Bugungi kunda, raqamli ta’lim muhitida akademik kutubxonalarni elektron resurslar fondini shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Elektron resurslar fondi nafaqat keng qamrovli ilmiy ma’lumotlarni taqdim etadi, balki interaktiv va masofaviy ta’lim jarayonini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Akademik kutubxonalarda elektron resurslar fondlarini shakllantirishda ma’lumotlar bazasini tanlash uchun bir qator muhim mezonlar mavjud. Ushbu mezonlar orasida bazaning mazmuni va qamrovini hisobga olish, ya’ni dasturlar va tadqiqotlar ehtiyojlariga mos kelishi, shuningdek, uning umumiy va maxsus fanlar boʻyicha qamrovini koʻrib chiqish kiradi. Tadqiqotni amalga oshirish uchun bir qancha metodlar oʻrganildi va tahlil qilindi. Respondentlar uchun keng qamrov va qulaylikni ta’minlash maqsadida asosiy tadqiqot usuli sifatida onlayn soʻrovnoma metodi tanlab olindi. Tadqiqotdan olingan natijalar asosida tavsiyalar ishlab chiqildi. Oʻzbekiston universitet kutubxonalari elektron resurslarni tanlash va ularning fondini rivojlantirish masalalarini hal qilish yoʻllari boʻyicha takliflar shakllantirildi.

Kalit so‘zlar: akademik kutubxona, elektron resurs, foydalanuvchi, obuna, kutubxona fondi, ma’lumotlar bazasi, nashryot.

 

CRITERIA FOR SELECTING DATABASES FOR SUBSCRIPTION IN FORMING ELECTRONIC RESOURCE COLLECTIONS IN ACADEMIC LIBRARIES

 

Today, in the digital educational environment, forming electronic resource collections in academic libraries is of great importance. These collections not only provide comprehensive scientific information but also support interactive and distance learning processes. There are several key criteria for selecting databases when developing electronic resource collections in academic libraries. These criteria include evaluating the content and coverage of the database to ensure alignment with academic programs and research needs, as well as assessing its coverage of general and specialized disciplines. Several research methods were studied and analyzed to conduct this study. To ensure broad accessibility and convenience for respondents, the online survey method was chosen as the primary research tool. Based on the findings, recommendations were developed. Proposals were formed to address the challenges of selecting electronic resources and developing collections in university libraries in Uzbekistan.

 

Kutubxona fondi azal azaldan resurslarni qabul qilish, tashkil etish, saqlash va foydalanuvchilar uchun ochiq holda taqdim etishning umumiy yigʻindisidir. Kutubxonaning fondi ta’lim, tadqiqot, dam olish va ma’lumot berish uchun resurslarni taqdim etish orqali foydalanuvchilarning ehtiyojlariga xizmat qiladi. Kutubxona fondining qamrovi kutubxonaning turi va maqsadiga (masalan, jamoat, akademik, maxsus yoki maktab kutubxonalari) qarab keng farq qilishi mumkin, lekin u odatda turli materiallarni o‘z ichiga oladi, masalan: kitoblar, davriy nashrlar, elektron manbalar, qo‘lyozmalar va arxivlar, maxsus kollektsiyalar (noyob kitoblar, noyob qo‘lyozmalar, artefaktlar yoki maxsus ishlov berishni talab qiladigan maxsus materiallar), hukumat hujjatlari, multimedia, xaritalar va atlaslar, tadqiqot ma’lumotlari, tezislar va dissertatsiyalar, efemer materiallar (risolalar, flayerlar, plakatlar va broshyuralar kabi qisqa muddatli yoki vaqtinchalik materiallar)[9].

Axborot kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi kutubxonalar axborot resurslarini qanday sotib olishi va ma’lumotlarni qanday shakllantirish usullarini sezilarli darajada o‘zgartirdi. Kutubxonalar zarur bo‘lgan elektron resurslarni sotib olish uchun turli usullardan foydalanadilar. Biroq, L.Benny elektron resurslarni sotib olish, obuna bo‘lish yoki konsortsium orqali olish mumkinligini ta’kidlaydi.[1] U yana elektron resurslarni fondini shakllantirishda ko‘pchilik kutubxonalar tomonidan eng keng tarqalgan usul – bu elektron resurslarga obuna bo‘lish ekanligini qayd etadi. Xuddi shunday, F.Ifeoma va Achebe fikriga ko‘ra, universitet kutubxonalarida elektron kitoblar/jurnallarga kirishni ta’minlashning eng samarali usuli internet orqali masofadan turib kirish mumkin bo‘lgan onlayn ma’lumotlar bazalariga obuna bo‘lishini aytib oʻtgan[6]. Ba’zi kutubxonalar elektron resurslarni sotib olishda ko‘plab elektron resurslarni chegirmalar tufayli konsortsium orqali sotib olishga muvaffaq bo‘lmoqdalar. Konsortsiumlar kutubxonalar uchun mavjud elektron resurslar haqida bilishning yana bir usuli hisoblanadi.

