Raqamli jamiyatda axborot resurslariga bo‘lgan ehtiyojning ortishi kutubxona tizimlarini modernizatsiya qilishni taqozo etmoqda. Ko‘p pog‘onali axborot-kutubxona infratuzilmasi asosida kutubxonalarni konsorsium shaklida birlashtirish ularning resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi. Ushbu maqolada turli konsorsiumlar misolida konsorsiumlar modeli, xorijiy tajriba, texnik va iqtisodiy asoslar hamda O‘zbekiston sharoitida moslashuvchan model ishlab chiqish yo‘nalishlari yoritilgan.

Kalit so‘zlar: kutubxonalar konsorsiumi, elektron resurslarga obuna, ilmiy-axborot xizmatlari, ilmiy ma’lumotlar bazasi, ilmiy nashrlarga kirish, axborot kutubxona infratuzilmasi.

 

ESTABLISHING A LIBRARY CONSORTIUM IN THE CONTEXT OF A MULTI-LEVEL INFORMATION-LIBRARY INFRASTRUCTURE

 

Husniya Boysunova, senior specialist of the international relations department of the National Library
of Uzbekistan named after Alisher Navoi, and PhD student at the department of information-library systems of the Tashkent university of information technologies

 

The growing demand for information resources in the digital society necessitates the modernization of library systems. The integration of libraries into a consortium based on a multi-level information-library infrastructure enhances the efficiency of resource utilization, improves service quality, and expands opportunities for international collaboration. This article explores consortium models through case studies of various consortia, international best practices, technical and economic foundations, and proposes adaptable frameworks for implementation in the context of Uzbekistan.

Keywords: library consortia, electronic resource subscriptions, scientific-information services, scientific databases, access to academic publications, information-library infrastructure.

 

Bugungi kunda kutubxona konsorsiumlarini tashkil etish dolzarb masalaga aylangan, chunki raqamli axborot resurslari kun sayin ko‘payib, kutubxonalar o‘rtasida samarali hamkorlikni taqozo etmoqda. Konsorsiumlar orqali turli axborot manbalariga umumiy kirish imkoniyati yaratiladi va bu orqali xarajatlarni kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanish mumkin bo‘ladi. Ayniqsa, ilmiy va ta’limiy muassasalar uchun yagona axborot platformasining mavjudligi katta ahamiyat kasb etadi. Bugungi raqamlashtirish jarayonlari va yangi texnologiyalarni joriy etish ehtiyoji konsorsiumlar orqali tez va samarali amalga oshirilibgina qolamy moliyaviy imkoniyatlari cheklangan kutubxonalar ham konsorsium a’zosi sifatida zamonaviy resurslardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, milliy miqyosda yagona kutubxona siyosatini shakllantirish, kutubxonalar o‘rtasida tajriba almashish va kadrlar malakasini oshirish uchun ham konsorsium muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Axborotga tezkor, qulay va keng ko‘lamli kirishni ta’minlash esa foydalanuvchilarning adabiyotlarga bo‘gan ehtiyojlarini to‘liq qondirishga imkon beradi.

Global kutubxona konsorsiumlari, jumladan ICOLC - Xalqaro kutubxona konsorsiumlari koalitsiyasi[2], EIFL - kutubxonalar uchun elektron axborot konsorsiumi [3], ANKOS - Turkiyaning akademik kutubxonalari konsorsiumi [4], WRLC - Vashington tadqiqot kutubxonalar konsorsiumi [5], Consortium NEL - Rossiya federatsiyasining tarmoqli elektron kutubxonalar konsorsiumi [6], INFLIBNET – Hindiston kutubxonalari konsorsiumi [7] faoliyatini o‘rganish natijasida, kutubxona konsorsiumlarini 1-jadvalda ko‘rsatilgan turlarga bo‘lish mumkin. Konsorsiumlar o‘lchami va tuzilishi jihatidan juda xilma-xil bo‘lib, a’zolar soni bir nechta kutubxonadan yuzlab kutubxonagacha bo‘lishi mumkin. Konsorsiumlar bir turdagi kutubxonalardan tashkil topgan bo‘lishi mumkin, masalan akademik kutubxonalar konsorsiumi, ommaviy kutubxonalar konsorsiumi, maktab kutubxonalar konsorsiumi va maxsus kutubxonalar konsorsiumi yoki aralash turdagi kutubxonalar konsorsiumi ham bo‘lishi mumkin. Huquqiy tomonlama esa milliy, notijorat tashkilotlar tomonidan boshqariladigan, davlat yoki hamkorlik organlari tomonidan boshqariladigan konsorsiumlar ham mavjuddir.

