Maqolada O‘zbekiston kutubxonalarida bibliografiya ishining rivojiga o‘z hissalarini qo‘shgan, kutubxonachilik ishi taraqqiyotiga va kutubxonachi kadrlarni tayyorlashga katta hissa qo‘shgan mashhur professional kutubxonachi va bibliograf ayollarning hayoti va faoliyati haqida ma’lumotlar yoritilgan.

Kalit so‘zlar:bibliograf, kutubxonachi, ustoz, xotiralar

 

FEMALE BIBLIOGRAPHERS WHO CONTRIBUTED TO THE DEVELOPMENT OF BIBLIOGRAPHY IN UZBEKISTAN

 

Nurimova Qunduzay, Deputy director of library affairs in thye Fundamental library of thye Academy of Sciyencyes

 

 

The article presents information about the lives and professional contributions of distinguished female librarians and bibliographers who have played a significant role in advancing bibliographic practices within libraries of Uzbekistan. Their substantial impact on the development of librarianship and librarian training is also discussed.

Keywords: bibliographer, librarian, mentor, memoirs

 

Barkamol avlod tarbiyasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ilmiy, tarixiy, badiiy qimmatga ega adabiyotlardan unumli foydalanish, kitobxonlarda zamonamizning dolzarb masalalariga, mavzulariga qiziqish uygotish, shakllantirish va ularni to‘la hamda sifatli qondirish, yoshlarning intellektual salohiyatini, bilimga, axborotga bo‘lgan intilishlarini, ularning ijodiy qobiliyatini tarbiyalashda, dunyo axborot resurslari haqida o‘z vaqtida ma’lumotga ega bo‘lishlarida bibliografik axborot mahsulotlari – bibliografik ko‘rsatkichlar, tavsiya ro‘yhatlari, bibliografik sharxlar alohida o‘rin tutadi. Ma’lumot - bibliografiya apparati – katalog va kartotekalar, elektron kataloglar, elektron bibliografik resurslar esa, kitobxonlarning talablarini, qiziqishlarini tezkorlik bilan va samarali bajarishda yordamga keladi. Ularni tayyorlash, ulardan unumli foydalanish jarayonlarida zamonaviy axborot texnologiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanish bibliografdan juda katta bilimni, professional mahoratni, psixologik qobiliyatni, pedagogik malakani, texnologik savodxonlikni talab etadi. O‘zbekistonning ham soha rivojiga hissa qo‘shgan bibliograf olima ayollari haqida ma’lumot beradigan ushbu maqolada O‘zbekiston bibliografiyasiga o‘zining hissasini qo‘shgan va qo‘shib kelayotgan bibliograf, ustoz-pedagog ayollar haqida ma’lumotlar berildi.

O‘zbekiston bibliografiyasi rivoji yo‘lida mehnat qilgan Nosirova Matluba Yaxyayevna - kutubxonachi-bibliograf sifatida tanilgan ustozlarimizdan biri. M. Nosirova Toshkent shahrida 1924-yili tavallud topadi, ota-onasidan juda erta ayrilib qolganligi sababli bolalar uyida tarbiya topadi. 1942-yili o‘rta maktabni tugatib, o‘sha paytdagi komsomol kotibasi kursida o‘qiydi va komsomol tashkilotlarida ishlagan.

1949-yildan komsomol yo‘llanmasi bilan Farg‘ona viloyat kutubxonasida kutubxonachi sifatida ish boshlaydi. 1951-yildan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat kutubxonasi (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi)da faoliyatini davom ettiradi va o‘z malakasini, bilimini oshirish maqsadida Moskva Davlat madaniyat institutining kutubxonachilik fakultetiga ta’lim olgani boradi va 1957-yili uni tugatib, kutubxonachi-bibliograf mutaxassisligiga ega bo‘ladi. 1972-yilga qadar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat kutubxonasining bibliografiya bo‘limida oddiy bibliograf lavozimidan to bo‘lim mudiri lavozimigacha ishini davom ettiradi. Milliy kutubxona boshlang‘ich partiya tashkilotiga rahbarlik qiladi. 1972-yili partiya topshirig‘i bilan Toshkent madaniyat texnikumiga direktorlik lavozimiga o‘tkaziladi. 1974-yili Toshkent Davlat madaniyat instituti tashkil etilgandan so‘ng, institut rektori, akademik Aziz Po‘latovich Qayumovning taklifi bilan “Bibliografiya” kafedrasining katta o‘qituvchisi lavozimida nafaqaga chiqqunga qadar talabalarga ustozlik qiladi.