L.Creibaum va S.Hollwayning ma’lumotlariga ko‘ra, akademik kutubxonalarda elektron resurslarni shakllantirishning to‘rtta usuli mavjud [3].

Obuna: bu axborot resurslariga kelishilgan vaqt davomida kirish uchun litsenziya olish usulidir.

Sotib olish: axborot resurslarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish orqali olish.

Konsortsium: bu kutubxonalar resurslarni muvofiqlashtiruvchi kooperativ uyushmasi bo‘lib, ko‘plab mahsulotlar konsortsium orqali sotib olinganda chegirmalarga ega bo‘lishi mumkin va qayta mijozlar uchun chegirmalar mavjud bo‘lishi mumkin. Taklif qilingan mahsulotning ayrim qismlariga ega bo‘lgan kutubxonalar uchun narxlarni kamaytirish mumkin.

Ochiq kirish: elektron resurslarga bepul va ochiq onlayn kirish. Bir qator nufuzli nashriyotlar mavjud bo‘lib, ular haqiqiy va qimmatli kontentga bepul kirish imkoniyatini taqdim etadi.

Har qanday kutubxona — akademik, jamoat va maktab kutubxonalari (davlat, xususiy, charter, mustaqil va xalqaro) — kutubxona resurslarini tanlash, rad etish yoki bekor qilish va qayta ko‘rib chiqishni boshqaradigan batafsil siyosatga ega bo‘lishi kerak. Eng dolzarb siyosat tanlash siyosati bo‘lib, muntazam ravishda ko‘rib chiqiladi va yangilanadi, hamda kutubxona xodimlarining barcha a’zolariga tanish bo‘ladi[4].

Axborot resurslarini tanlash, fondni ishlab chiqishning asosiy funktsiyasidir va har qanday format uchun tanlov qarorining asosiy maqsadi bir xil: foydalanuvchilarning ehtiyojlarini qondirish. D.A.Cabonero va L.B.Mayrenalar o‘zlarining maqolalarida tanlovni fondni shakllantirishning yuragi deb takidlashgan [2]. Tanlash - sotib olish jarayonida birinchi zarur qadamdir. Axborot materiallari bir guruh o‘quvchilar uchun foydaliligini hisobga olgan holda tanlanadi. Buning sababi, kutubxonada kitobxon topadigan qoniqish miqdori bevosita kutubxonada mavjud bo‘lgan resurslarga bog‘liq [10]. Elektron resurslarning paydo bo‘lishi natijasida fond bilan ishlovchi kutubxona mutaxassislarining ish vazifalari keskin o‘zgardi.

Jurnallar sohasi tez sur’atlarda noshirlar tomonidan kontent litsenziyalash va materialni internet orqali raqamli shaklda olish tomon harakat qilayotgan bir paytda, “Nega ma’lumotlar bazalaridan foydalanish kerak?” degan savolga bir necha yil avvalgi holatlardan farqli javob talab qilinishi kerakdek tuyuladi. Kutubxonalar turli ma’lumotlar bazalariga obuna bo‘lish orqali o‘z fondlarini shakllantirib kelmoqda, chunki bu ularga mustaqil ravishda sotib olish va saqlash o‘rniga nisbatan tejamliroq hisoblanadi. Nashriyotchilar ma’lumotlar bazalariga yordam ko‘rsatish orqali kutubxonalar hamjamiyatiga boshqaruv xarajatlarini kamaytirishga yordam berayotganini unutmaslik kerak, bu esa umumiy byudjetning obunalarga sarflanishi mumkin bo‘lgan qismini oshirishga imkon yaratadi.