O‘zbekiston kutubxonalar konsorsiumini tashkil etish uchun model va takliflar

O‘zbekiston kutubxona tizimida ham bu yo‘nalishda ilk qadamlar tashlangan bo‘lsa-da, hali to‘laqonli konsorsium modeli joriy etilmagan.[1] O‘zbekiston kutubxona tizimining hozirgi rivojlanish bosqichi va mavjud imkoniyatlarini inobatga olgan holda, mamlakat miqyosida yagona kutubxonalar konsorsiumini tashkil etish dolzarb va zarur qadam hisoblanadi. Taklif qilinayotgan model yuqoridagi xalqaro kutubxona konsorsiumlari tajribasini o‘rganish asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekistondagi turli tipdagi kutubxonalar – milliy, ilmiy-tadqiqot, ommaviy, universitet, maktab kutubxonalarining ehtiyojlari va imkoniyatlariga moslashtirilgan.

Konsorsium modeli: Eng maqbul shakl – bu aralash (yoki gibrid) konsorsium modeli bo‘lib, u bir nechta asosiy yo‘nalishlarni qamrab oladi. Birinchi navbatda, bu resurslarni birgalikda xarid qilishni o‘z ichiga oladi. Ya’ni, kutubxonalar elektron ma’lumotlar bazalari, ilmiy jurnallar va kitoblar litsenziyalarini konsorsium orqali arzonlashtirilgan shaklda xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu, ayniqsa, individual moliyaviy imkoniyatlari cheklangan kichik kutubxonalar uchun foydali bo‘ladi. Shuningdek, konsorsium doirasida tajriba almashish, mutaxassislarni tayyorlash, malaka oshirish kurslari, ochiq raqamli platformalar yaratish va innovatsion kutubxona texnologiyalarini joriy etish kabi yo‘nalishlar ham amalga oshiriladi. Konsorsiumga o‘ziga xos va milliy ruhdagi nom tanlash ham muhim ahamiyatga ega. Masalan: KONSORUZ (O‘zbekiston Kutubxonalar Konsorsiumi), UZLIBNET (O‘zbekiston Kutubxonalar Tarmog‘i) yoki ELKON (Elektron Kutubxonalar Konsorsiumi) kabi nomlar taklif etiladi.

Konsorsium yaratish bosqichlari.

1. Maqsadni aniqlash. Oʻzbekiston Kutubxonalar Konsorsiumi (UKK) Oʻzbekiston boʻylab kutubxonalarni birlashtirgan tarmoq yaratish maqsadida resurslarga kirishni yaxshilash, resurslarni ulashish va kutubxonalar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantiradi.

2. Ishtirokchilarni jalb qilish. Konsorsiumning asosiy muvaffaqiyati ishtirokchilar va a’zolar qanchalik faol bo‘lishiga bog‘liq. Shuning uchun, ishtirokchilarning manfaatlarini tushunish, muhim bo‘lib a’zolarni tanlashda ularning resurslari, tajribasi va kelajakdagi maqsadlari hisobga olinadi. O‘zbekiston hududida konsorsium a’zolari quyidagi kutubxonalar kirishi mumkin: Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, viloyat va tuman axborot kutubxona muassasalari, mahalliy kutubxonalar, akademik va universitet kutubxonalari, maktab kutubxonalari, maxsus kutubxonalar (masalan, davlat, korporativ va boshqalar), xorij kutubxonlari, xalqaro tashkilotlar.

