Mazkur maqolada axborot-kutubxona muassasalari fondlarining maqsadlari, fondlarni to‘ldirish uchun belgilangan me’yorlar, shuningdek tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlari fondini to‘ldirishdagi muammolar haqida atroflicha fikr, mulohazalar keltiriladi. Axborot-kutubxona markazlarining fondi holati, foydalanuvchilarning talab ehtiyojlari, fondni yangi adabiyotlar bilan to‘ldirish yo‘llari bo‘yicha ma’lumotlar berilgan. Fondlarni yangi adabiyotlar bilan to‘ldirishdagi imkoniyatlar, moliyaviy qiyinchiliklar hamda istiqbollari haqida ayrim takliflar ilgari suriladi.
Kalit so‘zlar: axborot-kutubxona muassasalari, fond, yangi adabiyotlar, to‘ldirish, muammo, tender, foydalanuvchilar, ehtiyoj, axborot-kutubxona markazlari, badiiy adabiyot, kitob, shahar, qishloq, gazeta, jurnal, hisobdan chiqarish.
This article provides comprehensive information on the purposes of information and library institutions’ collections, established norms for fund replenishment, as well as problems in replenishing the collections of district (city) information and library centers. Information is provided on the state of the collection of information and library centers, the needs of users, and ways to replenish the collection with new literature. Some proposals will be put forward regarding the possibilities, financial difficulties, and prospects of replenishing the funds with new literature.
Keywords: information and library institutions, fund, new literature, replenishment, problem, tender, users, need, information and library centers, fiction, book, city, district, newspaper, magazine, write-off.
Axborot-kutubxona muassasalari axborot-kutubxona fondlarining mazmuni va belgilangan maqsadiga ko‘ra universal hamda maxsus axborot-kutubxona muassasalariga bo‘linadi. Universal axborot-kutubxona muassasalari axborot-kutubxona fondlarini bo‘limning turli sohalari bo‘yicha shakllantiradi va turli toifadagi foydalanuvchilarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi.
Demak, respublikamizdagi 200 ta axborot-kutubxona markazlari universal axborot-kutubxona muassasalari hisoblanadi va fondlarini turli sohalar bo‘yicha shakllantiradi.
Axborot-kutubxona muassasasi fondi universal bo‘lishi va foydalanuvchilarning axborot ehtiyojlarini qondirishi, jamiyatda turli fikr va qarashlar talablariga javob berishi belgilangan.
Shu o‘rinda axborot-kutubxona markazlarining fondi bo‘yicha belgilangan me’yorlar va talablarni ham keltirib o‘tsak. Unga ko‘ra tumanlarda 1 nafar fuqaroga o‘rtacha 6 – 8, shaharda 5 – 7, qishloq joylarida 7 – 9 adabiyotdan to‘g‘ri kelishi kerak.
Fonddagi mavjud adabiyotlar tarkibi esa tuman, shahar axborot-kutubxona markazlarining fondida badiiy adabiyotlar kamida 70 foizini tashkil etishi kerak. Ma’lumot va bibliografik nashrlar fondi umumiy fondga nisbatan kamida 10 foizni tashkil qilishi kerak.
Har qanday hududning har bir axborot-kutubxona markazida fondida:
Mahalliy davriy nashr: kamida 1 nomda;
Hududiy davriy nashr; kamida 2 nomda;
Umumdavlat kundalik to‘liq formatli gazetalar; kamida 2 nomda;
Adabiy-badiiy jurnallar; kamida 1 nomda;
Bolalar badiiy nashrlari; kamida 5 nomda;
Professional nashrlar; kamida 2 nomda bo‘lishi belgilangan.
IFLA / YuNESKO tavsiyasiga ko‘ra – 1000 nafar aholiga 250 ta yangi adabiyot to‘g‘ri kelishi kerak.
Fondning sifati axborot-kutubxona muassasi fondidan adabiyotlarni o‘z vaqtida hisobdan chiqarish va ularni to‘ldirish bilan belgilanadi. Shu bilan birga fonddan adabiyotlarni hisobdan chiqarish me’yori to‘ldirish me’yoridan oshmasligi kerak. Kam so‘raladigan, ko‘p nusxali adabiyotlar foydalanishga yaroqli va o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan adabiyotlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa axborot-kutubxona muassasalariga o‘tkaziladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, yuqorida keltirib o‘tilgan o‘rtacha ko‘rsatkich mahalliy aholining real ehtiyojlariga, axborot-kutubxona muassasasining o‘rni va roliga, boshqa axborot-kutubxona muassasalarining yaqinligiga, moliyaviy imkoniyatlarga va boshqalarga bog‘liq ravishda belgilanishi mumkin.
