Mazkur maqolada gamifikatsiya, interaktiv dasturlar va ularni bolalar kutubxonalarida tatbiq etilish haqida so‘z yuritiladi. Gamifikatsiya metodlari bolalarning o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirishi va o‘quv jarayonini yanada qiziqarli va samarali qilishi haqida bir qancha davlatlar tajribalaridan na’munalar berilgan. O‘zbekiston kutubxonalarida ham gamifikatsion va interaktiv dasturlarni joriy qilish bolalarning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashdagi ahamiyati haqida ham ma’lumotlar keltirib o‘tilgan.
Kalit so‘zlar: audio kitoblar, interaktiv dasturlar, ball to‘plash, gamifikatsiya, interaktiv o‘quv dasturlari, musobaqalar, o‘yinlar, viktorinalar, so‘rovnoma.
Xojayev Asror Fatxullayevich Director of the Nationwide Children’s Library
This article discusses gamification, interactive programs, and their implementation in children’s libraries. It provides examples from several countries on how gamification methods can increase children’s interest in learning and make the educational process more engaging and effective. The article also highlights the importance of implementing gamification and interactive programs in the libraries of Uzbekistan to support the development of children.
Keywords: audio books, interactive programs, points collection, gamification, interactive learning programs, competitions, games, quizzes, surveys.
Bugungi kunda bolalar kutubxonalariga bo‘lgan qiziqishning pasayishi bir qancha kompleks omillar bilan izohlanadi. Ushbu omillar orasida o‘quvchilarning elektron texnologiyalar bilan aloqada bo‘lish darajasi, o‘qish jarayonining monotonligi hamda kutubxonalarning an’anaviy pedagogik yondoshuvlarga asoslanib faoliyat ko‘rsatishi muhim omil sifatida ajralib turadi. O‘quvchilar kutubxonalarda o‘qishdan ko‘ra zamonaviy elektron texnologiyalar, masalan, video o‘yinlar va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘proq vaqt o‘tkazishga moyil bo‘lmoqda, bu esa kutubxonalarga bo‘lgan qiziqishni kamaytiradi.
Fikrimizni ilmiy jihatdan asoslash maqsadida, AQSHning Pew Research Center tadqiqot tashkilotining 2023-yilgi ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, 15-18 yoshdagi o‘quvchilarning 60% o‘qishdan ko‘ra video o‘yinlar va ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Shuningdek, Buyuk Britaniyaning National Literacy Trust xayriya tashkilotining 2019-yilgi tadqiqoti, o‘quvchilarning 40%i o‘qish jarayonini zerikarli deb hisoblashlarini va kutubxonalarda o‘qishdan ko‘ra boshqa faoliyatlarga vaqt ajratishga moyil ekanliklarini ko‘rsatgan.
Shunday qilib, nafaqat bolalar kutubxonalari, balki umuman kutubxona tizimlari o‘quvchilarni jalb qilish borasida ilgari surilgan usullarni yangilashga muhtojdir. Ushbu jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirishda innovatsion pedagogik metodlar va interaktiv o‘quv yondoshuvlarni qo‘llash zarurati shakllanmoqda.
Gamifikatsiya (o‘yin elementlarini ta’lim jarayoniga integratsiya qilish) va interaktiv o‘quv tadbirlari (ta’lim va ko‘ngilochar faoliyatlarning uyg‘unlashuvi orqali o‘quvchilarning faolligini oshirish) bolalar kutubxonalariga bo‘lgan qiziqishni tiklashda samarali vositalar bo‘lishi mumkin. Gamifikatsiya yordamida ta’lim jarayonini yanada qiziqarli va jalb qiluvchi qilish, o‘quvchilarning kognitiv va emotsional rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga imkon yaratadi. Shu bilan birga, interaktiv o‘quv tadbirlari o‘quvchilarning ijodiy fikrlash va jamoada ishlash qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi, bu esa kutubxona muhitida o‘quvchilarning o‘zaro aloqalarini va bilimga bo‘lgan qiziqishlarini mustahkamlashga yordam beradi[1].
New York Public Library (NYPL) bolalar uchun bir qator innovatsion ta’lim dasturlarini amalga oshiradi. Ushbu dasturlar orasida “Little Learners” nomli dastur alohida o‘rin tutadi. Dastur orqali bolalar uchun musiqa, harakat va ko‘p tilli o‘yinlar tashkil etiladi, bu esa ularning o‘qish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. Bunday kichik namunalar orqali ko‘rsatilgan xizmatlar, ayniqsa bolalar kutubxonalari uchun, gamifikatsiya asosida tashkil etilgan o‘yinlar yordamida ta’lim jarayonini yangilashga imkon yaratadi[2].