3. Huquqiy asoslarni belgilash va ro‘yxatdan o‘tkazish. Konsorsium tashkil qilish uchun kerakli huquqiy asoslar tayyorlanadi, va kerak bo‘lsa, qonuniy jihatlarini rasmiylashtirish uchun huquqiy idoralarda ro‘yxatdan o‘tiladi. Bu bosqichda asosiy hujjatlar, masalan, nizom va a’zolik shartnomalari tayyorlanadi, rasmiylashtiriladi.

4. Moliya resurslarini tashkil etish. Konsorsium uchun mablag‘ va resurslarni to‘plash va taqsimlash usullari belgilanadi. Mablag‘larni qanday yig‘ish, kimlar qanchalik hissa qo‘shishi kerakligi, mablag‘larni qanday taqsimlash va xarajatlarni qanday nazorat qilish lozimligi haqida aniq qoidalar ishlab chiqiladi.

5. Rejalashtirish va strategiya belgilash. Konsorsium doirasida amalga oshiriladigan asosiy tadbirlar va loyihalar uchun reja va strategiyalar ishlab chiqiladi. Konsorsiumning qisqa muddatli va uzoq muddatli maqsadlarini belgilab, ularni amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqiladi.

6. Natijalarni tahlil qilish va takomillashtirish. Konsorsium faoliyatining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun konsorsium faoliyatini muntazam tahlil qilinadi, yutuq va kamchiliklarni o‘rganiladi, va bu natijalar asosida kelgusida konsorsium ish faoliyatini yanada takomillashtirish rejalari tuziladi.

Konsorsiumning tashkiliy va funksional tuzilmasi esa bir nechta muhim qo‘mita va kengashlardan iborat bo‘ladi. Masalan, Boshqaruv kengashi – umumiy siyosat, moliyaviy masalalar va a’zolik tartiblarini belgilaydi. Texnik qo‘mita – axborot texnologiyalari, platformalar va raqamlashtirish masalalari bilan shug‘ullanadi. Resurslar bo‘yicha qo‘mita – litsenziyalar va ma’lumotlar bazalari bilan ishlaydi. Shuningdek, ta’lim va rivojlanish qo‘mitasi kutubxonachilar malakasini oshirish dasturlarini amalga oshiradi.

Dasturiy ta’minot. Kutubxona konsorsiumini tashkil qilishda samarali ishlash uchun bir qator dasturiy ta’minotlar zarur. Birinchidan, kutubxonalar o‘rtasidagi resurslarni boshqarish va almashish uchun kutubxona boshqaruvi tizimi (LMS) kerak bo‘ladi. Resurslarni bo‘lishish tizimi esa konsorsium a’zolari o‘rtasida kitoblar, jurnal va boshqa resurslarni tez va samarali tarzda bo‘lishishga imkon beradi. Masalan, ILLiad yoki OCLC WorldShare kabi tizimlar kutubxonalarning resurslarni almashish jarayonini soddalashtiradi. Shuningdek, ma’lumotlar bazasini boshqarish tizimi (DBMS) kutubxonalar o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvini qo‘llab-quvvatlaydi va konsorsiumda yagona ma’lumotlar bazasini yaratish imkonini beradi. Foydalanuvchilar uchun interfeys va portal tizimi orqali konsorsiumning barcha kutubxonalariga bir joydan kirish mumkin bo‘ladi, bu foydalanuvchilarga kitoblarni qidirish, buyurtma berish va ijaraga olishni osonlashtiradi. Masalan, Discovery kabi tizimlar resurslarga kirishni soddalashtiradi. Kutubxona xodimlari va foydalanuvchilar uchun o‘qitish va malaka oshirish tizimi ham zarur, chunki bu tizim orqali konsorsium a’zolari bir-birlari bilan ma’lumot almashish, o‘quv materiallarini taqdim etish va o‘qitish jarayonlarini rivojlantirish mumkin. Kutubxonalar resurslari va foydalanuvchi faolligini tahlil qilish uchun ma’lumotlarni tahlil qilish va monitoring tizimi kerak. Bu tizim kutubxona faoliyatining samaradorligini baholash, statistik ma’lumotlar yig‘ish va hisobotlar tayyorlashga imkon beradi.

