Mazkur maqolada kutubxonachi kadrlarini tayyorlashning ahamiyati yoritilingan. Imkoniyati cheklangan foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish uchun maxsus tayyorgarlikka ega kutubxonachi kadrlarining yetishmasligi, ko‘zi ojizlar va boshqa nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlashda kutubxonaning roli, shuningdek, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish orqali ijtimoiy integratsiyani ta’minlashning muhimligi ko‘rsatib o‘tiladi. Maqolada, kutubxonachilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish orqali imkoniyati cheklangan shaxslarning kutubxonalardan samarali foydalanishini ta’minlash borasidan takliflar berilgan.

 

PERSONNEL PROVISION FOR PROVIDING LIBRARY AND INFORMATION SERVICES TO USERS WITH SPECIAL NEEDS

 

Ashirmetova Khusnora Farxod qizi, Alisher Navoi National Library of Uzbekistan “Scientific and Methodological” Department Lead Specialist

 

This article highlights the importance of training library personnel. It discusses the shortage of librarians with specialized training to serve users with special needs, the role of libraries in working with visually impaired and other disabled individuals, and the significance of ensuring social integration through the effective use of modern technologies. The article provides suggestions on improving the librarian training system to ensure the effective use of libraries by individuals with special needs.

Kalit so‘zlar: Imkoniyati cheklangan shaxs, maxsus fond, brayl, inklyuziv ta’lim, kadr, qayta tayyorlash, malaka, maxsus tayyorgarlik, psixologiya.

 

Mamlakatimizda inklyuziv ta’limni rivojlantirish va sifat jihatidan takomillashtirish borasida ko‘plab targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Bu yo‘nalishda pedagoglarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalariga katta vazifalar yuklatilgan Biroq, ta’lim sohasida pedagoglardan tashqari, kutubxonachi kadrlarni tayyorlash masalasi ham dolzarb ahamiyatga ega.

Imkoniyati cheklangan foydalanuvchilarga maxsus kutubxona-axborot xizmatini ko‘rsatuvchi malakali kutubxonachi kadrlar yetishmasligi bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir.

Jismonan yoki aqlan zaifligi bor o‘quvchilar o‘z ustozlaridan darslarni o‘zlashtirishi mumkin, ammo uyga vazifalarni bajarish uchun kutubxonaga borolmasliklari ta’lim jarayonida muammolarni keltirib chiqaradi. Kutubxonaga borganda, o‘quvchi o‘ziga kerakli kitobdan foydalanishi va kutubxona tartib-qoidalariga amal qilishi zarur. Bunda, albatta, kutubxonachining roli beqiyos ahamiyatga ega. O‘quvchi uchun dars jarayoni qanchalik muhim bo‘lsa, kutubxona ham uning hayotida shunchalik ahamiyatga ega hisoblanadi.

Kutubxonachi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Biroq, imkoniyati cheklangan foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatuvchi kutubxonachi kadrlarining yetishmasligi masalasi, hali ham o‘ta muhim. Hozirgi kunda Respublika oliy ta’lim muassasalarida kutubxonashunoslik yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, talabalarga umumiy kutubxonashunoslik fanlari o‘qitilmoqda. Qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari ham ko‘proq umumiy fanlar asosida olib borilmoqda. Maxsus tayyorgarlikka ega kadrlarni o‘qitish tizimini joriy qilish, maxsus fondga ega kutubxonalarni malakali kadrlar bilan to‘ldirish va xizmat faoliyatining sifatini oshirishga olib keladi. Bunday tizimning bosqichma-bosqich amaliyotga tadbiq qilinishi orqali foydalanuvchilar va kutubxona o‘rtasida uzviy aloqalarni o‘rnatish mumkin bo‘ladi.

Xalqaro ta’limda ko‘zi ojizlar psixologiyasi va ularning muammolarini o‘rganuvchi tiflologiya fani keng rivojlangan. Ko‘zi ojiz bo‘lgan shaxslarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi va moslashishiga yordam beruvchi mutaxassislar aynan tiflologlar hisoblanadi. Afsuski, bizning tiflologiya sohasi hali o‘zining to‘liq rivojlanishiga erishmagan, mutaxassislar esa juda kam. Tiflologiya sohasida mutaxassislar tayyorlanmaydi, balki ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan maktab-internatlar o‘qituvchilariga ushbu soha bo‘yicha sertifikatlar beriladi. Shuningdek, ko‘zi ojizlarning ta’lim olish jarayonida faqat brayl yozuvini o‘rganishlariga e’tibor qaratilmoqda, lekin ko‘zi ojizlik faqat brayl yozuvi bilan chegaralanmaydi. Bu faqatgina ko‘zi ojizlarning bir qismi uchun foydali bo‘lishi mumkin, ammo ularning to‘liq ijtimoiy moslashuvi uchun ko‘proq omillar zarur