Gamifikatsiyaning kutubxona tizimiga integratsiyasi, bolalarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish va ularning faol ishtirokini rag‘batlantirishda samarali metod hisoblanadi. Bu metod orqali kutubxona xizmatlari yangicha shakllarda, o‘quvchilarni ko‘proq jalb qilish imkoniyatini taqdim etadi. Shuningdek, interaktiv o‘quv tadbirlari, masalan, kutubxonalar uchun maxsus musobaqalar, ma’lumotlarni baholash, interaktiv o‘yinlar va muhokama sessiyalarini tashkil etish, o‘quvchilarning kutubxona faoliyatida faolligini oshirishga yordam beradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, interaktiv faoliyatlar o‘quvchilarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshiradi va ular kutubxonadan foydalanishga ko‘proq vaqt ajratishga moyil bo‘lishadi[3].
Misol tariqasida, Finlandiyaning Helsinki Central Library kutubxonasi, aynan bunday interaktiv dasturlarga alohida e’tibor qaratgan. Bu kutubxona o‘zining ta’lim dasturlarida o‘quvchilarga ma’lumotlarni baholash va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishni maqsad qilgan. Misol uchun, “Library Lab” (Kutubxona laboratoriyasi) dasturi orqali o‘quvchilar o‘z ma’lumotlarini mustahkamlash va yangi ma’lumotlarni tahlil qilishga o‘rgatiladi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, Helsinki kutubxonasiga tashrif buyurgan bolalar orasida 78% dan ortig‘i kutubxona dasturlariga qatnashgandan so‘ng tanqidiy fikrlash ko‘nikmasining rivojlanishini sezganliklarini bildirganlar. Ushbu statistika, interaktiv dasturlar va faoliyatlarning bolalar ta’limidagi ahamiyatini yanada kuchaytiradi va bunday yondoshuvlarning kutubxonalar faoliyatida muvaffaqiyatli qo‘llanilishi zarurligini ko‘rsatadi[4].
Yuqorida ta’kidlanganidek, kutubxonalar, ayniqsa bolalar kutubxonalari, ta’lim muassasalaridan keyingi o‘rinda turib, o‘quvchilarning bilim olish jarayonini va har tomonlama rivojlanishini ta’minlashga mas’uliyatlidir. Shu nuqtai nazardan, kutubxonalar o‘quvchilarning intellektual va ruhiy rivojlanishini ta’minlashda innovatsion metodologiyalarni qo‘llash zarurati tug‘iladi. Ushbu yondoshuvlar, xususan, gamifikatsiya va interaktiv pedagogik metodlar, o‘quvchilarning kutubxonaga bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim rol o‘ynaydi.
Gamifikatsiya – o‘yin mexanizmlarini ta’lim jarayoniga integratsiya qilish orqali o‘quvchilarning motivatsiyasini oshirish va o‘qishni yanada qiziqarli qilishni maqsad qilgan pedagogik yondoshuvdir. Ushbu metodda o‘yin elementlaridan, jumladan, ball to‘plash, musobaqalar, mukofotlar, va boshqa raqobatbardosh mexanizmlardan foydalaniladi. AQSHlik psixolog B.F. Skinnerning Behaviorizm nazariyasiga ko‘ra, o‘quvchilarning motivatsiyasini oshirishda mukofotlar va rag‘batlantirish tizimlarining o‘rni beqiyosdir[5]. Ushbu yondoshuv, o‘quvchilarning o‘z-o‘zini motivatsiya qilish jarayonini rag‘batlantiradi, natijada ta’lim jarayoni yanada samarali va interaktiv bo‘ladi.