Birinchi navbatda ta’kidlash kerakki, turli axborot bazalarining kutubxonaga taqdim etadigan xizmat turi va tajribasi juda katta farqlanishi mumkin. Ko‘p ilmiy- ommabop axborot bazalari raqobatda faqat narx bilan emas, balki xizmat va qulay narxdagi xizmat ko‘rsatish bilan ham o‘zlarini ajratib turishni maqsad qiladi. Bu muhim jihat, chunki hayotning har qanday sohasida arzon ko‘rinadigan variant uzoq muddatda eng qimmatga tushishi hech gap emas. Shuning uchun kutubxonalarga obuna uchun turli ma’lumotlar bazalari bilan ularning jurnal va xizmatlari bo‘yicha barcha talablarini batafsil muhokama qilish tavsiya etiladi, shunda ko‘proq xizmatni qamrab oluvchi eng tejamli variant to‘liq baholanishi mumkin bo‘ladi. Quyidagi ro‘yxat ma’lumotlar bazalarini tanlashda eng muhim mezonlarni ko‘rsatadi. Bu to‘liq ro‘yxat bo‘lmasa-da, faqat qo‘llanma sifatida mo‘ljallangan. Kutubxonalar uni tekshiruv ro‘yxati sifatida qo‘llab, o‘zlariga xos bo‘lgan va faqat kam sonli ma’lumot bazalari taqdim etishi mumkin bo‘lgan mezonlarni qo‘shishlari mumkin [8].

Hajmning o‘zi ma’lumotlar bazalarini tanlash uchun asosiy mezoni emas. Ammo yirik ma’lumot bazalari ko‘pincha kengroq xizmatlar qatorini taklif qiladi, misol uchun o‘lcham ya’ni keng qamrovli ma’lumotlar. Kichik saytlar esa ko‘pincha yuqori darajadagi shaxsiy xizmat va ma’lum sohalarda ixtisoslashgan bilimlarni taklif qiladi. Katta va kichik ma’lumotlar bazalariga ham ehtiyoj bor, va qaysi birini tanlashingiz sizning talablaringizga bog‘liq bo‘ladi.

 

Resurslar bo‘yicha tajriba

Tajriba juda muhim. Bu kompaniya uzoq vaqtdan beri faoliyat yuritayotgan bo‘lishi kerakligini anglatmaydi, lekin tajribali xodimlarga ega bo‘lishi kerak. Yangi tashkil etilgan kompaniyalar ham yaxshi bo‘lishi mumkin, ammo ular reurslar sohasida tajribaga ega xodimlarga ega ekanligiga ishonch hosil qiling, va muammo yuzaga kelganda, tajribaga asoslangan muhokama uchun muammolaringizni hal qilishda kimga murojaat qilishingizni bilishingiz uchun ular kimligini bilib oling.

 

Kutubxonangiz turi bo‘yicha tajriba

Tanlagan ma’lumot bazangiz sizning kutubxona turidagi mijozlar bilan ishlash tajribasiga ega ekanligiga ishonch hosil qiling. Ba’zi ma’lumot bazalari, masalan, akademik kutubxonalar yoki korporativ kutubxonalar kabi muayyan turdagi kutubxonalarga ixtisoslashgan bo‘ladi. Agar kutubxonangiz katta kompaniyada bo‘lsa, faqat akademik ixtisosga ega ma’lumot bazasini tanlash sizga kerakli xizmatni yetkazib berish ehtimolini kamaytirishi mumkin.

 

Tajribaga ega bo‘lish

Xuddi shunday, tanlayotgan ma’lumot bazangiz siz talab qilayotgan material turi bilan ishlash tajribasiga ega ekanligiga ishonch hosil qiling. Masalan, agar sizga Sharqiy Yevropa yoki Arab materiallari bo‘yicha maxsus talablar kerak bo‘lsa, tanlagan agentlaringiz ushbu sohada tajribaga ega bo‘lishi va tegishli tillarda so‘zlasha oladigan xodimlarga ega ekanligiga ishonch hosil qiling. Ular eng arzon narxni bermasligi mumkin, lekin siz ko‘proq ishonchli va muammosiz xizmat olish ehtimoliga ega bo‘lasiz.

 

Moliyaviy barqarorlik

Tanlagan ma’lumot bazangiz moliyaviy jihatdan barqaror bo‘lishi juda muhim. Buni baholash qiyin bo‘lishi mumkin va bu har doim ham ilmiy ma’lumotlar bazasi hajmiga bog‘liq emas, lekin bu ahamiyatli bo‘lishi mumkin. Agar ilmiy ma’lumot bazasi bir necha yildan beri faoliyat yuritayotgan bo‘lsa va doimiy biznes o‘sishini ko‘rsata olsa, bu moliyaviy barqarorlikning belgisi bo‘lishi mumkin. Agar shubhangiz bo‘lsa, ularning so‘nggi yillardagi hisob-kitoblarini so‘rab ko‘ring. Agar ular yangi tashkil etilgan bo‘lsa, bankdan ma’lumotnoma taqdim etishni so‘rang.