Kutubxonada ishlab yurgan vaqtlarida juda ko‘plab mavzularda, turli xil bibliografik ko‘rsatkichlarni mustaqil va hamkorlikda tayyorladi hamda nashr ettirdi. Ulardan “O‘zbekiston”, “O‘zbek adabiyoti”, ”O‘zbekiston SSRning 30 yilligi” kabi ko‘rsatkichlarni eslab o‘tish mumkin. 9 ta yirik bibliografik ko‘rsatkich va qo‘llanmalarga muharrirlik qiladi, O‘zbekiston va Rossiya jurnallarida bir qator muammoli maqolalari nashr etilgan. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat kutubxonasining 100 yilligi munosabati bilan nashr etilgan monografiyaning yirik bo‘limi - “1917 - yildan so‘nggi davrda kutubxonaning ilmiy-bibliografik faoliyati” ni yozgan. Unda muallif bibliografiya ishining taraqqiyotini batafsil yoritib bergan. Talabalarga “Ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar bibliografiyasi” fanidan dars o‘tib, o‘zining siyosiy bilim saviyasi yuqori ekanligini, o‘sha davr siyosatining malakali targ‘ibotchisi, malakali rahbar ekanligini ko‘rsata oldi. Ustoz ajoyib va malakali bibliograf Nosirova tomonidan tuzilgan bibliografik manbalar ayni kungacha keng kitobxonlar ommasi uchun kerakli ma’lumotlarni topishda foydalanib kelinmoqda.

O‘zbekiston Davlat Kitob palatasi bibliografi Po‘latova Sanobar Sagatovna - O‘zbekiston kutubxonalarida ko‘p mehnat talab qiladigan bibliografik qo‘llanmalarni tuzish, muharrirlik qilish kabi vazifalarni muvaffaqiyatli bajarib kelgani uchun hamda O‘zbekiston Davlat Kitob palatasi tashkil topganining 50 yilligi munosabati bilan Faxriy yorliq bilan taqdirlandi. 1972- yilda vijdonan ishlaganligi uchun O‘zbekiston matbuot davlat qo‘mitasining Faxriy yorlig‘ini oldi, O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumining “Mehnat faxriysi” medali bilan taqdirlandi. 2005-yilda ko‘p yillik va samarali mehnati, milliy madaniyatni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun unga O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni berildi. Sanobar Po‘latova 1937- yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng, 1955-58 - yillarda Toshkent madaniyat-oqartuv texnikumida ta’lim oladi, 1966- yilda esa Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutining kutubxonachilik fakultetida ta’lim olib, kutubxonachi-bibliograf mutaxassisligini olgan. U kasbiy faoliyatini Toshkent xalq xo‘jaligi instituti kutubxonasida boshlab, 1963-yildan Toshkent Davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) Fundamental kutubxonasida kutubxonachi lavozimida davom ettirdi. Turli kutubxonalarda ishlagan davrida o‘zini tajribali va bilimdon kutubxona xodimi sifatida namoyon etdi, ish jarayonida kutubxonachilik sohasiga oid bilimlarini chuqurlashtirdi va kengaytirdi, kasbiy bilimini takomillashtirdi. 1972 - yildan Sanobar Po‘latova O‘zbekiston Respublikasi Milliy Kitob palatasida joriy bibliografiya bo‘limining Bosh bibliografi lavozimida ishlagan. Sanobar Po‘latova uzoq muddatli kutubxonadagu faoliyati davomida oddiy kutubxonachi lavozimidan to bo‘lim boshlig‘i lavozimigacha murakkab va qiziqarli yo‘lni bosib o‘tdi. U kutubxonachilik va milliy bibliografiya sohasida ko‘p ishlar qilgan. Milliy kitob palatasida u “O‘zbekiston Respublikasi matbuot solnomasi”ni tayyorlashda faol ishtirok etdi. 1976-yildan 1990-yilgacha “O‘zbekiston kitobi solnomasi” ko‘rsatkichlari va boshqa bibliografik ma’lumotnomalarning doimiy tuzuvchisi bo‘lgan. O‘z ishining katta mutaxassisi, yuqori malakali bibliograf sifatida u Moskva, Alma-ata, Bishkek va MDHning boshqa respublikalarida Butunjahon kitob palatasi tomonidan tashkil etilgan Xalqaro bibliografik seminarlar va yig‘ilishlarda faol ishtirok etib, O‘zbekiston milliy bibliografiyasini munosib targ‘ib etdi.

