Annotatsiya. Maqolada mutolaaning barkamol avlod tarbiyasida belgilovchi ahamiyatga ega ekanligi xususida so‘z boradi. Shu munosabat bilan “komil inson” g‘oyasi, uning tadrijiy evolyutsiyasi, bu tushunchaning davr bilan hamohang o‘zgarib, takomillashib borishi tahlil qilingan.

Kalit so‘zlar: kitob, mutolaa, komil inson, barkamol shaxsni tarbiyalash, barkamol avlod.

 

READING IS THE GUARD OF EDUCATING A PERFECT GENERATION

 

Abdusalam umarov, doctor of sociology, professor

 

Abstract. The article discusses the decisive importance of reading in the upbringing of a well-rounded generation. In this regard, the idea of the «perfect person», its gradual evolution, and the way this concept changes and improves over time are analyzed.

Key words: book, reading, perfect person, upbringing of a well-rounded person, well-rounded generation.

 

Inson kamoloti pirovard natijada jamiyat rivojini taʻmin etishi maʻlum. Shu bois yurtimizda buyuk o‘zgarishlar ro‘y berayotgan, davlatimiz rahbari ishonch bilan taʻkidlaganlaridek, “bugun biz intilayotgan Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish – bu shunchaki orzu emas. Bu – aniq strategik maqsad va umumxalq harakatiga aylanib borayotgan beqiyos amaliy jarayon” kechayotgan bir davrda jamiyat aʻzolarining komilligi masalasi butun zalvori bilan kun tartibiga chiqayotgani bejiz emas.

Inson kamolotining tadqiqoti bilan bog‘liq muhim jihatlardan biri, uning jamiyat rivojiga nisbatan mustaqillik darajasidir. Ijtimoiy munosabatlarda jamoaviylikning ahamiyatini mutlaqlashtirib, markschilar komil insonning jamiyat rivojiga taʻsirini inkor etadi. Biroq jamiyatning inqirozli davrlarida voyaga yetgan Abu Nasr Forobiy yoki Amir Temurning yetuk zakovati mazkur qarashlarining noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatadi. Zero, ekzistensializm nazariyasiga ko‘ra, hayotining asosiy mazmuni o‘z-o‘zini shakllantirish va rivojlantirishdan iborat bo‘lgan insongina komillikka daʻvogar bo‘la oladi. Darhaqiqat, insonning komillik sari intilishida mustaqil bilim olish va mutolaaning o‘rni beqiyos bo‘lib, inson har qanday sharoitda ham, jamiyat rivojining har qanday bosqichida ham mutolaa yordamida o‘z-o‘zini rivojlantirishi, kamol toptirishi mumkin. Bu esa, mutolaa omilini favqulodda ijtimoiy zarurat darajasiga chiqaradi. Zotan, buyuk istiqbolni ko‘zlab intiluvchi har bir jamiyatda mutolaa madaniyatiga ustuvor masala sifatida yondashilishi bejiz emas.

Amaldagi nazariy-empirik tajribalar tahliliga ko‘ra, jamiyat rivoji inson kamolotiga ikki xil yo‘nalishda taʻsir qilishi mumkin.

Birinchidan, jamiyat hayotining takomillashuvi fuqaro shaxsi oldiga yangi-yangi dolzarb talablarni qo‘yib boradi. Masalan, fan va texnika taraqqiyoti, sanoatning rivojlanishi va ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi yangi ixtisosliklar, yuqori malaka va maxsus bilimlarni egallashni kun tartibiga qo‘ymoqda hamda jamoaviy mahsulot mazmunida shaxsiy ulush masʻuliyatini oshirishni dolzarblashtirmoqda.

Ikkinchidan, yangicha shart-sharoitlar kishilarning o‘zaro munosabatlarga kirishish usullarini ham o‘zgartirmoqda. Paydo bo‘lgan mazkur yangiliklarni o‘zlashtirish va tartibga solishga intilish ham inson kamolotiga xizmat qiladi. Masalan, kompyuter texnologiyalari va internetning kundalik hayotimizga shitob bilan kirib kelganligi, internet, ijtimoiy tarmoqlar kishilararo maʻlumot almashishning qulay vositasiga aylangani bu texnologiyalardan foydalanish madaniyatini shakllantirish va uni turmush tarzining deyarli barcha jabhalariga joriy etishni talab qilmoqda. Ayniqsa, bugungi kunda inson faoliyati doirasiga sunʻiy intellektning kirib kelishi ham barkamollik mezonlari ko‘lamini kengaytirib yubordi.