Gamifikatsiya kutubxonalarda o‘quvchilarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni kutubxonaga jalb qilish va o‘quv jarayonidagi motivatsiyasini oshirish borasida turli mamlakatlarda keng qo‘llanilmoqda. Dunyo bo‘yicha bir qancha kutubxonalarda, xususan, Buyuk Britaniya kutubxonalarida o‘tkaziladigan “Summer Reading Challenge” musobaqasi bolalarni yozgi ta’tilda ham kitob o‘qishga undash uchun samarali vosita sifatida tashkil etiladi. Musobaqada ishtirokchilar o‘qigan kitoblari uchun ballar to‘plab, mukofotlar va medallar yutish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Musobaqaning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat: o‘quvchilarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini faollashtirish, motivatsion salohiyatini oshirish va o‘qish faoliyatini jozibador qilish. Musobaqa orqali o‘quvchilar o‘qishni davom ettirishga rag‘batlantiriladi, bu esa ularning kutubxonaga bo‘lgan qiziqishini kuchaytiradi va ta’lim jarayonining samaradorligini oshiradi.
AQSHda o‘tkaziladigan “Reading Olympics” musobaqasi o‘quvchilarning bilimlarini sinovdan o‘tkazish, guruhda ishlash va raqobatni jozibador qilishni maqsad qiladi. Ishtirokchilar kitoblar bo‘yicha savollarga javob berib, to‘g‘ri javoblar uchun ball olishadi. Bu metod guruhda ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish va o‘quvchilarda o‘qishga qiziqish uyg‘otish imkonini beradi. Amerikalik tadqiqotchi Robert Slavinning kooperativ o‘rganish nazariyasi raqobat va jamoaviy ishlashni ta’lim samaradorligini oshiruvchi omil sifatida ta’kidlaydi[6].
Melburn kutubxonasi tomonidan tashkil etilgan “Book Bingo” dasturi, o‘quvchilarga o‘qilgan kitoblar asosida bingo kartalarini to‘ldirish imkoniyatini beradi. Har bir o‘qilgan kitob kartadagi bitta katakka to‘ldiriladi va to‘liq bingo kartasini to‘ldirgan ishtirokchilar sovrinlar yutadi. Ushbu gamifikatsion metod o‘quvchilarga yangi kitoblarni tanishtirish, o‘qish jarayonini qiziqarli qilish va rag‘batlantirishni maqsad qiladi.
Singapurning National Library Board kutubxonasi tomonidan tashkil etilgan “Teen Reading Challenge” gamifikatsion musobaqasi, o‘quvchilarni yoshga mos kitoblarni o‘qishga rag‘batlantirish va ularning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratilgan. Musobaqada o‘quvchilar har bir o‘qilgan kitob uchun ball to‘plab, eng ko‘p ball to‘plagan ishtirokchilarga sovrinlar taqdim etiladi. Ushbu musobaqa o‘quvchilarda yuqori darajadagi motivatsiyani yuzaga keltirib, o‘qishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi hamda sog‘lom raqobatni rivojlantiradi.
Barbara A. Lehmanning 2000-yildagi tadqiqotiga ko‘ra, yoshga mos kitoblarni tanlash o‘quvchilarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini sezilarli darajada oshiradi. Bu metod, o‘quvchilarning motivatsiyasini kuchaytirish va ularni kutubxonalarga jalb qilishda samarali yondoshuv sifatida tasdiqlangan. O‘quvchilarga kitoblarni o‘qish davomida ball tizimi va mukofotlar orqali rag‘bat berish, ta’lim jarayonida yanada yuqori natijalarga erishish imkoniyatini yaratadi[7].
Ushbu misollar, gamifikatsiya metodlarini o‘quv jarayoniga joriy etish orqali ta’limni interaktiv, samarali va motivatsion qilishga qaratilgan tadbirlardir. Bunday dasturlar o‘quvchilarning faol ishtirokini rag‘batlantirib, ularning qiziqishini oshiradi. Rivojlangan mamlakatlardagi tajribalarni o‘rganish, ularni O‘zbekistondagi kutubxonalarda moslashtirish orqali samarali natijalarga erishish mumkin. Ayniqsa, bolalik davri — tarbiyaning muhim bosqichi — ushbu jarayonning markazida turadi, bu esa bolalar kutubxonalariga katta mas’uliyat yuklaydi.
Gamifikatsiya o‘qish jarayonini yanada interaktiv va qiziqarli qilish bilan birga, o‘quvchilarning motivatsiyasini oshiradi. Uning asosiy afzalliklari quyidagilardan iborat:
1.O‘quvchilarning qiziqishini oshirish: O‘yin mexanizmlari orqali o‘quvchilar ta’limga qiziqish bilan yondashadi, muvaffaqiyatlar esa ularning ishtiyoqini mustahkamlaydi.