Turopova Apipa Xoshimovna- respublikamizning taniqli bibliograflaridan biri. 1941 -yili 23- martda Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. 1959- yili Toshkentdagi 75-sonli o‘rta maktabni tugatib, 1962-yili Toshkent Davlat pedagogika isntitutining kutubxonachilik fakultetiga o‘qishga kiradi. Apipa Xoshimovna o‘qishni tugatishi bilan 1966- yili shu institut kutubxonasiga ishga qoldiriladi. 1967-1981-yillar O‘zbekiston Kitob palatasida katta bibliograf, bosh bibliograf, ma’lumot-bibliografiya bo‘limining mudiri vazifalarida faoliyat ko‘rsatadi. Shu yillar mobaynida barcha turdagi kundalik, davlat bibliografiyalarini tuzishda va nashr etishda, katalog va kartotekalar tizimini tashkil etish va to‘ldirib borishda ishtirok etgan. Ish faoliyati mobaynida nashrdan chiqqan “Kitob solnomasi”, “Jurnal maqolalari solnomalari”, “Notalar solnomasi”, yirik, o‘sha davr talabi bilan nashr etilgan retrospektiv bibliografik ko‘rsatkichlarni tayyorlashda va nashr etishda qatnashgan.

1968-1969-yillarda Moskva shahrida Butunittifoq kitob palatasining ilmiy seminarlarida ma’ruzalar bilan ishtirok etgan. 1981-yil mart oyidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat kutubxonasining milliy bibilografiya bo‘limida katta bibliograf, sho‘ba mudiri lavozimlarida ishini davom ettiradi. “O‘zbekiston” kartotekasining adabiyot, tarix, falsafa, qishloq xo‘jaligi bo‘limlari uchun muntazam ravishda bibliografik ma’lumotlarni yig‘ib bordi. “O‘zbekiston Respublikasining muhim va unutilmas sanalar taqvimi”, “O‘zbek adabiyoti” (1959-1970 yy) ko‘rsatkichi, “Adabiyotshunoslik va o‘zbek xalq ijodi, folklor” (1959-1970 yy) ko‘rsatkichlarini nashrga tayyorladi, afsuski ayrim sabablarga ko‘ra ular nashr etilmay yozuv mashinasidan chiqqan holida saqlanmoqda. M. Muhammadjonova, S. Shermuxammedova bilan hamkorlikda “Al-Xorazmiy”, Z. Berdiyeva bilan hamkorlikda “Alisher Navoiy”, S. Shermuxamedova, S.A.Teplova bilan birgalikda “Sharof Rashidov” kabi yana boshqa ko‘pgina ko‘rsatkichlarni tuzgan va nashrdan chiqargan. 1996–yil nafaqaga chiqqan. Hozirda farzandlari va nabiralari ardog‘ida qarilik gashtini surmoqda.