Texnik ta’minot. Konsorsium uchun barcha ma’lumotlarni saqlash, boshqarish va uzatish imkoniyatini ta’minlaydigan serverlar yoki bulutli platformalar zarur. Kutubxona konsorsiumi ichidagi barcha kutubxonalar o‘rtasida samarali tarmoq aloqalari va xavfsiz ma’lumot almashinuvi uchun yuqori tezlikdagi internet aloqasi kerak bo‘ladi. Kutubxonalarda foydalanuvchilar va xodimlar uchun barqaror va tezkor internet aloqasini ta’minlash uchun Wi-Fi tarmog‘i va boshqa tarmoq ulanishlari kutubxona foydalanuvchilari uchun zarur bo‘lgan resurslarga oson kirish imkoniyatini yaratadi. Kutubxona xodimlari va foydalanuvchilar uchun zarur kompyuterlar va mobil qurilmalar konsorsiumning samarali ishlashiga yordam beradi. Kutubxonalarning barcha ma’lumotlarini himoya qilish uchun xavfsizlik va shifrlash texnologiyalari foydalanuvchi ma’lumotlarini xavfsiz saqlash va ma’lumotlarga ruxsatsiz kirishni oldini olish uchun zarurdir.

 

1-jadval: Konsorsium modellari va turlari

Konsorsium modellarii

Konsosium turi

Maqsadi

Afzalliklari

Qiyinchiliklar

Misollar

Geografik qamrovga asoslangan konsorsiumlar

Mintaqaviy konsorsiumlar

(Ma’lum bir hudud ichidagi (masalan, shtat yoki viloyat))

Resurslarni taqsimlash, kutubxonalar orasida kitob almashish, mahalliy xizmatlar

Harajatlarni tejash, moslashgan xizmatlar, muvofiqlashtirish osonligi

Resurslarning cheklanganligi, a’zolar orasida tengsizlik ehtimoli

OhioLINK, WRLC

Milliy konsorsiumlar

(Mamlakat bo‘ylab yagona resurs almashish)

Standartlashgan siyosatlar, milliy miqyosda resurs taqsimlash, davlat qo‘llab-quvvatlovi

Katta savdo kuchiga ega, standartlarning bir xilligi, moliyaviy yordam

Byurokratik murakkablik, a’zolarning turli ehtiyojlari

ANKOS, INFLIBNET

Xalqaro konsorsiumlar (Bir nechta davlatlar o‘rtasidagi global hamkorlik)

Chegaralararo resurslardan foydalanish, madaniy almashinuv, global tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash

Jahon resurslaridan foydalanish, madaniy almashinuv, tadqiqot hamkorligini kuchaytirish

Logistika va tildagi to‘siqlar, moliya manbalaridagi farqlar

OCLC, EIFL, ICOLC

Функцияga asoslangan konsorsiumlar

Resurslarni taqsimlash konsorsiumlari

- Kitoblar, jurnallar va multimedia resurslarini taqsimlash - O‘zaro kitob almashish, hujjat yetkazib berish

- Keng resurslarga kirish imkoniyati - Mablag‘ tejash

- Logistik muvofiqlashtirish murakkabligi - Tengsizlik

OhioLINK, WRLC, OCLC

Xarid konsorsiumlari

- Guruh litsenziyalari va obunalar uchun xaridlar - Yagona raqamli resurslarga kirishni ta’minlash