Xizmat

Ilmiy ma’lumot bazasi tanlashdan oldin qanday xizmat turiga ehtiyojingiz borligini aniqlash juda muhim. Bu sizga kerak bo‘lgan ishni aniq belgilab olishni, uni qancha tez bajarish kerakligini va kim tomonidan amalga oshirilishini aniqlashni talab qiladi — bu ichki ishmi yoki tanlangan ma’lumotlar bazasiga topshiriladigan biror narsa bormi? Mijozlar talablarining o‘zgarishi bilan yaxshi xizmat ko‘rsatishni hech bir axborot bazasi umid qila olmaydi! Xizmat darajalari ehtiyojingizga qarab farq qilishi mumkin. Masalan, ba’zi kutubxonalar barcha materiallarni yig‘ish, qayd etish, hatto javonlarga joylash va kataloglash ma’lumotlarini qo‘shish va kutubxonaga katta hajmda jo‘natishni o‘z ichiga olgan to‘liq konsolidatsiya xizmatini talab qilishi mumkin. Boshqalari esa tezkor da’volar javobini kutishi mumkin. Axborot bazasi talablarni yaxshi bilishi va ularga muvofiq xizmat ko‘rsatish uchun zarur tizimlarga ega bo‘lishi kerak. Har doim tavsiyalar so‘rash mumkin.

 

Tavsiyalar

Tavsiyalarni olishda kutubxona uchun muhim xizmat elementlarini aniqlab olish va aynan shu masalalarda so‘rovlar qilish lozim. Umuman olganda, bu shunchaki umumiy savollar berishdan ko‘ra foydaliroq bo‘lishi mumkin. Ba’zan, tavsiyalar orasida ilmiy axborot bazasidan norozi ekanligini bildirganlar uchrab qolishi mumkin. Bunday holatda, ilmiy bazani nomzodlar ro‘yxatidan o‘chirib tashlashdan oldin, baza bilan suhbatlashish har doim foydali bo‘ladi, chunki ular mijoz bilan bog‘liq muammodan xabardor bo‘lishi va muammolarni to‘g‘rilashga ijobiy munosabat bildirishlari mumkin. Hech kim muammolar yuzaga kelishini xohlamaydi, lekin ilmiy ma’lumotlar bazalarida eng yaxshi narsa - bu muammolarni to‘g‘rilash uchun ma’suliyatli bazadir, u muammolar ularning aybi bo‘lsin yoki bo‘lmasin.

 

Hisobotlar va hujjatlar

Eng muhim mezonlardan biri ma’lumot bazasi tomonidan taqdim etiladigan hisobot bo‘lishi mumkin. Bu hisobot tushunarli, sodda va kutubxona ehtiyojlariga mos bo‘lishi kerak. Kutubxona o‘z ishlarini ma’lumotlar bazasining hisobotlariga asoslanib to‘g‘ri boshqara olishini ta’minlash uchun har doim namuna hisobotlarni ko‘rib chiqishga arziydi. Ma’lumotlar bazalarining mijoz ehtiyojlariga mos hisobotlarni tayyorlash qobiliyatlari turlicha bo‘lgani uchun, bu masalaga jiddiy e’tibor berish kerak. Ayniqsa, hisob-fakturalar, yangilash ro‘yxatlari va da’vo hisobotlari kabi asosiy hujjatlar kutubxona talablari asosida bo‘lishiga ishonch hosil qiling.

Masalan, bu oddiy bir qatorli hisob-faktura zarurligidan tortib, ichki byudjet talablaringizga mos keladigan tarzda yangilanishlarni aniq shaklda hisob-faktura qilishgacha bo‘lgan ehtiyojlar bilan farq qilishi mumkin.

 

Shaxsiy yondashuv

Ilmiy axborot bazalari va kutubxona o‘rtasidagi munosabatlar, odatda, juda yaqin bo‘ladi. Oxir-oqibat, bu ishonch va tushunishga asoslanadi, shuning uchun ma’lumotlar bazasini tanlashda eng muhim mezonlardan biri — kutubxona va bazaning ham professional, ham shaxsiy asosda birgalikda ishlashdan qulaylik his qilishidir. Bu insonlar bilan bog‘liq biznes bo‘lib, yaxshi shaxsiy ko‘nikmalarni talab qiladi.