Mamatraimova Xamroxon- respublikamizning bibliografiya ishi nazariyasi va amaliyoti sohasida ish olib borgan bibliograf olimalarimizdan biri. 1952-yilda Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanining Yangi chek mahallasida tavallud topgan va o‘rta maktabni shu yerda tugatgan. Avval Namangan madaniyat texnikumining kutubxonachilik bo‘limini va 1977-yili Toshkent Davlat madaniyat institutining kutubxonachilik fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgan. Keyinchalik Moskva Davlat Madaniyat institutining kunduzgi aspiranturasini tugatib, 1987-yili shu institutda kutubxonachilik ishi sohasida o‘zbek ayollaridan ikkinchi bo‘lib “O‘lkashunoslik spravka-bibliografiya apparati mahalliy bibliografik resurslarning tarkibiy qismi sifatida. Ko‘p tillik sharoitda uning tuzilishi va foydalanish muammolari” mavzusida Moskva Madaniyat instituti professori Nikolay Nikolayevich Sherbaning ilmiy rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi va pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini oladi. Tadqiqot respublikamizning viloyat kutubxonalari negizida bajarilgan va unda o‘lkashunoslik bibliografiyasida spravka –bibliogarafiya apparatining o‘rni, kutubxonachilik-bibliografik resurslarning ahamiyati, ma’lumot bibliografik apparati (MBA)ning tuzilishi, kutubxona bibliografik klassifikatsiyasi (KBK) jadvalining MBAni tashkil etishdagi roli, o‘lkashunoslik katalogini tashkil etishdagi o‘rni, Rosssiya kutubxonalarining shu sohadagi tajribasi, ikki tillik yoki ko‘p tillik sharoitda MBAni tashkil etishning xususiyatlari masalalari o‘rganilgan. 1977-yildan “Bibliografiya” kafedrasida bibliografiyaga oid barcha fanlardan dars bergan. Bir qator o‘quv qo‘llanmalari, dasturlari, uslubiy qo‘llanmalari nashrdan chiqqan. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida nashrdan chiqqan ko‘plab dolzarb mavzudagi uslubiy-bibliografik qo‘llanmalarning muallifi, tuzuvchisi va muharriri sifatida faoliyat yuritgan. O‘zbekiston ommaviy kutubxonalarida o‘lkashunoslik ishini tashkil etish masalasiga oid uslubiy-o‘quv qo‘llanmalari nashr etilgan. Ko‘plab xalqaro, respublika va institut ilmiy to‘plamlarida bibliografik kadrlar tayyorlash, bibliografiya ishi nazariyasi, tarixi va metodikasiga oid ilmiy maqolalar bilan ishtirok etgan. Turli anjumanlardagi chiqishlari, ilmiy maqolalari dolzarbligi, mazmundorligi bilan barchaning e’tiborini tortar edi. O‘zbekiston Respublikasining Milliy enциклopediyasi nashr etilganda asosiy mualliflardan biri sifatida “Davlat bibliografiyasi”, “Kitob belgisi”, “Kitobxon jamiyati”, “Kongress kutubxonasi”, “Madaniyat instituti” kabi mavzulardagi ilmiy maqolalari bilan ishtirok etdi. Mamatraimova pedagoglik faoliyatini amaliyot bilan uzviy bog‘liqlikda olib bordi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining ilmiy-uslubiy bo‘limida yetakchi va keyinchalik Bosh uslubchi lavozimida faoliyat olib borib 300 dan ortiq uslubiy qo‘llanmalarni tuzdi va muharrirlik qildi. Xamroxon Mamatraimova ishlagan vaqtdagi uslubiy-bibliografik qo‘llanmalar har jihatdan savodliligi, sifati va mazmundorligi, dolzarbligi bilan ajralib turgan. Bibliografik yozuv qoidalariga bag‘ishlangan O‘zbekistonning dastlabki Davlat standarti (2009) ning asosiy muallifi. O‘zbekistonda tabiiy fanlar va qishloq xo‘jaligiga oid adabiyotlar bibliografiyasi”, “O‘zbekistonda bibliografiya ishi nazariyasi, tarixi va metodikasi”, “ O‘zbekiston o‘lkashunoslik bibliografiyasi” o‘quv qo‘llanmalarining muallifi. Umrining so‘nggi kunlariga qadar kadrlar tayyorlashga o‘zining hissasini qo‘shib keldi. Uning ilmiy rahbarligida amalga oshirilgan diplom ishlari va keyinchalik bitiruv malakaviy ishlari o‘zining sifati, mazmuni bilan ajralib turgan, ayrimlari kitob holida ham nashr etilgan. Uning shogirdlari O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Laos, V’etnam, Afg‘oniston, Hindiston davlatlari kutubxonalarida faoliyat yuritib keladi. Mamatraimova X. talabalarning qattiqqo‘l , talabchan va mehribon ustozi edi. Bir necha yillar davomida Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat madaniyat institutining aspirantura bo‘limini boshqargan.

