʻshgan. Ular, kutubxonachilikning turli bosqichlarida yuzaga kelgan ehtiyojlarga mos ravishda, metodik qo‘llanmalarni yaratishda, kutubxonalarning yangilanishi va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda, shu bilan birga kutubxonachilarning malakasini oshirishga xizmat qilgan. Har bir mudirning boshqaruvidagi ilmiy-metodik xizmatning rivojlanishidagi o‘zgarishlar va yutuqlar, ular olib kelgan yangiliklar va takliflar, kutubxonalarning samarali faoliyat yuritishiga, shuningdek, mamlakatimiz kutubxonachilik tizimining global miqyosda raqobatbardosh bo‘lishiga imkon yaratdi. Bu jarayonda, rahbarlarning har biri o‘z vaqtida metodik xizmatni yangi bosqichga olib chiqish, kutubxonalarning ilmiy salohiyatini oshirish va ularga yangi yondashuvlar joriy etishda yetakchi rol o‘ynadi. Quyida ushbu xizmat tashkil qilingandan boshlab, to xozirgi kunga qadar oʻz ish faoliyatini olib borayotgan Ilmiy-metodik xizmat rahbarlari haqidagi ma’lumotlarni koʻrishimiz mumkin.
Latipova Magira Nabiyevna (1955 - 1957 yillar)
Manasipov Fuat Darich (1957 - 1957 yil dekabr)
Ageev Ahmad Ibrohimovich (1957 - 1960 yillar)
Cherednik Valentina Ignatyevna (1961-1963 yillar)
Sokolova Valentina Vasilyevna (1963 - 1967 yillar)
Nasriddinov Ziyodulla Nasriddinovich (1976 - 1978 yillar)
Alimov Shavkat Joʻrayevich (1978 - 1979 yillar)
Makarevich Valentina Aleksandrovna (1979 - 1989 yillar)
Xaydarova Namuna Hasanovna (1989 - 1993 yillar)
Allabergenova Hatalya Jabborovna (1993 - 1996 yillar)
Yegorova Tatyana Semenovna (1996 - 2007 yillar)
Klichbayev Abatbay Reimbayevich (2008-2012 yillar)
Borisov Vladimir Anatolyevich (2012 - 2015 yillar
Polyakova Vera Sergeyevna (2015 - 2018 yillar)
Ro‘ziyeva Fazila Muxtorovna (2019 -2020 yillar)
Kamilova Saodat Ergashevna (2020 yildan hozirgi vaqtgacha) [2].
Yillar davomida ilmiy-metodika boʻlimi kutubxona tizimini yanada mukammal qilishga xizmat qilgan. Bu rahbarlar o‘zlarining faoliyati davomida muhim o‘zgarishlarga, yangiliklarga va ilg‘or tajribalarga erishgan.
Yuqorida ismlari zikr etilgan ayrim xizmat rahbarlari va oʻsha davrda ushbu boʻlimda oʻz faoliyatini olib borgan mutaxassislar faoliyati haqida aloxida to‘xtalib o‘tishni joiz deb bildim.
1955-yilda tashkil qilingan ilmiy metodika bo‘limining birinchi rahbari Latipova Magira Nabieyevna boʻlib, u boʻlimni 2 yil davomida boshqardi. M. Latipova boshchiligida Respublika miqyosida seminarlar, o‘quv kurslari tashkil etildi va kutubxonalarga amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu davrda bo‘lim tomonidan plakatlar, metodik qo‘llanmalar va bir necha seminar mashg‘ulotlari dasturlari tayyorlanib, nashr etildi. Uning ishlarini metodik ishlarning tashkilotchisi sifatida Ageyev Ahmad Ibrohimovich davom ettirdi. Deyarli 50-yil Respublika kutubxonachilik ishini tashkil etish va rivojlantirishga hissa qo‘shgan A.I. Ageev kutubxona xodimlarini malakasini oshirish bo‘yicha seminarlar va kurslarni uyushtirishda ko‘zga ko‘rindi.