 

Avtomatlashtirish

Ba’zi ma’lumot bazalari, ayniqsa yiriklari, yuqori darajada avtomatlashtirilgan yangilanishlar, da’volar va buyurtma berish jarayonlarini taklif qila oladi. Bu xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi va aks holda muntazam bo‘ladigan ma’muriy ishlarni, ayniqsa yangilanish davrida, yengillashtiradi. Avtomatlashtirish muntazam aloqa o‘rnatishni osonlashtiradi va kutubxona va nashriyot o‘rtasida ma’lumotlar kiritish sonini kamaytirib, xatolarni kamaytiradi. Kutubxona qanchalik yirik bo‘lsa, bunday to‘liq avtomatlashtirilgan xizmatlar shunchalik muhim bo‘lishi mumkin. Shuning uchun tanlayotgan ilmiy ma’lumotlar bazangizda yaxshi, mustahkam tizimlar mavjud ekanligiga, sizga kerakli avtomatlashtirish darajasini taqdim etishiga va siz talab qiladigan hisobotlar va hisob-fakturalarni yetkazib bera olishiga ishonch hosil qiling.

Respondentlardan elektron resurslar ma’lumotlar bazalariga obuna boʻlishda foydalanadigan turli xil mezonlarni tanlash soʻralgan. Oʻzbekistondagi universitet kutubxonalarida elektron manbalarni toʻgʻri tanlashda va obuna boʻlishda foydalaniladigan mezonlar boʻyicha ularga sakkizta variant berildi, oʻrtacha qiymatlar 2.3 dan 2.6 gacha boʻlgan, bularning barchasi 3 ballik reyting shkalasi boʻyicha aniqlangan. Aniqlanishicha, barcha respondentlar elektron resurslar ma’lumotlar bazalarini obuna uchun tanlashda bir nechta mezonlardan foydalanganlar. Quyidagi jadval (1- jadval) ularning javobini oʻrtacha qiymatda koʻrsatadi.

 

 

 

 

 

1-jadval. Elektron resurslar ma’lumotlar bazalariga obuna bo‘lishda ilmiy bazalarni tanlash mezonlari

Siz elektron resurslar taqdim etuvchi ma’lumotlar bazalariga obuna boʻlishda quyidagi mezonlarning qay biriga ko‘proq e’tibor qaratasiz?

№

Mezonlar

O‘rtacha qiymat

1

Yangilanishlar chastotasi (davri)

2.4

2

Litsenziyalash shartnomalarining mavjudligi

2.5

3

Elektron resurslarni taqdim etuvching obro‘si

2.3

4

Foydalanuvchilar tomonidan erkin foydalana olish imkoniyati

2.5

5

Qulay qidiruv va interfeysning mavjudligi funksionalligi.

2.5

6

Texnik yordam mavjudligi va sifati

2.4

7

Manbalarning qamrov sanalari

2.5

8

Obuna boʻlishning joriy qiymati (narxi)

2.6

 

 

Yuqoridagi tahlillarga asoslanib, elektron resurslar ma’lumotlar bazalariga obuna boʻlishda Oʻzbekistondagi universitet kutubxonalari tomonidan tanlov mezonlarining turlicha e’tiborga olinayotganini ko‘rish mumkin. Respondentlarga taqdim etilgan sakkizta mezon boʻyicha o‘rtacha reyting baholari 2.3 dan 2.6 gacha bo‘lgan bo‘lib, bu mezonlarning barchasi muhim deb topilganini ko‘rsatadi. 3 ballik reyting shkalasiga asoslanib olib borilgan baholashda, obuna boʻlish narxi (joriy qiymati) eng yuqori oʻrtacha baho — 2.6 ball bilan birinchi oʻrinda qayd etildi. Bu esa narx mezonining tanlovda asosiy omillardan biri ekanini anglatadi.

Shuningdek, elektron resurslarni taqdim etuvchi tashkilotning obro‘si esa o‘rtacha 2.3 ball bilan eng past bahoga ega boʻlgan. Bu holat, tanlov jarayonida yetkazib beruvchining obro‘si ikkinchi darajali mezon sifatida qaralayotganini ko‘rsatadi. Umuman olganda, kutubxonalar elektron ma’lumotlar bazalarini tanlashda bir nechta mezonlarga asoslanayotganlari kuzatildi va bu holat mazkur jarayonda kompleks yondashuv mavjudligini anglatadi.