Ijtimoiy hodisa bo‘lgan komil insonni tarkib toptirishga tarixiy shart-sharoit bevosita va bilvosita taʻsir etadi. Xalqimizning tarixiy tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy taraqqiyotning maʻlum bosqichlarida turlicha xususiyatlarga ega bo‘lgan tarbiya usullari va jarayonlari, ijtimoiy mo‘ljallar va qadriyatlar ustuvor mavqe kasb etib, o‘zgarib borgan. Ular konkret shaxsning yoki guruhning jamiyatda tutgan o‘rni, mavjud davlat tuzumi va boshqa shu kabi omillar, ko‘plab ijtimoiy hodisalar qatori «komil inson» g‘oyasiga munosabat va uni tarkib toptirish jarayonlariga ham turlicha yondashuvlarni yuzaga keltirgan. Bu esa, komil insonni tarbiyalashning tarixiy tizimini anglatadi.

Komil insonni tarkib toptirish jarayonining yana bir tizimini uning subʻektlaridan farqlash mumkin: 1) butun bir jamiyatning komillik sari intilishi; 2) alohida guruhning komillik sari intilishi; 3) shaxsning individual kamoloti.

Komil inson shaxsini kamol toptirish jarayonini mazmuniga yoki subʻektiga ko‘ra, tarixiy rivojlanish yoki amal qilishiga ko‘ra tuzilmalarga ajratishdan maqsad mazkur jarayonga taʻsir qiluvchi omillarni aniqlashdir. Tarixiy rivojlanish natijasida komil insonni tarkib toptirishning barcha jihatlari o‘zgarishga uchraydi. Konkret tarixiy sharoitlarda «komil inson» g‘oyasi, unga xos xususiyatlar, uni shakllantirish usullari va hokazolar turlicha bo‘ladi, eng muhimi esa, vaqt o‘tishi bilan takomillashib boradi. Buni xalqimizning tarixiy-madaniy rivojlanish evolyutsiyasida «komil inson» g‘oyasining davr bilan hamohang o‘zgarib, takomillashib borishida ham kuzatishimiz mumkin.

«Avesto»da komil inson g‘oyalarining juda asosli va teran qo‘yilganligi diqqatni o‘ziga tortadi. Jumladan, «o‘z xalqiga xayrixoh, odil tuzumga mos yaxshiliklar g‘oyasi nihoyatda chuqur mazmunga ega bo‘lib, komillik mezonlarining qirralarini tashkil qiladi. Ayniqsa, insonga yuksak maʻnaviyat sohibi darajasiga ko‘tarilish vazifasi qo‘yilganligi alohida ahamiyatga molik».

Milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tarkib yasovchi tushunchalaridan biri bo‘lgan komil inson hodisasiga xos xususiyatlar xalqimiz tafakkurida zardushtiylik dini bilan uzviy bog‘liq holda shakllangan edi. Darhaqiqat, komil inson g‘oyasi o‘zining rivojlanish tarixi davomida zardushtiylik dinidagi asosiy g‘oyalar – ezgulik va yovuzlik kurashi hamda ezgulikning ulug‘lanishi asosida shakllanib keldi. Zero, «komil inson g‘oyasi ham milliy, ham umumbashariy mohiyatga ega bo‘lgan, odamzotga xos eng yuksak maʻnaviy va jismoniy barkamollikni mujassam etgan, uni hamisha ezkulikka undaydigan olijanob g‘oyadir».

Barkamol shaxsni tarbiyalash azal-azaldan xalqimizning ezgu orzusi, maʻnaviyatining uzviy bir qismi bo‘lib kelgan. Buning isbotini mutafakkirlarimiz asarlarida teran ifodalanganligidan ko‘rishimiz mumkin.

Abu Ali ibn Sino insonning to‘liq kamolotga erishishi uchun uning aqli bilan birga axloqi va jismoniy xislatlari ham mukammal bo‘lishi lozimligini taʻkidlaydi. Uning fikricha tarbiya: 1) avvalo aqliy tarbiya – yoshlarni ilm-fanga o‘rgatish; 2) jismoniy tarbiya (bunga tibbiyot ilmi ham xizmat qiladi); 3) axloqiy tarbiya; 4) estetik tarbiya hamda 5) yoshlarni maʻlum hunarga o‘rgatish tarbiyasi kabilarni o‘z ichiga oladi.

IX – XII asrlarda ijod etgan Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib va boshqa bir qancha allomalar ijodida kuzatiladigan holat – jamiyatning kamolotga erishuvida «odil shoh»ning yuksak ahamiyatidir. Yaʻni, yetuk, har tomonlama komillikka erishgan odil shoh jamiyatni kamolotga olib kelishi mumkin. Mazkur yondashuvda umum va xususga, yaʻni yuqoridan ko‘rsatilgan taʻsir (qonunlar, qoidalar, tartibotlar, axloqiy sifatlar, ibrat va hokazo) pastdagi jamiki holatlarni tubdan o‘zgartirishiga qatʻiy ishonch yorqin namoyon bo‘ladi. Ammo mazkur yondashuvda yuqoridan ko‘rsatiluvchi taʻsirlar maxsus tasnif etilmaydi. Bundan farqli ravishda, tasavvuf falsafasida jamiyat kamoloti uchun har bir shaxs, u xoh shoh bo‘lsin, xoh oddiy fuqaro, komillikka erishuvi lozim. Ushbu jihatdan, tasavvuf falsafasida «komil inson» konsepsiyasi, aytish mumkinki, yangi bosqichga ko‘tarildi.