Bu davrda ilmiy-metodika bo‘limi tomonidan kutubxonachilik xizmati idoralararo rejalari tuzildi, har bir oilaga kitobni yetkazish bo‘yicha maslahatlar ishlab chiqildi, kutubxonalarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida joylarga qator chiqishlar qilindi. Shuningdek, u rahbarlik qilgan davrda O‘zbekiston Milliy bibliografiyasi rivojiga ham katta hissa qo‘shildi va 80 dan ortiq bibliografik va kutubxonashunoslik nashrlari tayyorlandi. Uning xizmatlari yuksak baholanib, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan. [3].
1961–1963 yillarda esa bo‘limni Valentina Ignatyevna Cherednik boshqardi. U kataloglar boʻlimida ishlab turib, ilmiy-metodika boʻlimi mudiri boʻlgan va ish faoliyati davomida klassifikatsiya, fond va kataloglarni tashkil qilish bo‘yicha maslahatlar o‘tkazib, shu sohalarga oid qo‘llanmalar tayyorlashda faol ishtirok etdi, yosh mutaxassislarning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratdi. [3].
1963-1975 yillarda, ya’ni 13 yil davomida bo‘limni boshqargan Sokolova Valentina Vasilyevna har yil o‘tkaziladigan seminarlarda kutubxonalar faoliyatini tahlil qilish, axborot kutubxona faoliyatidagi dolzarb masalalar, ya’ni fondlarni to‘ldirish, hisobotlarni tayyorlash, yangi nizomga o‘tish, kitobxonlar qiziqishiga rahbarlik qilish, xizmat ko‘rsatish shakllarini yangilash va boshqa mavzularda ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
70-yillarda ilmiy-metodika bo‘limi ishida kutubxonalar tarmog‘ini markazlashtirish asosida tartibga solish, alohida guruh kitobxonlarining o‘qishiga rahbarlik qilish, O‘zbekistondagi barcha tizim va idoralar kutubxonalari ishini muvofiqlashtirish, ilg‘or tajriba maktablarini tashkil etish masalalarini hal etish asosiy o‘rin egalladi. Ayniqsa, markazlashtirish masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab metodik qo‘llanmalar, seminarlar, viloyatlarga chiqishlar tashkil qilingan. [3]. Ushbu murakkab vazifalarni bajarishda nafaqat bo‘lim mudirlari, balki bo‘limda ko‘p yillar ishlagan va kutubxonachilik ishining tashkilotchilariga aylangan tajribali mutaxassislar Z.N. Nasriddinov, L.B. Gorbunova, V.A. Makarevich, H.R. Umarbekova va boshqa mutaxassislarning ham o‘rni beqiyosligini ta’kidlab o‘tishimiz darkor. Ular tomonidan ishlab chiqilgan metodik-bibliografik qo‘llanma va metodik yo‘riqnomalar kutubxonalar ishining asosiy yo‘nalishlarini qamrab olib, 600-1000 nusxada nashr etilgan va hududiy axborot-kutubxona muasassalariga tarqatilgan.
1976 – 1978 yillarda o‘sha davrda ushbu bo‘limda ko‘zga ko‘ringan mutaxassis Z.N. Nasriddinov, so‘ngra Sh.J.Alimov mudirlik qildi.
1979 – 1989 yillarda bo‘lim tomonidan katta tajribaga ega mutaxassis V. A. Makarevich rahbarligida mamlakatdagi markazlashtirish ishlari yakunlangach, uni umumlashtirish va ilg‘or tajribani ommalashtirish maqsadida qator metodik yo‘riqnomalar nashr etildi.
Ushbu yillarda V.A. Makarevich va ilmiy-metodika bo‘limining bosh kutubxonachisi G.D.Berman bilan birgalikda, bir qator kutubxonalar faoliyatining eng yaxshi ish tajribalari yoritilgan qo‘llanmalar seriyasi tayyorlandi.