Keltirib o‘tilgan va belgilangan me’yor hamda talablarning 2019-yilda Prezident qarori bilan tashkil etilgan 186 ta tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarining fondlari holati, kitobxonlar tomonidan foydalanishi, qolaversa yangi adabiyotlar bilan to‘ldirilishiga mosligini ko‘rib chiqsak.
Ma’lumki, tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlari tugatilgan axborot-resurs markazlari fondi hamda kadrlari hisobiga tashkil etilgan. Axborot-resurs markazlarining aksariyati kollej, litsey va maktablar tasarrufida bo‘lib, mazkur ta’lim muassasalarining o‘quvchilariga xizmat ko‘rsatgan. Bundan ayonki, fondlar asosan darslik, o‘quv qo‘llanma hamda dublet nusxalardan iborat adabiyotlar yangi tashkil etilgan tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlariga tegishli hujjatlar asosida qabul qilindi.
Ma’lum vaqt oralig‘ida qabul adabiyotlar xatlovdan o‘tkazilganda 70 foiz adabiyotlar g‘oyaviy va jismoniy jihatdan eskirganligi, ko‘p nusxaligi, darslik hamda o‘quv qo‘llanmalardan iboratligi aniqlandi. Bundan tashqari kirill alifbosidagi adabiyotlardir.
Yuqorida keltirib o‘tilgan me’yor va belgilangan talablar bo‘yicha fondni to‘ldirishga, foydalanuvchilarning, aholining ayniqsa yoshlarning talab, ehtiyoj, qiziqishlarini inobatga olib harakatlar boshlandi va bugungi kunda ham davom ettirilmoqda. Keyingi vaqtlarda axborot-kutubxona muassasalarining moddiy texnika bazasini yaxshilash birinchi navbatdagi vazifalardan biridir. Axborot texnologiyalari bilan ta’minlash, binolarni ta’mirlash, yangi bino qurish, zarur adabiyotlarni xarid qilish va hokazolarda Ochiq byudjetdan mablag‘ yutib olish bo‘yicha ancha imkoniyatlar yaratildi. Qolaversa viloyat, tuman hokimliklarining kutubxonalarga bo‘lgan e’tibori natijasida zamonaviy holatlarga keltirildi va bu ishlar davom ettirilmoqda.
Axborot-kutubxona markazlari fondi adabiyotlarni sotib olish, sovg‘a, xayriya aksiyalari va boshqa yo‘llar bilan to‘ldirib borilmoqda. Fondni to‘ldirish uchun har yili tuman moliya bo‘limlari tomonidan vaqtli matbuot nashrlariga obuna va kitoblar sotib olish uchun mablag‘ ajratiladi. Lekin ajratiladigan mablag‘lar fondni aholining, ayniqsa yosh kitobxonlarning talab va ehtiyojiga mos adabiyotlar bilan to‘ldirish uchun yetarli emas.
IFLA / YuNESKO tavsiyasiga ko‘ra – 1000 nafar aholiga 250 ta yangi adabiyot to‘g‘ri kelishi tavsiya etiladi. Bu 4 nafar kitobxonga bitta yangi adabiyot to‘g‘ri keladi deganidir. Bizning tuman axborot-kutubxona markazimizga 2024 yilda 400 nusxa yangi adabiyot xarid qilindi. Bu esa 216 nafar kitobxonga bitta yangi adabiyot to‘g‘ri kelishini bildiradi.
Vaqtli matbuot nashrlariga obunani ham qoniqarli deb bo‘lmaydi. Mablag‘ yetmasligidan jurnallarga 6 oy, 3 oy, 1 oyga obuna tashkil etiladi.
Keyingi yillarda axborot-kutubxona markazlari fondini zarur yangi adabiyotlar bilan to‘ldirishda qiyinchiliklar va muammolar yuzaga kelmoqda. Bunda yangi adabiyotlarni sotib olish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3953-sonli Qaroriga muvofiq amalga oshirilishi belgilangan. Qarorda adabiyotlarni auksion orqali sotib olish belgilangan. Endilikda axborot-kutubxona muassasalari adabiyotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida kitob do‘konlari, nashriyotlar va boshqalar orqali amalga oshirilmasdan auksion orqali sotib oladi.