Komil inson g‘oyasi tasavvuf falsafasining doimiy diqqat markazidagi asosiy o‘zak masala hisoblanadi. Tasavvufda inson mavzui, uning kamoloti haqidagi masala doimiy bahsu munozara manbai bo‘lib kelgan. Lekin bu kamolot insonning surati, zohiri emas balki, «mo‘ʻjaz xilqat» – insonning ichki olami – botinidagi ziddiyatlar, ruh va jismning o‘zaro kurashi bo‘lib so‘fiylarni qiziqtirib kelgan. Tasavvuf namoyandalari nazdida inson mavzui bosh xilqat hisoblanib, ular odamning vujudiga emas, ruhiy tuzilishi, holu harakatlariga asosiy urg‘u berganlari bejiz emas.

Shayx Aziziddin Nasafiy o‘zining «Zubdatul haqoyiq» («Haqiqatlar qaymog‘i») asarida insonning tugal kamolotini shunday tavsiflaydi:

«Ey darvesh, komil inson (taʻkid bizniki – A.U.) xalq orasida rostlikni qaror toptirish va yomon rasmu odatlarni xalq orasidan ko‘tarish va xalq orasiga yaxshi, xayrli qoida-qonunlarni joriy etish va odamlarni Xudoga daʻvat qilish va oxiratni madh etish va dunyoni yomonlash va darveshlikning foydasini kishilarga tushuntirishdan ko‘ra afzalroq toatni bilmaydi. Shu yo‘l bilan odamlar qalbida darveshlikka mehr uyg‘otadi va boylik bilan shahvatga nafrat paydo qiladi... xalqni bir-biriga mushfiq-mehribon qiladi, toki odamlar bir-birlariga ozor bermasinlar va bir-birlarini suyasinlar. Va odamlarga bir-birlarining tinchligi omonligini saqlashni buyursin, toki odamlar ham til bilan, ham qo‘l bilan bir-birlarini qo‘llasinlar va bunga ahd qilsinlar va bu ahdni buzmasinlar va agar buzsalar iymonsiz bo‘ladilar».

Aziziddin Nasafiy o‘zining “Komil inson kitobi” risolasida bunday zotning asosiy xislatlarini shunday tavsiflaydi: “Bilgilkim, komil inson deb shariat, tariqat va haqiqatni to‘liq egallagan odamni aytadilar. Agar bu iborani tushunmasang, boshqacha so‘z bilan aytay: bilgil-ki, komil inson shunday insonki, unda to‘rt sifat kamolga yetgan bo‘lsin: ezgu so‘z, ezgu amal (feʻl), ezgu axloq va maorif”. Ushbu to‘rtinchi sifatni tarbiyalashda kitobning, mutolaaning beqiyos ahamiyati borligi ko‘plab donishmandlar tomonidan qayta-qayta tilga olingan.

Marhum ustozimiz professor Najmiddin Komilov taʻkidlashicha, “hikmat ahli (faylasuflar) va tasavuf ahli fikriga ko‘ra, insonga faoliyat uchun inon-ixtiyor berilgan, u harakat qilib, komillik kasb etishi, niyatlariga yetishi mumkin. Shayx Aziziddin Nasafiy «Zubdatul haqoyiq» (Haqiqatlar qaymog‘i) nomli risolasida yozadi: «Odamlarning so‘zlari va faoliyati uchun oldindan belgilangan o‘lchovlar yo‘q. Bilim va boylikka ega bo‘lish odamning saʻy-harakatiga bog‘liq: odam qancha ko‘p g‘ayrat qilsa, shuncha bilimi va mol-mulki ortadi».

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Aziziddin Nasafiyning taʻriflaridagi komil inson bizning tasavvurimizdan ham begona emas. Nasafiyning komil inson borasidagi qarashlarida bir yoqlamalikka yo‘l qo‘yilmaydi. Yuqorida ko‘rganimizdek, uning nazaridagi komil inson martabasi axloqining go‘zallashuvi va o‘zini tanimoqligidan boshlanadi. Axloqi go‘zal bo‘lgan insonda maʻrifat nuri yog‘du ko‘rsatadi va shu nur orqali asl mohiyatni anglamoqqa yaqinlashadi.