1982-1989 yillarda metodika bo‘limida V.A. Makarevichning tashabbusi bilan tajribali mutaxassislar bilan yosh mutaxassislar o‘rtasida “ustoz-shogird” tajribasi qo‘llanila boshlandi. Misol uchun, bo‘lim mudiri V.A. Makarevich yosh mutaxassis sifatida ish boshlagan M. Maxmudovga ustozlik qildi (hozirda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Kutubxona-axborot faoliyati” kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi) bosh kutubxonachi G.D.Berman esa M. Ishoqovga ustozlik qildi. (hozirda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Kutubxona-axborot faoliyati” kafedrasi katta oʻqituvchisi) [3]. Albatta, “ustoz-shogird” tajribasi bo‘limning kelajakdagi faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish ishlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
1989-1993 yillar oralig‘ida ilmiy-metodika bo‘limini tajribali rahbar va Respublika kitob palatasining direktori bo‘lib ishlagan N. Xaydarova boshqardi. Uning faoliyati davrida mazkur bo‘lim tomonidan 50 ga yaqin metodik qo‘llanma va tavsiyalar ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilliqqa erishgandan keyin kutubxonalarga ma’naviy va tarixiy qadriyatlarni, xalq urf-odatlarini, qadimiy tarix va madaniyatning hamda ona tilimizni qayta tiklash vazifasi yuklatildi. Ana shularni hisobga olgan holda, Yegorova Tatyana Semyonovna rahbarlik qilgan davrida Sharqning buyuk ma’rifatparvarlari va olimlariga bag‘ishlangan kitobxonlar konferensiyalari, ijodiy uchrashuvlar, tematik-badiiy kechalar o‘tkazildi. Amir Temur, Baxouddin Naqshbandiy, Axmad Yassaviy, Mirzo Ulug‘bek, Zaxiriddin Muxammad Bobur kabi davlat va jamoat arboblarining hayot yo‘lini, ijodini yorituvchi qator yirik metodik-bibliografik qo‘llanmalar tuzildi. Boʻlim xodimlari kutubxonalar faoliyatini analitik tahlil qilishga, ular faoliyatida marketing usullaridan foydalanish va tadbiq qilish kabi masalalarga e’tibor qaratdilar. Boʻlimning yosh xodimi A.Qilichboyev (hozirda Qoʻlyozmalar, noyob va alohida qiymatga ega nashrlar xizmati rahbari) tomonidan Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimidagi kutubxonalar uchun “Viloyat kutubxonalari hisobotlarining obzori” ishlab chiqildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 20-iyundagi “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida, AKM va ARM faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun bir qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar tayyorlandi. 2007-yilda o‘tkazilgan “ARM ishini tashkil qilish” mavzusida seminar-treningda bo‘lim mudiri T. S. Yegorova “Kutubxona boshqaruvi” va bosh kutubxonachi U. Teshabayeva (hozirda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori) “Qog‘ozsiz axborot tashuvchilar” mavzularida ma’ruza qildi va metodik qo‘llanma taqdimotini o‘tkazdi. [3]. T. Yegorova rahbarligida yuqoridagi qayd etilgan mutaxassislardan tashqari bosh kutubxonachi Z. Ruziyeva, O. Raimova, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent H. Mamatraimova (1997-2011 yillarda O‘zbekiston Milliy kutubxonasida oʻrindoshlik asosida ishlagan), M. Matmurodova (hozirda hozirda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Kutubxona-axborot faoliyati” kafedrasi katta oʻqituvchisi), N. Xoldorova (hozirda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari) F. Ruzieva (hozirda Milliy bibliografiya ma’lumotlar bazasini shakllantirish xizmati rahbari) G. Axmedova (2021-2023 yillarda Axborot-kutubxona fondlarini jamlash xizmati raxbari v.v.b.)lar ham faoliyat olib borgan. Ular tomonidan ishlab chiqilgan metodik-bibliografik