2.O‘rganishni qiziqarli qilish: Gamifikatsiya o‘qish jarayonini interaktiv va jozibali qiladi, bu esa o‘quvchilarning diqqatini uzoqroq saqlashga yordam beradi.
3.Muammolarni hal qilish va kreativ fikrlash: O‘yinlar o‘quvchilarni innovatsion fikrlashga va muammolarni hal qilishga rag‘batlantiradi.
4.Ijtimoiy faoliyatni rivojlantirish: Jamoaviy o‘yinlar o‘quvchilarga birgalikda ishlashni, muloqot qilishni o‘rgatadi.
5.Ko‘nikmalarni mustahkamlash: O‘quvchilar o‘z bilimlarini amaliyotda qo‘llash orqali ularni yanada mustahkamlaydi, bu esa ta’limdagi muvaffaqiyatni oshiradi[8].
Interaktiv kutubxona tadbirlari o‘quvchilarning faol ishtirokini ta’minlaydigan jarayonlar bo‘lib, ular o‘qish yoki tinglash bilan cheklanmay, fikr bildirish, savollarga javob berish, muammolarni hal qilish va ijodiy faoliyatga jalb qiladi[9]. Bunday tadbirlar o‘qish klublari, teatr sahnalari, muzeylar bilan hamkorlikdagi dasturlar, adabiy o‘yinlar va yaratuvchanlik faoliyatlarini o‘z ichiga oladi. Ushbu jarayonlar bolalarning o‘zini ifoda etish, ijtimoiy va kommunikativ ko‘nikmalarini rivojlantirishga, shuningdek, o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirishga yordam beradi.
Vigotskiyning sotsial-o‘sish nazariyasiga asosan, o‘quvchilar o‘quv jarayonida o‘zaro aloqada bo‘lib, yangi tushunchalarni boshqalar bilan almashib, kognitiv rivojlanishlarini oshiradilar[10]. Shu bilan birga, interaktiv dasturlar bolalarni faqat kitob o‘qishdan tashqari, ularni turli ko‘rinishlarda o‘rganishga rag‘batlantiradi. Masalan, virtual o‘yinlar, viktorinalar, animatsiyalar, interaktiv audiokitoblar va boshqa interaktiv dasturlar o‘quvchilarning faol ishtirokini ta’minlab, ta’lim jarayonini samarali va qiziqarli qiladi[11].
Interaktiv audiokitoblar o‘quvchilarga kitob mazmunini musiqiy va vizual shaklda taqdim etib, ularning ijodiy fikrlash va tasavvur qobiliyatlarini rivojlantiradi. Bu metod o‘quvchilarni hikoyalar bilan yaqinlashtirib, voqealarni qayta yaratishga imkon beradi. Audiokitoblar nafaqat eshitish, balki interaktiv faoliyatlarni ham o‘z ichiga oladi, masalan, voqealarga tegishli savollarga javob berish yoki qarorlar qabul qilish[12].
“Choose Your Own Adventure” seriyasidagi audiokitoblar o‘quvchilarga hikoya rivojiga ta’sir qilish imkonini beradi, masalan, sarguzashtni o‘zgartirish uchun qarorlar qabul qilish. “Storytelling with Music” kabi kitoblar musiqani hikoya mazmunini boyitish uchun ishlatadi, bu o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshiradi. “Interactive Audio Books for Education” audiokitoblari ta’lim maqsadida interaktiv elementlarni qo‘shadi, o‘quvchilar uchun savollar yoki topshiriqlarni taklif etadi, bu esa o‘rganish jarayonini yanada samarali qiladi.
Interaktiv audiokitoblar o‘quvchilarga an’anaviy kitoblardan farqli ravishda audiovizual tajriba taqdim etadi, bu esa o‘qishga bo‘lgan qiziqishni oshiradi va ta’lim jarayonini yanada samarali qiladi. Audiokitoblar o‘quvchilarning tasavvurlarini rivojlantirib, ularni o‘qish faoliyatiga faol jalb qiladi. Virtual kitob safari va viktorinalar kabi interaktiv faoliyatlar esa o‘quvchilarga bilimlarni amaliyotda qo‘llash imkonini beradi va o‘quv jarayonini qiziqarli, motivatsion qiladi[13].