 

TAVSIYALAR

O‘tkazilgan so‘rov natijalari va tahlillardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalari kutubxonalarida elektron axborot resurslarini tanlash va ularga obuna bo‘lish jarayonini tizimli va samarali tarzda yo‘lga qo‘yish maqsadida quyidagi tavsiyalarni ilgari surish mumkin. Ushbu tavsiyalar kutubxona faoliyatining ilmiy, axborot va texnologik jihatdan yanada rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, foydalanuvchilarning axborot ehtiyojlarini to‘liq va sifatli qondirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston universitet kutubxonalarining elektron fondni rivojlantirish bilan shugʻullanadigan xodimlarni oʻqitish uchun tashkilot byudjetidan universitet kutubxonalari uchun moliyaviy mablagʻlar ajratilishi;

Oʻzbekiston kutubxonalari oʻrtasida konsortsium tashkil qilinishi va bu kontsortsium tomonidan taqdim etiladigan chegirmalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish;

Kutubxonalar oʻz xodimlarini texnik koʻnikmalar va dasturiy ta’minot boʻyicha oʻqitishi va qayta tayyorlashi. Bu elektron resurslar bilan ishlashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday texnik muammolarni hal qilish uchun zarur.

Xulosa.

Raqamli ta’lim sharoitida akademik kutubxonalarning elektron resurslar fondini shakllantirishi ta’lim sifatini va ilmiy-tadqiqot samaradorligini oshirishda muhim rol oʻynaydi. Tadqiqot natijalariga koʻra, resurslarni tanlashda obuna narxi (2.6) eng ustuvor mezon boʻlsa, taqdim etuvchining obroʻsi (2.3) eng kam eʼtiborga olingan, shu bilan birga texnik qoʻllab-quvvatlash, qulay interfeys va litsenziya shartlari ham hal qiluvchi omillardir. Konsortsium orqali xarid qilish va obuna usullari byudjetni optimallashtirish, resurslarning diversifikatsiyasini ta’minlash imkoniyatlarini yaratadi. Oʻzbekiston universitet kutubxonalari uchun elektron fondni rivojlantirishda maxsus byudjet ajratish, xodimlarni zamonaviy texnologiyalar boʻyicha qayta tayyorlash, jarayonlarni avtomatlashtirish hamda tanlovda narx, sifat va texnik jihatlarni muvozanatlash tavsiya etiladi. Strategik jihatdan resurslarni boshqarish kutubxonalarning raqamli transformatsiyasini, ta’lim va tadqiqotlarning global talablarga moslashuvchanligini ta’minlashning asosiy yoʻlidir.

 

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati

Benny, L. Selection and acquisition of e-resources in academic libraries: Challenges. International Journal of Digital Library Services, 5(2), 2015. – Pp. 124–137.

Cabonero, D.A., & Mayrena, L.B. The development of a collection development policy. Library Philosophy and Practice (e-journal), 2012. – p. 804.

Creibaum, L., & Hollway, S. Introduction to electronic resources acquisition. Proceedings of the Charleston Library Conference, 2017. https://dx.doi.org/10.5703/1288284316672

Davis, T.L. The evolution of selection activities for electronic resources. Library Trends, 45(3), 1997. – Pp. 391–403.

Ganiyeva, B., & Ziyodullayeva, G. Kolleksiyalarni yaratish [Matn]: o‘quv qo‘llanma. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU. – Toshkent: Metodist nashriyoti, 2024. – 282 b.

Ifeoma, F. Selection and Acquisition of electronic Resources in University Libraries in South East Nigeria: Challenges. Library Philosophy and Practice (e-journal), 2018. https://digitalcommons.unl.edu/libphilphilprac/183

Jahon axborot resurslari. Darslik. – Toshkent: Nihol print, 2021. – 199 b.

Nwosu, C.C., & Udo-Anyanwu, A.J. Collection development in academic libraries in Imo State Nigeria: Status analysis and way forward. International Journal of Advanced Library and Information Science, 3(1), 2015. – Pp. 126–135. http://scientific.cloudjournals.com/index.php/IJALIS/article/view/Sci-301

Satapathy, S.K. Collection Management in Digital Environment. In K.C. Das (Ed.), Application of Information Technology in Libraries. – SSDN Publishers & Distributors, 2012. – Pp. 57–62.

Turner, Rollo. Criteria for selecting a subscription agent. Serials, Vol. 14, No. 1, March 2001. – Pp. 63–67.