hujjatlar merosi hanuzgacha yosh metodistlar va barcha mutaxassislar uchun qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, “Bibliografiyashunoslik”, “Bibliografiya nazariyasi va tarixi” va “O‘lkashunoslik bibliografiyasi” kabi ilmiy sohalarda chuqur bilimga ega bo‘lgan Xamroxon Mamatraimovaning ilmiy merosi alohida e’tiborga sazovordir. Uzoq yillar davomida nazariy va pedagogik faoliyatni muvaffaqiyatli amalga oshirgan olima, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining ilmiy-metodika bo‘limida muharrir-bibliograf sifatida faoliyat yuritgan. [5]. U o‘zining shogirdlari bilan birgalikda, sohadagi dolzarb va zamonaviy muammolarga oid ilmiy-uslubiy qo‘llanmalarni ishlab chiqib, ularga muharrirlik qildi. Xamroxon Mamatraimova rahbarligida, kutubxonadagi barcha uslubiy ishlarda yuqori samaradorlikka erishildi, natijada ishlarning sifati mukammal bo‘lib, ular aniq, puxta va savodli tarzda nashr etildi. Uning ilmiy merosi kutubxona faoliyatining takomillashishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
2008-yildan bosh kutubxonachi Abadboy Qilichboyev bo‘lim mudiri etib tayinlandi. Qilichboyevning faoliyati davrida “Axborot-resurs markazlari” imidjini shakllantirish va rivojlantirishga aloxida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda oliy oʻquv yurtlari axborot-rerurs markazlari kutubxonachilari uchun trening kurslar, “Kitobxonlarga masofaviy xizmat koʻrsatish tizimi” va “Respublika axborot-kutubxona tizimini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzularida seminarlar va treninglar oʻtkazildi. Ushbu yillari Ilmiy-metodik boʻlimida qoshida “Jonkuyar kutubxonachi” yosh kutubxonachilar maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu davrda Ilmiy-metodika xizmatida faoliyat olib borgan bosh kutubxonachi U. Teshabayeva tomonidan bo‘lim ishini rivojlantirish va xalqaro e’tirofga olib chiqish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirdi. Masalan, 2009 yilda Moskvada Rossiya davlat kutubxonasi tashkil etgan va har yili o‘tkaziladigan “Rumyansev o‘qishlari – 2009” xalqaro ilmiy konferensiyadagi “Kutubxonachilikning umumiy makoni: madaniy-tarixiy aspekt va davr talabi” mavzusidagi davra suhbatida “O‘zbekiston Milliy kutubxonasi - hozirgi sharoitda yangi axborot kutubxonachilik sohasini qayta tashkil etishda metodik markaz sifatida” dokladi bilan qatnashdi. Hozirda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori U. Teshabayeva ilmiy-metodika bo‘limi rahbarlari T. Yegorova va A. Qilichboyevlar boshchiligida kutubxonachilik sohasining turli yo‘nalishlarida chuqur bilim va katta tajriba to‘pladi. Bugungi kunda, 200 dan ortiq axborot-kutibxona markazlari va 4 mingga yaqin xodimlarni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli muassasaga rahbarlik qilmoqda.
A. Qilichbayevdan so‘ng ushbu bo‘lim boshqaruvi Borisov Vladimir Anatolyevich zimmasiga yuklatildi. 2012-yilda O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi tuzilmasi shakllantirilishi munosabati bilan xizmat xodimlari kutubxonaning yangi tarkibiy bo‘linmalari uchun me’yoriy hujjatlarni va foydalanuvchilar bilan kutubxona o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi bir qator nizomlarni ishlab chiqdilar. Bular jumlasiga quyidagilar kiradi: axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish tartibi, ma’lumotnoma-axborot xizmati ko‘rsatish qoidalari, dissertatsiyalar fondidan foydalanish tartibi, axborot-kutubxona resurslarini nusxalash, skanerlash va raqamlashtirish xizmatlarini taqdim etish nizomlarini misol tariqasida keltirishimiz mumkin.