2012-yil sentyabr oyida 60 yoshida Toshkent shahrida vafot etgan.

Berdiyeva Zuhra Shukurovna – 1956-yil Sirdaryo viloyati Guliston tumanida tavallud topgan. 1973-yilda o‘rta maktabni tugatib, tuman xalq maorif bo‘limida ish faoliyatini boshlagan. 1974-yilda Toshkent davlat madaniyat institutiga kutubxonachilik fakultetiga o‘qishga kirib, 1978-yilda institutni imtiyozli diplom bilan tugatdi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, ko‘zga ko‘ringan bibliograf marhuma Matluba Yax’yayevna Nosirova maslahati bilan “Abdulla Qahhor biobibliografiyasi”ni tuzib, diplom ishi sifatida himoya qildi. Shu ishning samarali bo‘lishi uchun Abdulla Qahhorning shaxsiy kutubxonasini ko‘rib chiqish, qo‘lyozmalari bilan tanishish, u yashagan muhitni ko‘rish maqsadida Kibriyo opa Qahhorova (Abdulla Qahhorning rafiqasi) bilan tanishdi va ularning yordamida yozuvchining barcha arxiv materiallaridan foydalangan holda 156 sahifalik diplom ishini yozib tugatdi, bu hajmdagi ish fakultetning 20 yillik tarixida eng katta ish deb tan olindi va respublika talabalarining ko‘rik tanlovida 2-chi o‘ringa sazovor deb topildi. Diplom ishi himoyasida ishtirok etgan 7 kishidan iborat o‘sha paytdagi hukumat rahbari tomonidan jo‘natilgan tekshirish komissiyasi a’zolari diplom ishini nashr qilishga tavsiya etib, uni institutda o‘qituvchi sifatida qolishga tavsiya qilib, shu joyning o‘zida diplom ishi a’lo baholandi. Bu diplom ishi 1989-yil H. Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar institutining bosmaxonasida nashr etildi. Ushbu diplom ishi Berdiyevaning birinchi bibliografiya ishi hisoblanadi. 1991-yili Alisher Navoiyning 550 yilligi munosabati bilan 1968-1991-yillarni o‘z ichiga olgan “Alisher Navoiy” nomli bibliografik ko‘rsatkich (A.Turapova bilan), “Abdulla Qahhor” biobibliografiyasi, Oybekning 100 yilligi munosabati bilan “Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek” biobibliografiyasi (X.Mamatraimova bilan), 2014- yili Rustamxo‘jayev Sh. bilan hamkorlikda “Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar bibliografiyasi”, 2016-yili akademik navoiyshunos olim Aziz Po‘latovich Qayumovning 90 yillik yubileyi munosabati bilan biobibliografik ko‘rsatkich, hammualliflikda “Bibliografiya” o‘quv qo‘llanmasi, “Xalqaro bibliografik MARK formatlar”, muharrirligida 3 tomlik “Kutubxonashunoslik” darsligi, “Chet el adabiyotlari bibliografiyasi” o‘quv qo‘llanmasi (M.Matmurodova bilan)- jami 7 ta, ”Kutubxonada fandrayzing”, “Badiiy adabiyotlarni targ‘ib qilishning ommaviy usullari”, “Adabiy o‘qishlarni tashkil etish metodikasi”, “Adabiy viktorinalar” kabi 27 tadan ortiq uslubiy qo‘llanmalari, 70 dan ortiq Xalqaro, Respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlar to‘plamlarida, vaqtli matbuotda kutubxonachilik ishi, bibliografiya ishi masalalariga oid maqolalari nashrdan chiqdi. “Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar bibliografiyasi” 2014-yili Bobur Xalqaro jamg‘armasining mukofoti bilan taqdirlandi. O‘zbekiston bibliografiyasi tarixida 2 ta bibliografiya mukofotga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, ularning biri “Abdulla Qahhor” biobibliografiyasi, ikkinchisi “Bobur va boburiylar bibliografiyasi” dir.