- Mablag‘ tejash - Keng qamrovli resurslarga kirish

- Kelishuvlar murakkabligi - Foydalanishdagi farqlar

ANKOS, IFLIBNET,

Raqamli va elektron resurs konsorsiumlari

- Elektron resurslarga kirish imkoniyatini ta’minlash - Elektron kolleksiyalarni boshqarish va saqlash

- Raqamli kontentga keng kirish - Raqamli infratuzilmani standartlashtirish

- Litsenziya narxlarining yuqoriligi - Texnik infratuzilma talablari

Digital Library Federation (DLF), Consortium NEL

Boshqaruvga asoslangan konsorsiumlar

Markazlashgan boshqaruv konsorsiumlari

- Yagona siyosat, standart va qoidalarni ta’minlash - Resurslar va ma’muriy функцияlarni markazlashgan holda boshqarish

- Barcha a’zolar uchun moslik - Tezkor qaror qabul qilish - Mablag‘ tejash

- A’zolar mustaqilligining cheklanganligi - Byurokratik tuzilma murakkabligi

OCLC, Jisc

Detsentra-lizlashgan boshqaruv konsorsiumlari

- A’zolar ehtiyojlariga moslashuvchanlik - A’zolarga ko‘proq mustaqillik berish

- A’zolar mustaqilligi - Moslashuvchanlik va tezkor moslashish

- Muvofiqlashtirish qiyinligi - Resurslarda tengsizlik

SCELC, ICOLC

Gibrid boshqaruv konsorsiumlari

- Asosiy siyosatlar uchun markaziy boshqaruv - A’zolarga ayrim sohalarda mustaqillik berish

- Moslik va erkinlik muvozanati - A’zolarning faol ishtirokini ta’minlash

- Murakkab boshqaruv tuzilmasi - Nizolar ehtimoli

INFLIBNET, ANKOS

A’zolikka asoslangan konsorsiumlar

Ochiq a’zolik konsorsiumlari

- Turli kutubxonalar uchun umumiy resurslarga kirish imkoniyatini ta’minlash - Inklyuziv resurslarni taqsimlash

- Inklyuzivlik va hamkorlik - Turli resurslarga kirish imkoniyati

- Resurslarni taqsimlash qiyinligi - Sifatni nazorat qilish

ICOLC, OCLC

Cheklangan a’zolik konsorsiumlari

- Maxsus kutubxonalar guruhiga xizmat qilish - Muayyan kutubxonalar ehtiyojlariga moslashgan xizmatlar va resurslar

- Maxsuslashtirilgan resurslar - Resurslarni samarali taqsimlash

- Eksklyuzivlik - Hamkorlikni cheklash

EIFL, Consortium NEL

Gibrid a’zolik konsorsiumlari

- Inklyuzivlikni saqlagan holda, ko‘p qirrali a’zolik modelini yaratish - Asosiy va aloqador a’zolar uchun xizmatlar

- A’zolikda moslashuvchanlik - Hamkorlik va diqqat muvozanati

- Murakkab a’zolik boshqaruvi - Tengsizlik ehtimoli

OCLC, ICOLC

 

 