Hukumatning bir qator topshiriqlarini amalga oshirish doirasida xizmat tomonidan axborot-kutubxona faoliyati masalalari bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi. Ular orasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi foydalanuvchilariga masofaviy xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi nizom (2012 yil 18 iyundagi 77-sonli buyruq bilan tasdiqlangan), O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan axborot-kutubxona va boshqa turdagi xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom (2012 yil 12 oktabrdagi 133/1-sonli buyruq bilan tasdiqlangan) va boshqa hujjatlar mavjud.
2015-yil Ilmiy-metodika xizmati rahbari V. Borisov “Kataloglashtirish va tizimlashtirish” xizmati rahbari lavozimiga tayinlanganligi munosabati bilan rahbar majburiyatlari Polyakova Vera Sergeyevnaga yuklatildi va u ushbu bo‘limni 2015-2018 yillar davomida boshqarib keldi. O‘sha davrda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori sifatida faoliyat olib borayotgan A. A. Xodjaevning tashabbusi bilan joriy qilingan va har oyning oxirida o‘tkazilishi belgilangan “Mutaxassis kuni”ni o‘tkazish ishlari jadallashdi. Mutaxassis kunlarida axborot-kutubxona faoliyatining zamonaviy holati va rivojlanishi, ishlab chiqilayotgan va qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar haqida ma’lumot berish, shuningdek, xorijiy kutubxonalar va tashkilotlar tomonidan uyushtirilgan xalqaro tadbirlarda ishtirok etgan mutaxassislarning ma’ruzalarini tinglash amalga oshirildi. Shuningdek, ushbu yillarda Respublikadagi imkoniyati cheklangan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish masalasi bo‘yicha bir qator hujjatlar ishlab chiqildi va sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazildi.
Ushbu yillarda mazkur xizmatda V. Polyakova, V. Borisovlar birgalikda bosh mutaxassislar Laziz Narziyev, Muxtarama Kamilova va Muyassar Boltabayevalar ham faoliyat olib borgan. M. Kamilova va boshqa mutaxassilar axborot-kutubxona mutaxassislari uchun yordamchi qo‘llanma sifatida ishlab chiqilgan “Kutubxonachiga yordam” nomli daydjest (2019 yilda nashr qilingan) va “Axborot-kutubxona faoliyatiga oid me’yoriy hujjatlar to‘plami”ni (2021-yilda nashr qilingan) tuzishda jonbozlik ko‘rsatganligini alohida ta’kidlash zurur.
2019-2020 yillar oralig‘ida ushbu bo‘limni o‘z kasbining bilimdoni, tajribali mutaxassis va bibliograf uzoq yillar davomida O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘z faoliyatini olib borgan Ro‘ziyeva Fazila Muxtarovna boshqardi. Uning faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatilishini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-4354-sonli qaror tasdiqlanib, belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan quyidagi ishlar amalga oshirildi:
umumta’lim maktablari va o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari qoshida faoliyat yuritayotgan barcha axborot-resurs markazlari tugatilib, ular o‘rniga Milliy kutubxona qoshida 186 ta tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini tashkil etish, joylashtirish va jihozlash bo‘yicha talablar ishlab chiqildi va tasdiqlandi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarining me’yoriy-huquqiy hujjatlari ishlab chiqildi;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mexnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda axborot-kutubxona markazlari faoliyatining reglamenti ishlab chiqildi va tasdiqlandi;
“Kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risidagi nizom hamda ko‘krak nishoni loyihasi ishlab chiqilildi.
F. Ro‘ziyeva faoliyati davrida respublika kutubxonalariga metodik yordam ko‘rsatish va axborot-kutubxona muassasalari ishini tashkil etish hamda aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatishning minimal talablarini belgilash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi axborot-kutubxona muassasalari faoliyatining milliy model standarti” ishlab chiqildi [4].