Viktorinalar o‘quvchilarga o‘qigan kitoblarini yaxshiroq tushunish va bilimlarini sinash imkoniyatini taqdim etadi. Muvaffaqiyatli ishtirok etganlarga sovrinlar taqdim etish, ularni yanada faol ishtirok etishga undaydi. Misol uchun, Sidney kutubxonasida o‘tkazilgan “Literacy Safari” virtual kitob safari tadbirida o‘quvchilar o‘qigan hikoyalari bo‘yicha savollarga javob berib, ballar yig‘adi va voqealarni boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladilar[14].
O‘zbekiston Respublikasidagi kutubxonalarda, xususan bolalar kutubxonalarida gamifikatsiya va interaktiv dasturlarni qo‘llash, bolalar rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Mazkur fenomenni ilmiy asosda tahlil qilish maqsadida, Respublika Bolalar kutubxonasida o‘tkazilayotgan tadbirlar, so‘rovnomalar natijalari va ularga oid izohlarni keltirish zarurdir. So‘nggi yillarda kutubxona muassasalarida bolalar uchun turli yosh guruhlariga mos ravishda gamifikatsiya o‘yinlari va interaktiv dasturlar tashkil etilib, ayniqsa dam olish kunlarida yuqori samaradorlikka erishilgan.
Kutubxona tadbirlari ikki asosiy metodologik yondashuvga asoslanadi. Birinchi yondashuv an’anaviy kitob o‘qish bo‘lib, bu uslubga e’tibor qaratadigan ota-onalar soni nisbatan kam. Ikkinchi yondashuv esa interaktiv komponentlar bilan boyitilgan va bolalar faol ishtirokini talab etuvchi tadbirlardir. Ushbu metodikada bolalar kitob o‘qish yoki ertaklar tomoshasidan keyin viktorinalar, rasm chizish, bo‘yash, qahramonlarga taqlid qilish, raqsga tushish kabi faoliyatlar bilan shug‘ullanishadi, bu esa an’anaviy kutubxona tadbirlaridan sezilarli farq qiladi.
Mazkur tadqiqotning ilmiy maqsadi – bolalar kutubxonalarida o‘tkazilayotgan gamifikatsiya va interaktiv dasturlarning bolalar rivojlanishiga ta’sirini baholashdir. Tadqiqot uchun bir oy davomida kutubxona tadbirlariga tashrif buyurayotgan ota-onalar va ularning farzandlarining fikrlarini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnoma 20 ta savoldan iborat bo‘lib, quyidagi savollarni o‘z ichiga olgan:
1.Bolalarning aqliy rivojlanishiga qaysi metodologik yondashuvning samarasi yuqori deb hisoblaysiz? A)Gamifikatsiya va interaktiv dasturlar B) An’anaviy kutubxona tadbirlari
2.Bolalarni o‘qishga jalb qilishda qaysi metodologiya samaraliroq? A)Gamifikatsiya va interaktiv dasturlar B) An’anaviy kutubxona tadbirlari
So‘rovnomada ishtirok etgan 235 ota-onaning 70 foizi gamifikatsiya va interaktiv kutubxona dasturlarini bolalarning intellektual va emotsional rivojlanishiga foydali deb bilgan, qolgan 30 foizi esa an’anaviy kutubxona tadbirlarini afzal ko‘rgan. Ushbu natijalar zamonaviy pedagogik yondashuvlarning bolalar rivojlanishiga qanday ta’sir qilishini ilmiy jihatdan tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, zamonaviy jamiyatda bolalarni turli tashqi omillardan saqlab qolish va ularning ma’naviy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish uchun gamifikatsiya va interaktiv dasturlarning ahamiyati ortib bormoqda. Bunday dasturlar bolalar diqqatini, xotirasini va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishda katta rol o‘ynaydi. Demak, kutubxonalar o‘z tadbirlarini zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodikalardan foydalangan holda tashkil etishlari zarur.