Alisher Navoiy komil inson tavsifida insonning borliqda egallagan o‘rniga tavba va shukur izhor etib yashash, o‘zligini doimiy yaxshilash bobida muntazam saʻy-harakat qilish, kasb-korini eʻzozlash, islom qoidalariga rioya qilish, jamiyat tartibotlariga hurmat, kamtarlik, o‘zaro hurmatni saqlash, xushmuomala bo‘lish, saxovatli, mard, boshqalarning dardiga hamdard bo‘lib yurish, sabr-toqatlilik, sadoqatlilik, mehnatsevarlik, maqsad sari qatʻiyatlilik va nihoyat, jamoaga kerakli bo‘lib yurish fazilatlarini alohida taʻkidlaydi.

Xullas, komil inson, komillik g‘oyasi Zardusht zamonlaridayoq kurtaklagan bo‘lsa-da, tasavvuf g‘oyasi sifatida shakllanib, adabiyot, sanʻat va falsafaga ko‘chgan holda ilohiylik bilan odamiylik orasidagi bir mo‘ʻtadil kamolot ko‘rinishini kasb etdi. Har qanday inson jamiyatga keltirgan foydasi bilan qadrli hisoblanadi. Boshqalarga ziyon yetkazadigan, jamiyat osoyishtaligini buzadigan, surati siyratiga to‘g‘ri kelmaydigan kishi hech qachon komil inson daʻvosini qila olmaydi.

Buni o‘z vaqtida Birinchi Prezidentimiz ham taʻkidlagan edilar: «biz komil inson tarbiyasini davlat siyosatining ustuvor sohasi deb eʻlon qilganmiz. Komil inson deganda biz, avvalo, ongi yuksak, mustaqil fikrlay oladigan, xulq-atvori bilan o‘zgalarga ibrat bo‘ladigan bilimli, maʻrifatli kishilarni tushunamiz».

Shunday ekan, bugungi kun eʻtiboridagi komil inson tarbiyasida zamon va makon tamoyillariga rioya qilish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Komil inson tushunchasini tasavvuf va shariatdagi yoxud zamonaviy komillikni bir mezonda o‘lchash nojoizligi maʻlumdir. Chunki har bir davr, jamiyatning o‘ziga xos, muayyan obʻektiv va subʻektiv meʻyorlari bo‘ladiki, ularning umumiy birligi kishilik jamiyatini muvozanatda tutib turadi.

Komil inson taʻrifi borasida fikr yuritgan ulug‘ allomalar, mutafakkirlar tomonidan ilgari surilgan mulohazalarni umumiy tahlil etish shundan guvohlik beradi-ki, komil shaxs siymosidagi bosh belgi – mehr-muruvvat fazilati, yaʻni insonning boshqalarga ezgu munosabati ekanligi ayonlashadi. Zero, mehrsiz qilingan barcha saʻy-harakatlar oxir-oqbatda xudbinlikka olib keladi. Komil inson siymosidagi ikkinchi umumlashtiruvchi xususiyat esa bilim, ilm, o‘qishga katta mayl, rag‘batdan iboratdir. Eng qadimgi yozma obidamiz «Avesto»dan tortib zamonaviy manbalargacha barchasida bilim, maʻrifatga kuchli rag‘bat shaxs kamolotiga keng yo‘l ochishi asoslab beriladi.

Modomiki, barcha saʻy-harakatlarimizning pirovard maqsadi komil insonni tarbiyalash ekan, jamiyatda mutolaa madaniyatini shakllantirish, avvalo fuqarolarning o‘z-o‘zini muttasil va muntazam rivojlantirish payida bo‘lishi, izlanish zavqidan chekinmaslik, o‘qish, o‘rganishda izchillikka erishish bosh muddao bo‘lmog‘i zarur.

 

 Mirziyoyev Sh. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi. To‘ldirilgan ikkinchi nashri. – Toshkent: O‘zbekiston, 2023. – B. 20.

 

 Otamuratov S. «Avesto» – bebaho merosimiz. //«Jamiyat va boshqaruv», 2001, №3. – B. 37.

 

 Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar. – Toshkent: O‘zbekiston, 2001. – B. 56.

 

 Qarang: O‘zbekistonda ijtimoiy-falsafiy fikrlar tarixidan lavhalar. //Tuzuvchilar: M.Xayrullayev, X.Aliqulov. – Toshkent: O‘zbekiston, 1995. – B. 69.

 

 Nasafiy A. Zubdatul haqoyiq. Toshkent: 1995. – B. 51.

 

 Nasafiy A. Komil inson [Matn]: diniy-maʻrifiy / Aziziddin Nasafiy. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2021. – B.7.

 

 Komilov N. Tasavvuf / Najmiddin Komilov; Toshkent: “Movarounnahr” – “O‘zbekiston”, 2009. – B.136.

 

Karimov I.A.Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q // Karimov I.A. Biz kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan quramiz. T.7. – T.:O‘zbekiston, 1999. – B.134.