Huquqiy ta’minot: huquqiy ta’minotlar kutubxona konsorsiumining samarali va qonuniy ishlashini ta’minlaydi. Har bir kutubxona o‘z huquqiy majburiyatlarini bilishi va boshqa a’zolar bilan kelishuvga asoslangan tarzda faoliyat yuritishi kerak. Konsorsiumning asosiy faoliyatini boshqaradigan rasmiy hujjat bo‘lgan shartnoma yoki nizom barcha a’zolar o‘rtasidagi majburiyatlar, huquqlar, vazifalar va boshqa muhim shartlarni belgilaydi. Konsorsiumni yaratishda shartnoma bo‘lmasdan, resurslarni bo‘lishish, ijaraga olish va boshqa amaliyotlarni bajarish qiyin bo‘lib, nizomning mavjudligi kutubxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni qonuniy asosda ta’minlaydi. Shu bilan birga konsorsium doirasida ishlab chiqilgan yoki umumiy foydalanish uchun yaratilgan elektron resurslar, jurnallar, ilmiy maqolalar va boshqa kontentni himoya qilish uchun kutubxonalar o‘rtasidagi resurslarni taqsimlashda mualliflik huquqi, litsenziyalar va boshqa intellektual mulkni boshqarish qoidalari aniq bo‘lishi kerak. Konsorsium doirasida foydalanuvchilar va kutubxona xodimlarining ma’lumotlarini himoya qilish uchun maxfiylik siyosati zarur bo‘lib, foydalanuvchi ma’lumotlari va kutubxona tizimlari orqali to‘plangan ma’lumotlarni saqlash, ishlatish va tarqatish bo‘yicha aniq qoidalar belgilanishi muhimdir. Konsorsiumdagi kutubxonalar resurslarga kirish va ulardan foydalanish huquqlarini belgilovchi litsenziya shartlari haqidagi huquqiy hujjatlar esa kutubxonalarga resurslar taqsimoti, foydalanish shartlari va elektron nashrlar bo‘yicha litsenziyalar olish bo‘yicha aniq ma’lumotlar bilan ta’minlaydi. Konsorsiumning moliyaviy masalalari, mablag‘lar taqsimoti va o‘zaro to‘lovlar bo‘yicha huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishi lozim.

Iqtisodiy ta’minoti: Kutubxona konsorsiumining samarali faoliyat yuritishi uchun uni mustahkam iqtisodiy asosda tashkil etib, boshlang‘ich bosqichda konsorsiumga kerakli infratuzilma, boshqaruv tizimi va raqamli resurslar uchun investitsiya mablag‘larini jalb qilish lozim bo‘ladi. Bu mablag‘lar davlat byudjeti, grantlar yoki xalqaro tashkilotlar ko‘magida ta’minlanishi mumkin. Moliyaviy barqarorlikni ta’minlash uchun konsorsium qisqa va uzoq muddatli rejalashtirishga asoslangan byudjet siyosatini yuritishi, shuningdek, moliyaviy hisobotlar va monitoring tizimlarini ishlab chiqishi kerak.

Konsorsium a’zolari o‘rtasida mablag‘larning taqsimoti aniq va adolatli bo‘lishi zarur. Bunda a’zolik to‘lovlari, resurslarga kirish va qo‘shimcha xizmatlar uchun moliyaviy mexanizmlar ishlab chiqiladi. Mablag‘larni taqsimlash shartnomalar asosida amalga oshiriladi. A’zolik tizimi esa darajali tamoyil asosida tashkil etilishi mumkin. Bu yerda kutubxonalar ularning moliyaviy imkoniyatlari, xizmat ko‘rsatadigan foydalanuvchilar soni, tashkilot turi kabi mezonlarga ko‘ra uch toifaga ajratiladi. Yirik kutubxonalar – masalan, milliy kutubxona, universitet va ilmiy-tadqiqot kutubxonalari yillik byudjetining 1,5–2 foizigacha miqdorida a’zolik badali to‘laydi. O‘rta darajadagi kutubxonalar 1–1,5 foiz atrofida, kichik kutubxonalar esa 0,5–1 foizgacha to‘lov bilan ishtirok etadi. Bundan tashqari, konsorsium o‘zining xizmatlari va dasturlarini grantlar, homiylar, davlat mablag‘lari hamda to‘plangan a’zolik to‘lovlari orqali moliyalashtirishi mumkin.