 Berdiyeva Zuhra Shukurovnaning hayoti va ijodi, asarlari haqida 1979-yili “O‘zbekiston madaniyati” gazetasida, 1977-yili “Saodat” jurnalida, 2004-yili A.I. Kormilitsinning “Видные библиотековеды и библиографы Узбекистана” nomli to‘plamida, “Jamiyat”, “Shifo info” gazetalarida 10 dan ortiq maqolalar chop etilgan.

1979-yildan boshlab to shu kunga qadar Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat Madaniyat institutining kutubxonachilik fakultetida, Muhammad al–Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Axborotlashtirish va kutubxonashunoslik” kafedrasida, pedagogika kollejlarida, malaka oshirish institutlari va fakultetlarida o‘qish madaniyati, kutubxonachilik ishini rivojlantirish, jamiyat rivojida kutubxonalar rolini oshirish, aholiga namunali va sifatli axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish, bibliografik faoliyat masalalari, axborot savodxonligi, kitobxonlik faoliyatini tashkil etish, yoshlarni kasb tanlashga tayyorlash, elektron kataloglarga oid masalalar yuzasidan mashg‘ulotlar o‘tmoqda, qator maqolalar bilan matbuotda, radio va televideniyada ishtirok etib kelmoqda, Xalqaro anjumanlarda ishtirok etadi, 30 dan oshiq uslubiy, bibliografik va o‘quv qo‘llanmalar muallifi sifatida nashr ettirmoqda. 2011- yil avgust oyidan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Fundamental kutubxonasi direktori lavozimida faoliyat olib borish bilan birga bir necha bibliografik va o‘quv qo‘llanmalar muallifi va muharriridir. 2012-yili yaxshi insonlar tavsiyasi bilan O‘rta Osiyo “Turon” Fanlar akademiyasining akademigi unvoni berildi. Bu kutubxonachilik sohasida birinchi marta ayollarga berilgan unvondir. 2021-yilda “Axborot-kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shu yilda yana O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan “I –darajali Mehnat faxriysi”, Qurolli kuchlar vazirligi tomonidan “Ma’naviy – ma’rifiy ishlar a’lochisi”, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Matmurodova Malika Isayevna – 1961-yil Toshhovuz viloyatining Toshhovuz tumanida tavallud topgan. 1978-yilda o‘rta maktabni tugatib mehnat faoliyatini qishloq kutubxonasida boshlagan. 1988-1992-yillarda Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat madaniyat institutining “Kutubxonachilik” fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatib, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida uslubiyotchi, sho‘ba mudiri bo‘lib faoliyat yuritdi. 1999- yildan Toshkent Davlat madaniyat institutining “Bibliografiya” kafedrasida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi lavozimlarida, 2001-yildan fakultet dekani o‘rinbosari lavozimlarida ishlab keldi. “O‘zbekistonda badiiy adabiyotlar va adabiyotshunosligi bibliografiyasi» kursidan mashg‘ulotlar olib boradi. 