Ilmiy-metodik xizmati xodimlari 70 yil mobaynida kutubxonachilik sohasidagi metodik ish va yordamning barcha turlarini samarali ravishda ko‘rsatib kelmoqda. Ular kutubxonachilik faoliyatining har bir bosqichida ilmiy yondashuvlarni tatbiq etish orqali, kutubxonalar tizimining rivojlanishiga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Bu davomli va keng qamrovli ishni 2020-yildan boshlab, kutubxonachilik sohasini rivojlantirish va takomillashtirish uchun mehnat qilib kelayotgan, ushbu sohada qariyb 25 yildan ortiq faoliyat yuritgan mutaxassis Kamilova Saodat Ergashevna o‘z bo‘yniga oldi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tarkibidagi Ilmiy-metodika xizmati koʻp yillardan beri butun Respublikadagi kutubxonalar uchun ilmiy-metodik markaz sifatida faoliyat yuritib, ularga uslubiy yordam ko‘rsatish va sohaga oid rivojlanish strategiyalarini belgilashda muhim rol o‘ynab kelmoqda. Uning asosiy vazifalarni biri, bu kutubxona faoliyatini metodik qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir. Aynan shuning uchun, ya’ni kutubxonalar ishini samarali tashkil etish maqsadida 2020-2025 yillar oralig‘ida ushbu xizmat tomonidan 10 ga yaqin uslubiy qo‘llanmalar, tavsiyalar va 30 dan ortiq me’yoriy-uslubiy hujjatlar ishlab chiqildi hamda amaliyotga tatbiq etildi. Ulardan misol tariqasida quyidagilarni keltirishimiz mumkin. “Axborot-kutubxona muassasalarida onlayn tadbirlarni o‘tkazish”, Axborot-kutubxona markazlarining ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati”, “Axborot-kutubxona muassasalarida hamkorlik kelishuvlari: shartnoma, bitim va memorandumlar tuzish tartibi” va “Adabiyotlarni qayta baholash” bo‘yicha metodik tavsiyalar, “Metodik qo‘llanmalarni tuzish texnologiyasi” va “Aholiga nostatsionar kutubxona xizmati ko‘rsatishni tashkil etish” mavzusida metodik qo‘llanmalar, Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Ilmiy tafakkurning buyuk namoyondasi” nomli metodik-bibliografik qo‘llanma, “Axborot-kutubxona faoliyatiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar to‘plami, “Axborot-kutubxona muassasalarida axborot-kutubxona resurslarini hisobga olish, fondlarni saqlash va hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi Nizomlar” to‘plami va boshqa hujjatlar ishlab chiqildi.
Bugungi kunda zamonaviy texnologiyalarning jadal sur’atlarda rivojlanishi hayotimizning barcha sohalariga ta’sir etmoqda. Bu o‘zgarishlar axborot-kutubxona muassasalari faoliyatida ham o‘z aksini topmoqda - sohada texnologik yangiliklarni keng joriy etilib, yangi ish usullari shakllanmoqda. Aynan shu maqsadda, 2023-yilda O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Ilmiy-metodik xizmati rahbari tashabbusi bilan Telegram messenjerida “Metodika_Natlib” guruhi tashkil etildi. Ushbu guruhning asosiy vazifasi — axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni attestatsiya jarayonlariga tayyorlash, sohadagi yangiliklar va o‘zgarishlar haqida tezkor axborot yetkazib borishdan iborat. “Metodika_Natlib” guruhi kutubxonachilar uchun malakani oshirish hamda ularni yangi bosqichga olib chiqishda muhim vositaga aylandi. 2023–2025-yillar davomida ushbu guruh orqali 1228 ta savol-javob viktorinalari o‘tkazildi. 10 dan ortiq ovozli audio va videochatlar o‘tkazildi. Hozirda ushbu guruh orqali 3930 ga yaqin axborot-kutubxona mutaxassislari oʻz bilimlarini oshirib kelmoqda.