Hukumatimiz tomonidan belgilangan Qarorda bir qancha ijobiy tomonlari mavjud. Ya’ni tadbirkorlar, ishbilarmonlar, kitob do‘konlari va h.klar auksionda qatnashib, auksion g‘olibi adabiyotlarni boshqa ishtirokchilarga nisbatan belgilangan narxdan arzon bahoda axborot-kutubxona markazlariga yetkazib beradi. Shu o‘rinda aytish mumkinki, auksion ishtirokchilari boshlang‘ich narxlarni oshirish emas aksincha auksion ishtirokchilari bir biridan narxlarni pasaytirish bo‘yicha o‘zaro bellashadilar. Auksionning ahamiyatli jihati ham ana shunda.
Lekin amalda buning teskari holati sodir bo‘lmoqda. Auksion g‘olibi adabiyotlarni o‘z vaqtida yetkazmasligi, ro‘yxatda belgilangan ayrim adabiyotlar o‘rniga boshqa adabiyotlarni olib kelishi, kitoblarning sifatsizligi bir so‘z bilan aytganda son bor u, sifat yo‘qligi holatlari tez tez uchrab turadi.
Natijada axborot-kutubxona markazlari yangi kitoblarni yetarli darajada sotib ololmay, yoki yil davomida kitob sotib ololmasdan qolib kitob sotib olishga ajratilgan mablag‘lar esa yil oxiriga qadar ishlatilmay qolishi natijasida moliya bo‘limiga qaytarilish hodisalari uchraydi.
Mazkur muammolar natijasida kitobxonlar aziyat chekmoqda. Sifatsiz qog‘ozlarga chop etilgan arzon bahodagi kitoblar tez titilib, jismoniy jihatdan eskirib qolmoqda. Qolaversa axborot-kutubxona markazlari oldiga qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli bajara olmay qolmoqda. Kitobxonlar tomonidan so‘ralmaydigan adabiyotlar yig‘ilib qolmoqda. Keltirib o‘tilgan muammolar ayniqsa tumanlarda olis hududlarda joylashgan axborot-kutubxona markazlariga jiddiy ta’sir qilmoqda. Bu nafaqat tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarida muammolar, balkim respublikamizdagi barcha axborot-kutubxona muassasalaridagi duch kelayotgan holatlardan biridir.
Auksion orqali vaqtli matbuot nashrlaridan tashqari axborot-kutubxona muassasalariga zarur bo‘lgan qog‘oz, ruchka, texnikalar va boshqalar ham olinadi. Bular ham jiddiy muammo hamda qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Ortiqcha nusxadagi hamda kitobxonlar tomonidan foydalanilmaydigan adabiyotlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Axborot-kutubxona muassasalarida axborot-kutubxona resurslarini hisobga olish, fondlarni saqlash va hisobdan chiqarish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 552-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida axborot-kutubxona markazlari hisobidan bosqichma-bosqich hisobdan chiqarilmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, kutubxonachilik sohasida belgilangan me’yor va talablar bilan axborot-kutubxona markazlarining fondi to‘ldirilsa kitobxonlarning talab va ehtiyojlari qondiriladi. Nashriyot yoki kitob do‘konlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma qilish uchun imkoniyat yaratilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Shuningdek axborot-kutubxona markazlari oldiga qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli bajaradi. Yurtimizda kitobxonlar soni ko‘payadi. Hozirgi kitobxonlar kelgusida o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishib jamiyatimiz ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
“Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni. https://lex.uz/docs/1769736?ONDATE=19.04.2018
O‘zbekiston axborot-kutubxona muassasalari faoliyatining Milliy model standarti [Matn] = Natsionalnыy modelnыy standart deyatelnosti informatsionno-bibliotechnыx uchrejdeniy Uzbekistana : Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi .- Toshkent : Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2019 . – 132 b.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2019-yil 7-iyundagi PQ-4354-sonli Qarori. https://lex.uz/docs/4372449
O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori https://lex.uz/ru/docs/3920651?ONDATE=23.05.2024
Axborot-kutubxona muassasalarida axborot-kutubxona resurslarini hisobga olish, fondlarni saqlash va hisobdan chiqarish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori https://lex.uz/docs/6216084