Zamonaviy media makonining rivojlanishi, imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiylashtirish va reabilitatsiya qilish sohasida yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Kutubxona – millatni insonparvarlashtirish uchun muhim salohiyatga ega ijtimoiy soha bo‘lib, u tez rivojlanayotgan media texnologiyalarining imkoniyatlaridan samarali foydalanadi. Shuningdek, kutubxona-axborot muassasalari ijtimoiy integratsiya va moslashuv funktsiyalarini bajarishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llashda muvaffaqiyatli natijalarga erishmoqda.

Zamonaviy kutubxona faqat zamonaviy jihozlarga ega bo‘lishi yetarli emas. Agar kutubxona zamonaviy jihozlarga, kitoblarga va maxsus sharoitlarga ega bo‘lsa-da, lekin yuqori malakali kutubxonachilarsiz faoliyat yuritsa, bunday kutubxona samarali bo‘lmaydi. Kutubxonaga foydalanuvchilarini jalb qilishda, ayniqsa imkoniyati cheklangan shaxslar bilan ishlashda kutubxonachining roli beqiyosdir. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus xizmat ko‘rsatish zarur, chunki ularning kutubxonaga kelishi va kitob tanlash jarayoni o‘ziga xos qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Sog‘lom odamlar uchun oddiy bo‘lgan jarayonlar, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun juda murakkab bo‘lishi mumkin. Bunday kitobxonlarga malakali kutubxonachi xizmat ko‘rsatishi, ularning kutubxona bilan munosabatini va uning xizmatidan foydalanish istagini yaxshilashga yordam beradi. Kutubxonachi kadrlarini tayyorlashda asosiy e’tibor nafaqat umumiy fanlarga, balki imkoniyati cheklangan shaxslar bilan ishlash uchun zarur bo‘lgan psixologik va maxsus bilimlarga ham qaratilishi lozim. Hozirgi kunda bakalavriat

darajasidagi talabalarga umumiy kutubxonashunoslik fanlari o‘qitilmoqda, ammo imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar bilan ishlashni o‘rgatuvchi maxsus fanlar ko‘proq e’tiborga olinishi kerak. Agar talabalar bakalavr yillarida bu fanlarni o‘rganishsa, ular keyinchalik imkoniyati cheklangan shaxslar bilan ishlash uchun boshlang‘ich bilimlarga ega bo‘lishadi. Masalan, talaba ko‘zi ojizlar kutubxonasiga ishga joylashsa, lekin brayl yozuvi bilan tanish bo‘lmasa, maxsus fond bilan qanday ishlashni bilmaydi. Bunday holatlarda talabaga kamida 1-2 yil davomida qo‘shimcha bilim va tajriba kerak bo‘ladi. Agar talabalar bakalavr yillarida maxsus fanlar o‘qitilgan bo‘lsa, ular kerakli bilimlarga ega bo‘lishi mumkin. Shuningdek, agar talaba ommaviy kutubxonaga ishga joylansa, va kutubxonaga kelgan foydalanuvchilarning gapirish yoki eshitishida nuqsoni bo‘lsa, qanday xizmat ko‘rsatishini bilishi lozim. Yosh talaba hech bo‘lmaganda qo‘l harakatlari orqali aloqada bo‘lish, kutib olish va kitob izlashda yordam berish kabi ko‘nikmalarni o‘zlashtirishi kerak. Kutubxona-axborot xizmatlarining sifatini oshirish va imkoniyati cheklangan shaxslarning kutubxonadan samarali foydalanishini ta’minlash uchun, kutubxonachilarni tayyorlash tizimi takomillashtirilishi zarur. Bu nafaqat kutubxonalarning samaradorligini oshiradi, balki jamiyatdagi barcha shaxslarning teng imkoniyatlarga ega bo‘lishini ta’minlaydi.

 

Madatov, I. Y. (2024). Inklyuziv ta’lim: Darslik. – Toshkent: O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali. – 240 b.

 https://uz.wikipedia.org/wiki