2001-yil institutning aspiranturasini tamomladi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida uslubiyotchi sifatida 40 dan ortiq ko‘plab milliy ijodkorlarimiz, yozuvchi, shoirlarimiz, san’atkorlar, milliy qadriyatlarimiz, muhim sanalar, voqealar munosabati bilan ko‘plab uslubiy-bibiliografik qo‘llanmalar muallifi. Masalan, “Millatni uyg‘otgan adib”, “Asli dunyo mehrdan yaralgan”,”Sharqning ulug‘ musavviri”, “G‘afur G‘ulom”, “Ubaydullo Solih o‘g‘li Zavqiy”, “Ma’rifatparvar shoir”, “Ozodlik va istiqlol kuychisi” kabi qo‘llanmalar shular jumlasidan. Grant asosida amalga oshirilgan tadqiqot ishi natijasida nashr etilgan “Mafkura va yoshlar” uslubiy qo‘llanmasining mualliflaridan biri. Bundan tashhari 1999-2018-yillar Respublika ko‘zi ojizlar kutubxonasining ilmiy uslubiy ishlariga yordam bergan. 2021-yilda “Axborot-kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Hozirgi kunda O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining Kutubxona-axborot faoliyati kafedrasida bibliografiya yo‘nalishida ta’lim berib kelmoqda.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, madaniyatning zamini insonlarga ziyo tarqatuvchi, umrning aql-idrokiga ma’naviy-ma’rifiy ozuqa beruvchi tafakkur mahsuli - kitobat olamidan iborat. Binobarin, bir avlod hayot tajribasi, yutuq va kamchiliklari, g‘alaba-yu, mag‘lubiyatlari, hatto kamchiliklari keyingi avlodga kitob orqali meros bo‘lib qoladi. Kitob esa o‘z-o‘zidan dunyoga kelmaydi, o‘quvchilar qo‘liga borib qolmaydi. Uning kitobxon hayotidagi ahamiyati, kitob muallifidan so‘ng kutubxonachi, ustoz murabbiy, kitob targ‘iboti, uning ilmiy-bibliografiya munosabatlarida yuzaga chiqadi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda gender tengligi siyosati ko‘tarilgan vaqtda kutubxonachilik va bibliografiya sohasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan va qo‘shayotgan ustozlarimiz faoliyatini yoritish, yosh avlodga yetkazish, ularning ishlarini targ‘ib qilish, ulardan o‘rganish biz mutaxassislarning burchi hisoblanadi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

Berdieva , Z . Sh . Bibliografiya : “Axborotlashtirish va kutubxonashunoslik” yo‘nalishi o‘quvchilari uchun darslik / Berdieva Z . – Tuzatilgan va to‘ldirilgan 3-nashri ; Ma’sul muharrir M . Zuparova . – Toshkent : PREMIUM POLIGRAF BIZNES MCHJ , 2024 . - 185 b .

Fidoyi inson va mehribon ustoz / O‘zb. Respublikasi FA Fundamental kutubxonasi ; nashrga tayyorlovchi va mas’ul muharrir M . Matmurodova . – Toshkent , 2018 . – 80 b .

Кормилицын , А . И . Библиотековеды и библиографы Узбекистана : Очерки и воспоминания / А.И. Кормилицын , Ответственный редактор А . Умаров , Национальная библиотека Узбекистана имени Алишера Навои , Ташкентский Государственый институт культуры им А . Кадыри . – Ташкент : Издательство Национальной библиотеки Узбекистана имени Алишера Навои , 2005 . – 296 с.

Юксак садоқат ва фидойилик рамзи / ЎзР ФА Фундаментал кутубхонаси ; нашрга тайёрловчи ва тўпловчи М . Матмурадова ; муҳаррир З . Бердиева .-Тошкент , 2019 . - 100 б .