Xulosa va tavsiyalar

O‘zbekistonnning ko‘p pog‘onali axborot kutubxona infratuzilmasi sharoitida kutubxona konsorsiumlarini tashkil etish kutubxona tizimini modernizatsiya qilishda muhim rol o‘ynaydi. Taklif etilgan model bosqichma-bosqich, respublika kutubxonalarining texnik, huquqiy va tashkiliy imkoniyatlarini inobatga olgan holda joriy etilishi lozim. O‘zbekiston kutubxonalar konsorsiumini tashkil etish nafaqat axborot resurslaridan foydalanishni markazlashtirish, balki mamlakat ilmiy-ta’limiy salohiyatini yanada rivojlantirishda muhim omil sifatida xizmat qiladi. Konsorsium faoliyati natijasida erishiladigan asosiy ijtimoiy, iqtisodiy va ilmiy samaradorlik ko‘rsatkichlariga xorijiy va mahalliy nashriyotlarning ilmiy nashrlariga obuna bo‘lishda sezilarli darajada xarajatlarni optimallashtirish va umumiy tejamkorlikka erishish, O‘zbekiston olimlari va tashkilotlarining jahon reytingidagi o‘rnini yaxshilash maqsadida ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish va ilmmetrik ko‘rsatkichlarni ishlab chiqish, global ilmiy va ta’limiy resurslardan tezkor navigatsiya orqali zarur adabiyotlarni topish va vaqtni samarali tejash, Respublikadagi barcha hududlardagi axborot-kutubxona muassasalarini teng ilmiy va ta’limiy imkoniyatlar bilan ta’minlash, kutubxona foydalanuvchilari, ayniqsa yoshlar orasida raqamli axborot resurslari bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish kabilar kiradi.

Xulosa o‘rnida shuni aytishim mumkinki, O‘zbekiston kutubxonalar konsorsiumini tashkil etish ilmiy, moliyaviy va axborot salohiyatini birlashtirish orqali respublika miqyosida ilmiy-axborot xizmatlarini yaxshilashga xizmat qiladi. Konsorsium orqali resurslardan birgalikda foydalanish, obuna xarajatlarini kamaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish imkoniyati yaratiladi. Bu esa ta’lim sifatini oshirish, ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va foydalanuvchilarga bazalarga ochiq kirish uchun teng imkoniyatlarni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar

Rakhmatullaev, M. A. (2022). The information library infrastructure of Uzbekistan: The three-level management model. Scientific and Technical Libraries, 1, 103–118. https://doi.org/10.33186/1027-3689-2022-1-103-118

International Coalition of Library Consortia (ICOLC) Statement of Current Perspective and Preferred Practices for the selection and purchase of electronic information: (2003). Serials Review, 29(1), 9–10. https://doi.org/10.1016/s0098-7913(02)00269-1

Kupryte, R., Segbert-Elbert, M., & Bernal, I. (2005). The EIFL.net Initiative: Access and management of Electronic Resources by library consortia in developing and transition countries. Serials Review, 31(4), 256–260. https://doi.org/10.1016/j.serrev.2005.09.001

Bulut, B., Uğur, H., Gürdal, G., Holt, İ., Çukadar, S., Akbayrak, E. H., & Çelebi, M. K. (2013). ANKOS Publisher Application System and its impact on the e-Resource Evaluation Process. Serials Review, 39(1), 29–36. https://doi.org/10.1016/j.serrev.2013.01.002

Анастасия Привалова (2021). Консорциум сетевых электронных библиотек: опыт 280 вузов России и стран СНГ. «INFOLIB» ахборот-кутубхона журнали. №2 (26), 30–33. https://einfolib.uz/source/wp-content/uploads/2021/07/2021230.pdf . https://doi.org/10.47267/2181-8207/2021/2-056

https://www.wrlc.org/

Singson, M., & Hangsing, P. (2014). Implication of 80/20 rule in electronic journal usage of UGC-Infonet consortia. The Journal of Academic Librarianship, 41(2), 207–219. https://doi.org/10.1016/j.acalib.2014.12.002