Shuningdek, “Metodika_Natlib” guruhi orqali berilgan bilimlarni mustahkamlash, soha mutaxassislarining kasbiy rivojlanishi va faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 35 dan ortiq metodik to‘garaklar tashkil qilindi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi Ilmiy-metodik xizmati tomonidan olib borilgan kuzatuv va tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mamlakatda axborot-kutubxona sohasining rivojlanayotganiga qaramay, kutubxona xodimlarining malakasi talab darajasida emas. Axborot-kutubxona muassasalarida ishlayotgan mutaxassislar faoliyatini rivojlantirishda, o‘quv kurslar, seminarlar, mahorat darslari, metodik to‘garaklar va treninglar tashkil etilgan bo‘lsa-da, kutubxonachi xodimlarining bilimlarini oshirish va yangilashga ehtiyoj hamon mavjud. Buni hal qilish uchun doimiy ravishda professional rivojlanish va uzluksiz ta’lim muhimdir.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, 2024-yildan boshlab, “Metodika-Natlib” mobil ilovasi yaratildi. Ushbu loyihaning boshqalardan avzalligi, qulay interfeysga ega, oflayn rejimda ishlash imkoniyati mavjud va kutubxonachi uchun qulay yordamchi dastur hisoblanadi. Ushbu dasturga Ilmiy-metodik xizmati tomonidan yaratilgan uslubiy qoʻllanmalar yuklab borilmoqda. Mutaxassis ilovani bir marta yuklab olgandan soʻng, yangi kiritilayotgan hujjatlar bilan tanishib borishi va ish faoliyatida qoʻllashi mumkin.
Shu bilan birga, ilmiy-metodik xizmatida hozirgi kunda yosh mutaxassislarning keng jalb qilinishi kuzatilmoqda. Yoshlar bilan hamkorlik, ularning zamonaviy bilim va innovatsion yondashuvlaridan foydalanish, kutubxonachilik sohasining rivojlanishiga hissa qo‘shishga imkon yaratmoqda. Bu yosh mutaxassislarning nazariy va amaliyotdagi tajribalarini amalga oshirishga, sohadagi yangiliklarni keng joriy qilishga xizmat qilmoqda. Ushbu yosh mutaxassislarga O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ko‘p yillar davomida turli bo‘limlarda samarali faoliyat ko‘rsatgan va o‘z sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan Nazokat Alimova va Komola Kamilovalar yo‘lboshchilik qildi. Ularning yordamida, Dilafruz Rasuleva, Muhtasar Xoliqova, Xusnora Ashirmetova, Rustam Malikov va Gulzoda G‘opporovalar zamonaviy kutubxonachilik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini chuqurlashtirib, kelajakdagi istiqbolli yosh mutaxassislar sifatida shakllanishmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Ilmiy-metodika xizmati kutubxonachilar faoliyatini ilmiy va uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab, innovatsion yondashuvlarni joriy etish orqali axborot-kutubxona sohasining samarali rivojlanishiga katta hissa qo‘shmoqda. Kutubxona metodistlari zamonaviy tendensiyalarni o‘rganib, ularni respublika kutubxonalariga tatbiq etishda faol ishtirok etmoqda. Bu esa, O‘zbekiston kutubxonachilarini yangi davr talablariga javob bera oladigan mutaxassislarga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Foydalanilgan adabiyotlar va manbalar ro‘yxati
1. https://www.natlib.uz/bbs/content/94_432
2. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ilmiy metodika bo‘limining shakllanish tarixi va faoliyati. Stranitsы istorii i stanovleniya metodicheskoy rabotы v Natsionalnoy biblioteki Uzbekistana imeni Alishera Navoi: metodik qo‘llanma/ Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy k-nasi; tuzuvchi U. Teshabayeva; muharrir J. Qo‘nishev; masʻul muharri H. Mamatraimova. – Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2010. – 76 b.
3. Kutubxona tarixiy o‘zgarishlar davrida: Betgerxonlik – 2007: davra suhbati materiallar to‘plami / Taxrir kengashi: A. Umarov va boshq. – Toshkent: A. Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2008. – 220 b.
4. O‘zbekiston axborot-kutubxona muassasalari faoliyatining Milliy model standarti [Matn] : Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi. – Toshkent : A. Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2009. – 132 b.
5. Yuksak sadoqat va fidoyilik ramzi: (Hamroxon Mamatraimova) / Nashrga tayyorlovchi va muharrir Z.Berdiyeva; Tuzuvchi M.Matmuradova.-Toshkent: 2019. – 79 b.