Respublika bolalar kutubxonasi, yosh guruhlariga mos zamonaviy texnologik vositalarni, xususan sensorli kompyuterlar va planshetlar kabi gadjetlarni kutubxona faoliyatiga jalb qilish orqali bolalarning aqliy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu vositalar faqat bolalarning kognitiv rivojlanishiga xizmat qiladigan dasturlar bilan ta’minlangan bo‘lib, ularning samarali ishlatilishi bolalar ta’limining sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida, bolalar kutubxonalarida o‘qish jarayonini yanada samarali va qiziqarli tashkil etish uchun gamifikatsiya va interaktiv metodlarning joriy etilishi juda muhimdir. Ushbu usullar nafaqat bolalarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshiradi, balki ularning ijodiy fikrlash, tasavvur qilish va muammolarni hal etish ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
Gamifikatsiya va interaktiv usullar yordamida o‘quvchilar o‘qish faoliyatini o‘yin kabi ko‘rishadi, bu esa ta’limni o‘zlashtirishni osonlashtiradi va o‘rganish jarayonini yanada qiziqarli qiladi. Interaktiv dasturlarni kutubxonalarda qo‘llash o‘quvchilarning ijtimoiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi, shu bilan birga, o‘quvchilarning ta’limda faol ishtirokini ta’minlaydi va ta’limning samaradorligini oshiradi.
Bundan kelib chiqib, bolalar kutubxonalarida audiokitoblar va interaktiv audiokitoblar bilan ko‘proq ta’minlash o‘quvchilarga qiziqarli va samarali o‘qish tajribasini taqdim etadi. Shuningdek, o‘quvchilarning bilimlarini tekshirish uchun viktorinalarni qo‘llash hamda ijodiy faoliyatlarni rag‘batlantirishga yordam beradigan dasturlarni tashkil etish zarur.
Ota-onalar va o‘qituvchilarni kutubxonadagi interaktiv dasturlar bilan tanishtirish ham muhimdir, chunki ular bolalar kutubxonasiga ko‘proq jalb qilinishlari uchun turli xil treninglar va seminarlar orqali qo‘llab-quvvatlashlari lozim. Mobil ilovalar orqali interaktiv audiokitoblar va gamifikatsiyalashgan materiallarni taqdim etish esa kutubxonaga kelmasdan ham ta’lim berish imkonini yaratadi.
O‘zbekistondagi bolalar kutubxonalariga global tendensiyalarni joriy qilish, zamonaviy texnologiyalar va interaktiv o‘quv vositalaridan foydalanish, bolalar rivojlanishiga yangi imkoniyatlar yaratish uchun zarur. Bunday yondashuvlar va metodologiyalar o‘quvchilarga ta’limni qiziqarli va samarali tarzda taklif qilishga yordam beradi, kutubxonalar faoliyatini rivojlantiradi va o‘quvchilarning kutubxona bilan aloqasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
Gee, J. P. What Video Games Have to Teach Us About Learning and Literacy/ J. Gee //Computers in the Schools. – 2003. - № 19(3-4). – P. 199-214.
https://www.nypl.org/education/early-literacy
From Game Design Elements to Gamefulness: Defining “Gamification”/ S. Deterding [va boshq.] // Proceedings of the 2011 Annual Conference on Human Factors in Computing Systems. – 2011. – P. 2425-2428.
https://oodihelsinki.fi/en/events/
Baum, W. M. Understanding Behaviorism: Science, Behavior, and Culture / W. Baum //Blackwell Publishing. – 2005. - P. 384.
Slavin, R. E. Cooperativ Learning: Theory, Research, and Practice / R. Slavin // Allyn & Bacon. – 1995. – P. 228.
Lehman, B. A. Selecting Age-Appropriate Books for Children / B. Lehman // The Reading Teacher. – 2000. – P. 13-24.
Hamari, J. Does Gamification Work? A Literature Review of Empirical Studies on Gamification? /J. Hamari, J. Koivisto, H. Sarsa // Proceedings of the 47th Hawaii International Conference on System Sciences. – 2014. -P. 3025-3034.
Dewey, J. Democracy and Education / J. Dewey // Macmillan. – 1916.
Vygotsky, L. Mind in Society: The Devolepment of Higher Psychological Processes / L. Vygotsky // Harvard University Press. – 1962. – P. 380.
Anderson, C. A. Video games and aggressive thoughts, feelings, and behavior in the laboratory and in life/ A. C. Anderson, K. E. Dill // Journal of Personality and Social Psychology. – 2000. - № 78(4). – P. 772-790.
Lave, J. Situated Learning: Legitimate Peripheral Participation / J. Lave, E. Wenger // Cambridge University Press. – 1991.
Preece, J. The Book of Usability: The Importance of Interactivity in Educational Settings / J. Preece, B. Shneiderman // Cambridge University Press. – 2002.
12Norris, D. How We Learn: The Role of Interactivity in Educational Content / D.Norris, E.Soloway // Journal of Educational Technology. – 2003. №31(2). – P. 68-80.